Toshkent 200-o‘rinda: xorijlik mutaxassislar uchun 2024 yildagi eng yaxshi shaharlar reytingi e’lon qilindi
Mercer kompaniyasi qaysi shaharlar xorijlik muhojirlarga eng yaxshi sharoit taklif etishi haqida yillik hisobotini e’lon qildi. 2023 yilda ro‘yxatda Avstriyaning Vena shahri yetakchilik qilgan bo‘lsa, bu safar Shveytsariyaning Tsyurix shahri g‘oliblikni qo‘lga kiritdi..
Ekspatlar uchun Tsyurixning nimasi yaxshi?
Mercer hisobotida aytilishicha, Tsyurixning tanlanishi “sifatli davlat xizmatlari, jinoyatchilik darajasining pastligi va faol madaniy hayotga asoslangan”. Samarali infratuzilma va barqaror rivojlanishga intilish bularga qo‘shimcha bo‘ladi.
Hisobotda, shuningdek, shahar aviatsiyasi yaxshilangani ta’kidlangan: 2024 yil yozida boshqa qit’alarga borish-qaytish reyslari ko‘paytirildi. Endi Tsyurixdan SWISS aviakompaniyasi orqali Seul, Shanxay, Vashington va Torontoga, shuningdek Tunisair va boshqa aviakompaniyalar bilan Tunis va Jyerbaga uchish mumkin.
“2024 yilda Tsyurixda Atlanta, Klouj, Jyerba, Koshitsa va Tunisga parvozlar yo‘lga qo‘yildi, buning natijasida xorijliklarg uchun uyga borish va qaytish har qachongidan osonlashdi”, — dedi aviakompaniyalar yo‘nalishlari bo‘yicha tahlilchi Jyeyms Pirson Euronews Trave kompaniyasiga.
Tsyurixda 400 000 dan ortiq shveysariyalik bo‘lmagan aholi istiqomat qiladi, bu esa uni mamlakatdagi eng yirik xorijiy jamoaga ega shaharga aylantiradi. Biroq Tsyurixda joylashgan kadrlar tanlovi va loyiha xizmatlari bo‘yicha Rigby AG kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu shahar yashash uchun qimmat, ayniqsa ijarada turuvchilar uchun.
Tsyurixda yashash narxi reytingda ikkinchi o‘rinni egallagan Venadagiga qaraganda 71,8 foiz yuqori. Xususan, uy-joy ijarasi narxlari Venadagidan 127,6 foiz baland, oziq-ovqat mahsulotlari esa taxminan 65 foizga qimmatroq. Biroq bu yerda ish haqi ham yuqori bo‘lgani sababli, chet ellik mutaxassislar daromad topa boshlashi bilan turmush tarzi yaxshilanishni boshlaydi.
Tsyurix shahri muntazam ravishda yuqori turmush darajasi bilan ajralib turadi. 2024 yilgi dunyoning eng baxtli shaharlari ro‘yxatida u Daniyaning Orxus shahridan keyin ikkinchi o‘rinni olgan. 2024 yilgi IMD Smart City Index xalqaro reytingida Tsyurix ketma-ket beshinchi yil birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. Bundan tashqari, Yevropa Komissiyasi uni Yevropaning yashash uchun eng qulay shahri sifatida e’tirof etgan.
Yevropaning yana qaysi shaharlari ekspatlarni o‘ziga tortadi?
Mercer hayot sifati indeksidagi eng yaxshi 10 ta shaharning sakkiztasi Yevropa shaharlari bo‘lib, faqat Oklend va Vankuver bundan mustasno.
Yuqori reytingga ega boshqa shaharlar orasida Vena ham bor. U 2023 yildagi birinchi o‘rindan bir pog‘onaga pastlagan. Shveytsariyadagi Jyeneva ikki pog‘onaga ko‘tarilib, bu yil uchinchi o‘rinni egalladi.
Kopenhagen to‘rtinchi o‘rinni saqlab qoldi, Amsterdam esa sakkiz pog‘onaga ko‘tarilib, beshinchi o‘rinni egalladi. Eng yaxshi o‘ntalikda Frankfurt bir pog‘ona pastlab, yettinchi o‘rinni egallab, Vankuver bilan tenglashdi, Shveytsariyaning boshqa ikki shahri — Bern va Bazel esa mos ravishda to‘qqizinchi va o‘ninchi o‘rinlarni egalladi.
Shuningdek, ro‘yxatda sakkiz pog‘onaga ko‘tarilib 18-o‘rinni egallagan Shvetsiyaning Stokholm shahri hamda 12 pog‘ona sakrab 27-o‘rinni band etgan Lissabon ham katta yutuqlarga erishdi.
Reytingda eng ko‘p pastlagan shahar Germaniyaning Shtutgarti bo‘ldi. U 20 pog‘onaga tushib, 46-o‘rinni egalladi. Mercer bunday keskin pasayish sababini keltirmagan bo‘lsa-da, mutaxassislar shahar aholisining kundalik hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgan “Shtutgart 21” bahsli infratuzilma loyihasini esga oldi.
Markaziy Osiyo shaharlari qanday o‘rinlarni egalladi?
Mercer reytingiga Markaziy Osiyoning yirik shaharlari ham kiritilgan. Xususan, Qozog‘istonning Olmaota shahri 179, Ostona shahri 186-o‘rinda turibdi. Toshkent esa ro‘yxatning 200-pog‘onasidan joy olgan. Bishkek 212, Dushanbe 216, Ashxobod 222-o‘rinda xorijlik mutaxassislar uchun taklif etilmoqda.
Ekspatlar yashashi uchun dunyoning eng yomon joylari qayer?
Mercer reytingiga beshta qit’adan 241 ta shahar kiritilgan. Ro‘yxatning quyi qismidagi ko‘plab shaharlar Afrika va Yaqin Sharqda joylashgan, eng oxirgi o‘rinni esa Sudan poytaxti Xartum egallagan.
Shuningdek, Iroqdagi Bag‘dod, Markaziy Afrika Respublikasidagi Banga, Yamandagi Sanu va Haitidagi Port-o-Prens ham ro‘yxatning quyi pog‘onalarida turadi.
Bu yil reytingda Amerikaning ayrim shaharlari yuqoriladi. Ayniqsa, Kaliforniyadagi Los Anjyeles eng katta muvaffaqiyatga erishdi: u 26 pog‘ona ko‘tarilib, 44-o‘rinni egalladi. Rivojlanayotgan boshqa shaharlar orasida Atlanta, Dallas va Boston ham bor.
Mercer xorijlik mutaxassislar va ularning oilalari hayotining amaliy jihatlarini doimiy o‘rganish asosida hayot sifatini baholaydi.
“Bugungi kunda mobil iste’dodlarni zamon talabiga mos boshqarish bilan bir qatorda yuqori turmush sifati va arzon yashash xarajatlarini uyg‘unlashtirgan sohalar eng ko‘p muvaffaqiyatga erishmoqda”, — deb ta’kidladi kompaniya.
Mavzuga oid
21:17 / 18.12.2024
Reuters: YeI davlatlari Ukrainaga 100 ming nafargacha tinchlikparvar kuchlarni yuborishni muhokama qilmoqda
09:50 / 18.12.2024
Yevropada keksa kishilarni aldagan firibgarlar tarmog‘i fosh etildi
12:33 / 13.12.2024
Yevropa davlatlari Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini va’da qildi
17:36 / 10.12.2024