Jamiyat | 16:18 / 17.02.2017
51035
6 daqiqa o‘qiladi

Islom va musulmonlarsiz dunyo ahli nimalarga erisha olmagan bo‘lar edi

Illyustrativ surat

So‘nggi o‘n yillarda, aytish mumkinki, dunyoning turli burchaklari, ayniqsa, g‘arb mamlakatlarida musulmonlarni yomon ko‘rish – islomofobiya holatlari ko‘p uchramoqda. Jamiyatdagi bunday salbiy ko‘rinishlar tobora avj olib borayapti. Xususan, davlat hukumatlari darajasida Islom dini va madaniyatiga xos bo‘lgan ayrim jihatlarni qoralash yoki tanqid qilish, yoxud umuman taqiqlash hollari kuchaymoqda. 

Mana masalan: Istanbuldagi navbatdagi terakt 38 kishining umriga zomin bo‘ldi; Misrdagi jihodchilar 20 nafar kopt nasroniyni ibodatxonaning o‘zida portlatdi; Nigeriyada 7-8 yoshdagi hudkush qizlar bozorda o‘zini portlatib yubordi, buning oqibatida 56 nafar mahalliy nasroniy hayotdan ko‘z yumdi… Suriya hukumati qadimgi Palmirani yana IShIDga boy berdi, endi bu shahar butunlay vayron etiladi. 

Bu kabi xabarlardan so‘ng, musulmonlarning barchasini oq-u qora demay baravar yomon ko‘rish mumkin. Ayniqsa, nasroniylar ko‘pchilikni tashkil etuvchi mamlakatlarda istiqomat qilgan kishi shunday xulosaga kelishi oson. Ammo, haqiqatdan ham dunyo musulmonlarsiz yanada yaxshiroq bo‘larmidi? Bu savolga eng yaxshi javobni Tumblr ijtimoiy tarmog‘idan topdik.

Demak, agar dunyoda musulmonlar bo‘lmaganida dunyo hayoti yanada yaxshiroq bo‘ladi, deb o‘ylagan kimsa, bilib qo‘ysinki, unda kamida quyidagilar ham bo‘lmas edi: 

Qahva; fotokameralar; tajribaviy fizika; shohmot; sovun; shampun; atirlar; kosmetika mahsulotlari; sug‘orish tizimi va qishloq xo‘jaligidagi inqiloblar; ichki yonuv dvigateli, klapanlar va porshenlar; kodli qulflar; arxitektura sohasidagi innovatsiyalar — jumladan, gotik uslubidagi soborlar, aylana minoralar, gumbazlar va mozaikalar; turli xil jarrohlik asbob-uskunalari; og‘riqsizlantiruvchi vositalar; shamol tegirmonlari; patqalam; algebra va trigonometriya; zamonaviy kriptologiya; xrustal bokallar; gilamlar; landshaft dizayni va bog‘larning dam olish uchun muhimligi borasidagi tushuncha; universitetlar; zamonaviy optika; oddiy fuqarolar uchun musiqa; tish cho‘tkalari; dengiz kompasi; alkogolsiz gazli ichimliklar; Brayl shrifti; kalligrafiya – husnixat san'ati; shisha; qog‘ozlar, xarita, globus, …

Yorug‘lik (jumladan, qadimgi greklar kabi) odamlar va boshqa buyumlarda emas, balki ko‘zimizda sinishini anglagan va tushungan dunyodagi eng birinchi inson musulmon kishi edi. Bu kashfiyot fotoapparat paydo bo‘lishiga asos bo‘ldi. Birinchi bo‘lib musulmon odam 852 yildayoq o‘ziuchar qurilmani yasashga urinib ko‘rdi. Bu aka-uka Raytlardan ming yil avval amalga oshirilgandi. Ikkala holatda ham bir odam Jobir ibn Hayyon haqida so‘z bormoqda. Bu olim bugungi kunda zamonaviy kimyo fani asoschisi hisoblanadi. Aynan u hech kimga tushunarli bo‘lmagan «alkimyo»ni zamonaviy kimyo faniga aylantirdi. 

U birinchi bo‘lib, insoniyat uchun distillash, filtrlash, oksidlanish, bug‘lanish kabilarni angladi va «kashf» qildi. Aynan Hayyon oltingugurtli va azotli kislota haqida ma'lumot berdi. 

Yana bir Islom olami olimi Al Jazariy robot texnikalarining asoschisi hisoblanadi. Ha aytgancha, Genrix V (1413-1422 yillarda Angliya qiroli) qasrining arxitektori ham musulmon bo‘lgan. U bo‘lmaganida Yevropa arxitekturasi qay ahvolda bo‘lar edi, taxmin qilish qiyin?

Musulmonlar Jyenner va Paster dunyoda birinchi bo‘lib emlashning foydasini anglab, amaliyotda qo‘llay boshlashgan. Shu sababli insoniyat chechak kabi dahshatli kasallikni mag‘lub etdi. G‘arb olami ushbu davolash usulini shunchaki Turkiyadan ko‘r-ko‘rona ko‘chirgan. 

Maqolani o‘qishga yordam berayotgan kompyuter, planshet yoki telefon ham musulmonlarsiz bo‘lmasligi aniq edi. Birinchidan, aynan Islom olimlari algebra (Al Xorazmiy – kompyuter texnologiyasida qo‘llaniladigan algoritm iborasi uning lotinchadagi ismidir) va trigonometriya asoschilaridir. Bu fanlar Yevropaga Sharqda paydo bo‘lganidan 300 yil o‘tib kirib keldi. Ikkinchidan Stiv Jobsning otasi ham asli kelib chiqishi suriyalik musulmon kishidir. 

Nihoyat, Yerning shar shaklida ekanini musulmonlar birinchi anglashdi. Ular buni Galileydan 500 yil avval bilishdi. Shu o‘rinda bir mulohaza: nasroniylar Galileyni ixtirosi uchun o‘tda kuydirishdi.

Ha, bu ro‘yxatni istagancha davom ettirish mumkin. Unda shubhasizki, O‘zbekiston hududida yashab o‘tgan dunyoga mashhur olimlar ham borligi kishini quvontiradi… Shunday ekan, musulmonlar istiqomat qilmaydigan dunyoni terrorchilardan xoli tasavvur qilgan kishiga ko‘proq kitob mutoaala qilishni tavsiya qilgan bo‘lar edik. 

Islom diniga e'tiqod qiluvchilarning barchasini dahshatli jinoyatlarda gumon qilish yoki ayblash — bu norvegiyalik terrorchi Anders Breyvik qilmishi uchun har qanday oq tanli yevropalikni ayblash yoki qora tanlilarni ular qora tanli bo‘lganligi uchun otib tashlayotgan amerikalik politsiyachilar aybida boshqa amerikalik oq tanlilarni ham ayblash bilan barobardir. Bugungi dunyoda 1,5 mlrd musulmon istiqomat qiladi. Ularning aksariyati esa, boshqa insonlar kabi yashashni istaydi. 

Mavzuga oid