Jamiyat | 11:12 / 06.03.2017
25980
3 daqiqa o‘qiladi

Mehribon Aliyeva ota-onasiz o‘sgan yoshlarning nikoh to‘yini tashkillashtirib, kutilmagan sovg‘a taqdim etdi

4 mart kuni Ozarbayjonda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan Yasmin va Ibrohim Abzotovlarning to‘y marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosim Ozarboyjonning birinchi vitse-prezidenti va Haydar Aliyev fondi prezidenti Mehribon Aliyeva tashabbusi bilan tashkillashtirildi. Oxu.Az shu haqida xabar qildi

Manbaga ko‘ra, ota-ona qaramog‘idan erta mahrum bo‘lgan Yasmin va Ibrohim Nizomiy tumanidagi 1-sonli bolalar uyida voyaga yetishgan. Ularning muhabbat tarixi ham shu maskanda boshlangan. 

"Birorta bola davlat qaramog‘idan chetda qolishi kerak emas. Davlat qaramog‘iga o‘tgan bolalar yolg‘iz hisoblanmaydi, ular bizning, davlatning, Ozarboyjonning farzandlariga aylanadi".

O‘z faoliyati davomida Haydar Aliyevning shu so‘zlariga qat'iy amal qilib keluvchi fond ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ta'lim va tarbiyasiga katta e'tibor qaratadi. 

Fond prezidenti Mehribon Aliyeva, vitse-prezident Leyla Aliyeva muntazam ravishda bolalar uyi va maktab-internatlarni ziyorat qilishadi, ularning kundalik ehtiyojlari, ta'lim-tarbiyasi, dam olish kunlarini qanday o‘tkazishi bilan qiziqishadi, shuningdek bolalarni qo‘llab-quvvatlashadi. 

Mehribon Aliyeva bu bolalarning kelgusidagi hayoti haqida ham g‘amxo‘rlik qiladi. Uning tashabbusi bilan ota-ona qaramog‘idan mahrum, bolalar uyini tark etgan yoshlar uchun Absheron va Nizomiy tumanlarida turar-joylar qurilgan. Bundan tashqari, bu yoshlarning ishga joylashishiga ham katta ko‘mak beriladi. 

Haydar Aliyev fondi xodimlari turli bayram va tantanalarni bolalar uyi tarbiyalanuvchilari bilan birga nishonlashi odat tusiga kirgan. 

Kecha Haydar Aliyev fondi bu katta oila a'zolari hisoblangan ikki yoshning hayotidagi eng muhim kunlardan biri - nikoh to‘yini o‘tkazdi. 

Kuyov Ibrohim Abzotovning 17 yillik do‘sti Hajron Navro‘zov yoshlarga baxt tilab, shunday dedi: "Ibrohim - faol, bilimli va mard yigit. Men uni 11 yoshimdan bilaman. Bu vaqt ichida biz qalin do‘st tutindik. Ota-ona mehridan mahrum bolalarga ko‘rsatayotgan e'tibori uchun Mehribon Aliyevadan minnatdorman".

Yasmin Abzotova 1994 yilda Olachodirli qishlog‘ida dunyoga kelgan. 2001 yilda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, 1-sonli bolalar uyida tarbiyalangan. 2012 yilda maktabni tugallab, Ozarboyjon jahon tillari universitetining xalqaro munosabatlar fakultetiga o‘qishga kirgan. 2016 yilda universitetni tamomlab, shu kunga qadar Haydar Aliyev markazida ishlab keladi. 

Haydar Aliyev nomidagi fond yoshlarni turar-joy bilan ham ta'minladi. Bundan tashqari, nikoh oqshomida kelin va kuyovga vitse-prezident Mehribon Aliyeva nomidan avtomobil sovg‘a qilindi. 

Mavzuga oid