Jahon | 23:47 / 07.03.2017
73863
3 daqiqa o‘qiladi

Ehtiyot bo‘ling! AQSh markaziy razvedkasi sizni eshitmoqda va kuzatmoqda

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi va Britaniyaning MI-5 kontrrazvedkasi ko‘p maqsadli Samsung Smart TV televizorlarini ayg‘oqchilik qilish qurilmasi sifatida qo‘llashga imkon beruvchi usulni topgan. Bu haqda WikiLeaks tvitterda ma'lum qildi. 

WikiLeaks uning aytishicha, MRBga tegishli katta hajmdagi hujjatlarni ochiq foydalanishga qo‘yib yuborgan.

Hujjatlarga ko‘ra, maxsus xizmatlar "Yig‘layotgan farishta" (Weeping Angel) deb nomlangan dastur ishlab chiqishgan. Bu dastur televizorga o‘rnatilgach, u zararlangan qurilmani "yolg‘on o‘chish" rejimiga o‘tkazadi va uning egasi televizor o‘chgan deb hisoblaydi, vaholanki unday bo‘lmaydi. Bu rejimda televizor xonadagi barcha suhbatlarni yozib oluvchi qurilmaga aylanadi va yozib olingan ma'lumotlarni internet orqali MRBning maxfiy serveriga jo‘natadi.

WikiLeaks ma'lumotlariga ko‘ra, 2014 yil oktabrda MRBda zamonaviy avtomobillar va yuk mashinalarining kompyuter tizimlarini buzib kirish imkoniyati o‘rganilgan. Bu MRBga nima uchun kerak bo‘lgani ayon emas. Biroq WikiLeaks’ning ta'kidlashicha, bu hech qanday izlar qoldirmasdan, yo‘l-transport hodisalari uyushtirishga imkon beradi.

Shuningdek, MRB mobil telefonlar, jumladan iPhone orqali odamlar ortidan ayg‘oqchilik qiluvchi dasturlarni yaratgan. 

MRBning mobil telefonlar uchun javob beruvchi bo‘limi "ommabop telefonlarni masofadan turib buzib kirish va boshqarish uchun" turli usullarni ishlab chiqqan. Zararlangan telefonlarga MRBga foydalanuvchining joylashgan o‘rni haqida ma'lumot yuborish haqida buyruq berilishi mumkin. Shuningdek, suhbatlar, yozishmalarga ham ruxsat ochilgan. Bundan tashqari, masofadan turib smartfondagi mikrofon va kamera ishga tushirilishi mumkin bo‘lgan. 

Zararli dasturlar nafaqat iPhone, balki iPad planshetlari uchun ham mo‘ljallangan bo‘lgan. WikiLeaks’da ta'kidlanishicha, Apple qurilmalari dunyoda eng ko‘p tarqalgan hisoblanmasa-da, "jamoat arboblari, siyosatchilar, diplomatlar va tadbirkorlar" orasida keng tarqalgan. 

Bundan tashqari, MRBda Samsung, HTC, Sony kompaniyalari ishlab chiqaradigan, Android operatsion tizimidagi smartfonlarni buzib kirish usuli topilgan.  

 

Mavzuga oid