Jahon | 12:14 / 07.03.2017
7055
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziya KXDRdan o‘z fuqarolari darhol ozod etilishini talab qildi

Malayziya bosh vaziri Najib Razzoq KXDRdan o‘z mamlakatining barcha fuqarolarini darhol ozod etishni talab qildi. Bu haqda Reuters agentligi bosh vazir rasmiy bayonotiga asosan xabar bermoqda.

Malayziya elchixonasi ma'lumotiga ko‘ra, Shimoliy Koreyada mamlakatning 11 nafar fuqarosi bor.

Malayziya hukumati rahbari mamlakat milliy xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini ham chaqirdi. Bu KXDR bilan diplomatik mojaro keskinlashgach, ro‘y berdi.
Ta'kidlanishicha, Najib Razzoq Shimoliy Koreya hukumatining Malayziya fuqarolarini chiqarmaslik haqidagi qarorini “kechirib bo‘lmas holat va xalqaro huquq normalarining qo‘pol ravishda buzilishi” deya atadi.

Razzoqning qayd etishicha, politsiyaga mamlakat hududidan shimoliy koreyalik fuqarolarni chiqarmaslik haqida ko‘rsatma bergan. “Bu biz Shimoliy Koreyada bo‘lgan barcha fuqarolarimiz xavfsizligiga ishonch hosil qilmagunimizga qadar davom etadi”, - dedi u.

Malayziya va KXDR o‘rtasidagi diplomatik mojaro Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning o‘gay akasi Kim Chen Namning Kuala-Lumpur aeroportida mudhish qotillik oqibatida o‘ldirilganidan so‘ng avj oldi. Avvaliga KXDR TIV mamlakatda bo‘lgan Malayziyaning barcha fuqarolariga uni tark etishni ta'qiqladi. Ko‘p vaqt o‘tmay Malayziya hukumati ham shunday qaror qabul qildi.

Mavzuga oid