AQShga o‘nlab davlatlardan keluvchi samolyotlarga elektron qurilmalar olib o‘tish taqiqlanmoqchi
AQSh hukumati AQShga 13 ta davlatdan, jumladan Saudiya Arabistoni va Iordaniyadan keluvchi samolyotlar bortiga elektron qurilmalar olib o‘tishni taqiqlamoqchi. Bu haqda Oq uy vakiliga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.
Ta'kidlanishicha, turli gadjyetlarga taqiqlov terrorchilik xavfi bilan bog‘langan.
Ma'lumotlarga ko‘ra, AQShning transport xavfsizligi bo‘yicha ma'muriyati (TSA) 13 ta davlat aviakompaniyalaridan yo‘lovchilariga samolyot saloniga mobil telefon o‘lchamidan kattaroq bo‘lgan elektron qurilmalarni olib o‘tishlarini taqiqlashni maxfiy ravishda talab qilgan. Mobil telefonlar taqiqlov ostiga tushmaydi. Taqiqlov ostiga noutbuklar, planshetlar, Kindle elektron kitoblari va hattoki kameralar tushadi.
Ushbu "maxfiy farmoyish" aviakompaniyalarga elektron pochta orqali yuborilgan. Maktub yuborilgan aviakompaniyalar orasida Saudia Airlines (Saudiya Arabistoni) va Royal Jordanian (Iordaniya) bor. Iordaniya aviakompaniyasi taqiqlov haqida tvitterda ma'lum qilgan, biroq keyinroq uni o‘chirib tashlagan.
Hujjat aviakompaniyalarga 20 mart kuni jo‘natilgan va talablar bajarilishiga 96 soat vaqt berilgan.
Yangi taqiqlov 21 mart kuni e'lon qilinishi kutilmoqda.