Jahon | 23:00 / 28.03.2017
6185
3 daqiqa o‘qiladi

Peru prezidenti tabiiy ofat paytida suzish havzasida bo‘lgan vazir o‘rinbosarini ishdan chetlatdi

Peru prezidenti Pedro Pablo Kuchinski qishloq xo‘jalik vazir o‘rinbosari Eufrosina Santa-Mariya Rubioning lavozimidan chetlatilishi haqida ma'lum qildi. La Republica mahalliy gazetasida ta'kidlanishicha, iste'foga doir qaror amaldorning xatti-harakatidan norozi jamoatchilik fikri asosida qabul qilingan. Ma'lumotlarga ko‘ra, u o‘z ish vaqtining muayyan qismini suzish havzasida toblanib yoki velosiped uchib o‘tkazgan. 

"Ha, u ishdan chetlatildi. Hukumatning tarkibiga kirgan odam ishlash uchun keladi", - deydi Kuchinchki. 

Gap shundaki, mahalliy OAVda ish vaqtining o‘rtasida suzish havzasida toblanayotgan yoki velosipedda sayr qilayotgan Eufrosina Santa-Mariya Rubioning suratlari chop etilgan. Bu suratlar so‘nggi haftalarda suv toshqinlari va ko‘chkilar o‘nlab kishilarni hayotdan olib ketgan va infrotuzilmaga ko‘p milliardli ziyon yetkazgan Peruda norozilik kayfiyatini uyg‘otdi. O‘z navbatida, Santa-Mariya  tushlik vaqtida biroz dam olish uchun suzish havzasiga borganini aytgan. "Men haqiqiy stressni boshimdan o‘tkazyapman, bo‘sh vaqtim umuman yo‘q, ba'zida kabinetimning o‘zidayoq ko‘zim uyquga ketadi", - deya ta'kidlagan u. 

Peru qishloq xo‘jalik vazirligida amaldor milliy ko‘lamdagi favqulodda holat vaqtida yo‘l qo‘yilgan "etikaning buzilishi tufayli" ishdan chetlatilgani aytilgan. Idorada Santa-Mariyaga qarshi jinoiy ish ochilishi ham mumkinligi qayd etilgan.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning dekabridan buyon Peruda davom etib kelayotgan kuchli yomg‘irlar, suv toshqinlari va ko‘chkilar natijasida halok bo‘lganlar soni 94 nafarga yetgan. 

Bundan tashqari, tabiiy ofatlar natijdasida 347 kishi turli jarohatlar olgan, yana 20 nafari esa izsiz yo‘qolgan. Suv toshqinlari va ko‘chkilar 14 mingdan ziyod turar-joyni vayron qilgan, yana 165 mingtasiga esa ziyon yetgan. 

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, so‘nggi o‘n yillikdagi eng kuchli yomg‘irlar El-Nino iqlim fenomeni natijasida yuzaga kelgan. 

Mavzuga oid