Jamiyat | 14:08 / 29.03.2017
5366
2 daqiqa o‘qiladi

Xanchjouda bo‘ydoqlar va ajrashganlarga ikkinchi kvartira xarid qilish taqiqlandi

Xitoyning Chjetszyan provinsiyasidagi Xanchjou shahri hukumati bo‘ydoqlar va ajrashganlarga ikkinchi kvartira xarid qilishni taqiqladi. Bu haqida Xitoy xalqaro radiosi (CRI) xabar berdi. 

Ta'kidlanishicha, bunday chora uy-joy bozoridagi "nayranglar"ning oldini olish maqsadida qabul qilingan. Bundan tashqari, boshqa toifadagi kishilar uchun shaharda ikkinchi uy-joyni xarid qilishda dastlabki to‘lov o‘z narxidan 60 foizga oshirilgan. Korporativ mijozlar esa ko‘chmas mulkni qo‘lga kiritgan vaqtdan boshlab uch yil davomida uni sotish huquqiga ega emaslar. 

Xitoy xalqaro radiosining xabar berishicha, ilgari ajrashgan shaxslar uy-joy xarid qilish va uni sotishda soliq to‘lashdan ozod bo‘lishgan. Shu munosabat bilan ko‘plab fuqarolar ko‘chmas mulk operatsiyalarini amalga oshirish uchun fiktiv ajrimlarni rasmiylashtirishar, keyin esa qayta oila qurishardi. 

Manbada ta'kidlanishicha, yanvar-fevral oylarida XXR qurilish sektoriga kiritilgan sarmoyalar 8,9 foizga, sotuvlar esa - 26 foizga o‘sgan, shu bois mamlakat hukumati uy-joy va tijorat maydonlari narxining oshishidan xavfsiramoqda. 

Mavzuga oid