Fan-texnika | 14:38 / 18.04.2017
14453
10 daqiqa o‘qiladi

«Tesla’ning sovun ko‘pigi kattarib, qo‘rqinchli tus olmoqda»

Business Insider Tesla aksiyalarining keskin o‘sayotganligi haqida.

Aprel oyi boshlarida Tesla’ning bozor kapitalizatsiyasi General Motors kapitalizatsiyasidan ham oshib ketdi va 51 mlrd. dollarga yetdi. Bu 2016 yilning katta qismi mobaynida Tesla baholanib turgan narxdan 15 milliard dollarga, Ford bahosidan esa 7 milliard dollarga ko‘proq.

Buning asosida aytarli hech vaqo yo‘q, deb yozadi Business Insider. Chunki Tesla’ning biznes asosi o‘tgan yilning oxiridan buyon o‘zgarmagan. Shu yilning birinchi choragida yetkazib berilgan mashinalar soni butun 2017 yil uchun tus bergan, bu esa 12 oy ichida kompaniya 100 ming avtomobil ishlab chiqaradi, degani — o‘tgan 2016 yildagiga nisbatan bor-yo‘g‘i 20 mingtaga ko‘proq.

Yaqinda ro‘y bergan narxdagi sakrashlarga sabab qilib, «shortistlar»ni (narxni tushiruvchi o‘yinchilar) ko‘rsatish mumkin, ularning asabi dosh bermay, sotib yuborgan aksiyalarini yana qaytadan sotib ola boshlashgan, deb yozadi jurnalistlar.

Business Insider: «Bu mantiqli tushuntirish, chunki Tesla aksiyalarini Wall Street’da doim «short» qilishadi va so‘nggi paytda narxni yerga uruvchi o‘yinchilar jiddiy talofat ko‘rishgan. S3 Partners tahlil firmasi ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilda Tesla «short»larida 3,2 milliard dollar yo‘qotilgan.

Biroq Tesla’ning qiymati uning asosiy biznesi — qimmatbaho elektromobillar yaratish va sotish hisobiga haddan ziyod yuqori baholangani va kompaniya aktivlari bor-yo‘g‘i bir necha milliard dollardan iboratligi hisobga olinsa, sarmoyadorlar uchun Tesla kelajagini baholashni qayta ko‘rib chiqish mantiqli yo‘l bo‘lar edi». 

Ayni paytda, aksiyalar keskin oshayotgan onda kompaniyaning birinchi chorakdagi daromadlari kompaniya qiymatini yanada ratsional baholash imkoniyati sifatida ko‘rinmoqda. Bundan tashqari, bu hol yangi sarmoyadorlarni shunday ahvolga solib qo‘yadiki, bunda ularning aksiyalari ulushi xira tortib qoladi.

Lekin, nima bo‘lganda ham aksiyalar o‘sishining umumiy dinamikasi ijobiy, kompaniya aksiyalari narxi har doim o‘zgaruvchan bo‘lgan, deyishadi ekspertlar. Elon Maskning o‘zi esa kompaniya aksiyalarini «short» qiluvchilar ustidan mudom kulib yuradi.

«Shortvillda to‘fondan ogohlantirish»

Tahlikali o‘sish

Real yangiliklar chiqmay turgan bir sharoitda va komaniya joriy yilda to‘qnash keladigan ko‘plab muammolar hisobga olinsa, Tesla bahosining shitob bilan o‘sayotgani bozorda xavotir keltirib chiqarmoqda.

Tesla aksiyalarida o‘yin qiladigan «ho‘kizlar»ning aytishicha, Elon Mask kompaniyasi kelajakda General Motors va Ford’dan ham kattaroq bo‘lishini bashorat qilishmoqda, chunki elektrotransport ichki yonuv dvigateli bilan harakatlanuvchi transportlarni keyingi o‘n yilliklar mobaynida siqib chiqarishi aniq, u vaqtga kelib Tesla eng yirik brend sifatida katta ustunlikka ega bo‘ladi. 

Ha, kompaniya ayni paytda zararga ishlamoqda, faqat bu hol Amazon (trillion dollar kapitalizatsiyaga ega bo‘lishi bashorat qilingan ilk kompaniya) singari har bir dollarni rivojlanishga sarflab, biznesni kengaytirish yo‘lida harakat qilayotgani uchun yuz bermoqda — ular nafaqat avtomobillar, quyosh panellari, tomlari, akkumulyatorlar, energiya saqlovchi tizimlar, quvvatlash stansiyalari va dasturiy ta'minot ustida ish olib borishmoqda.

«Ayiqlar» (aktivlar va bozorlar qiymati tushishini umumiy holda prognoz qiluvchi qisqa pozitsiyadagilar) esa Tesla shunchaki kapitalni yo‘q qilish sxemasi ekanligi borasidagi fikrlarida sobit.

Ular komaniya mavjud bo‘lgan 10 yil ichida ham pul ishlashga qobiliyatsiz bo‘lganligini, yana Maskning biznesni bir joyga to‘plash o‘rniga harakatda davom etib, masalan, byudjyetli elektromobil chiqarish rejasini bot-bot tilga olishmoqda. Yoki energiyani saqlash biznesini aytishmoqda. Yoki ziyon bilan ishlayotgan SolarCity kompaniyasini 2 mlrd. dollarga xarid qilganligini. Agar aksiyalar qiymatining o‘sayotganligi rostdan ham kelajakdagi pul oqimidan darak berayotgan bo‘lsa, bu o‘sish o‘sha oqim nolga teng bo‘lishi ham mumkinligini bildiradi, deydi ular. 

Business Insider: «Har ikki nuqtai nazar kompaniyaning yaqqol ko‘zga tashlanib turgan muammosini e'tibordan chetda qoldirmoqda. Tesla — hanuzgacha avtomobilsozlikni ko‘ngildagidek yo‘lga qo‘ya olmagan avtoishlab chiqaruvchi hisoblanadi. Kompaniya ishlab chiqargan avtomobillar kishida yaxshi taassurot qoldiradi. Biroq Maskning kutishicha, 2018 yilda yetkazilib beriladigan avtomobillar soni 500 ming, 2020 yilga borib 1 mln. donaga yetadi. Birinchi holatda 2017 yilda nazarda tutilgan ishlab chiqarish hajmi 5 barobar o‘ssa, ikkinchisi Frimontdagi zavod quvvatini ikki barobarga oshirish yoki yangi zavod qurishni taqozo etadi». 

Baholash

Vaziyat shu kontekstdan tahlil qilinsa, aksiyasining bir donasi 311 dollardan sotilayotgan Tesla’ni esipastlik, deb hisoblaydi Business Insider. Ular 2020 yilga borib 1 millionta avtomobil ishlab chiqarib sotgan taqdirda ham, ularning katta qismi foydasi kam kichik gabaritli mashinalar bo‘ladi. Bozorning eng daromadli qismi egalari — yo‘l tanlamas mashinalar va pikaplar ishlab chiqaruvchilari — hamon «Detroyt uchligi» (GM, Ford, Fiat Chrysler Automobiles) bo‘lib qolmoqda, qaysiki, bozor trendiga ko‘ra kelajakda uchovi Mask kompaniyasidan pastroq narxlanadi. 

Tesla Xitoyning Guandong viloyatida zavod qurishni rejalashtirmoqda. Bu mahsulotga kamroq soliq to‘lanishi, avtoishlab chiqaruvchi esa viloyat hokimiyati tomonidan elektr avtomobillar ishlab chiqaruvchilarga taqdim etgan imtiyozlardan foydalanishini bildiradi. Mask esa bu orada o‘z rejasining hayotga tatbiq etishning yangi tafsilotlarini oshkor qilib turibdi.

«Tesla’dan yuk mashinasi sentabr oyida taqdim etiladi. Jamoa ajoyib mehnat qildi. Bu yangi darajaga chiqish»

«Pikap 1,5–2 yil ichida namoyish etiladi».

Amerikacha tepaliklar

Tesla’ga haddan ortiq baho berib yuborilgan vaziyat tobora keskinlasha boradi, nihoyat ratsional bir ko‘rinishga kelgunga qadar. Poyga shu yil, yana bir ziyon bilan yakunlangan to‘rtinchi chorakdan keyin boshlandi. Tesla aksiyalarini alohida ishtiyoq bilan «short» qiluvchilar uchun yagona yupanch Tesla fond bozori diagrammalari har doim amerikacha tepaliklarga o‘xshash bo‘lganidir. 

Aktsiyalar narxi doimo tushib turibdi, buning oqibatida milliardlab dollar bozor kapitalizatsiyasini o‘zi bilan chohga olib ketadi. O‘z navbatida GM, Ford va FCA diagrammalari esa juda zerikarli ko‘rinishga ega:

Matbuot NASDAQ kabi qiymat indeksi formulasiga asoslangan fond indekslarida Tesla narxlari so‘nggi uch oyda nega bu qadar o‘sganidan taajjubda. Bozorlarda AQSh prezidenti saylovi boshlangan paytlarda o‘ziga xos poyga boshlangan edi, biroq Tesla uchun bu mega-poygaga aylanib ketdi. Bu hol yil boshida kuzatiladigan odatiy holat — sarmoyadorlar kutayotgan narsalarini qayta ko‘rib chiqishiga aslo o‘xshamaydi, ya'ni ular qanchadir muddat Tesla aksiyalariga egalik qilishgan bo‘lishsa, allaqachon foyda olishmoqda. 

Business Insider: «Treyderlar dinamikasi — uzun va qisqa pozitsiyalardan tashqari — Tesla’ning o‘sishi kompaniya ko‘rsatkichlarining natijasi hisoblanmaydi, Tesla’ni chayqovchilar tomonidan yaratilgan sovun ko‘pigi hisoblovchi har qanday odam avvalo shunga e'tibor beradi. Bular endi yangilik emas, chunki kompaniya boshdan-oyoq tahlillardan o‘tib bo‘lgan va aniq xulosa shuki, aksiyasining bir donasi 300 dollardan qimmatroqqa sotilayotgan kompaniyadan Tesla hali yetisha olmagan vazifalarni bajarish darajasi kutiladi. 

Hozirgi vaqtga kelib, Tesla’ning sovun ko‘pigi 2016 yil boshida bo‘lganidek, juda aniq shakl-shamoyilga bo‘lib bormoqda. Farqi shundaki, ko‘pik shu qadar kattalashganki, u tobora qo‘rqinchli tus olmoqda».

«Biroq Maskning hisobidan SpaceX resurslarini ham o‘chirib tashlamaslik kerak. Tesla qiyin kunlarni boshidan kechirayotgan kunlarda kompaniya juda past foiz stavkali obligatsiyalarni chiqargan edi va o‘sha paytda NASA bilan shartnoma imzolagan SpaceX esa ularni sotib olgandi. Mask esa o‘z navbatida Tesla aksiyalarni sotib olib, o‘z ulushini oshirmoqda, buni kompaniya aksiyalarining chorak qismiga egalik qiluvchi sifatida, o‘z aksiyalarini garovga qo‘yib, qarz mablag‘lari evaziga amalga oshirmoqda. Tesla aksiyalarining nisbatan katta bo‘lmagan fri-flousi hisobga olinsa, Mask istalgan vaqtda hamma shortistlarni tuproqqa ko‘mib qo‘ya olishi mumkin», — deya xulosasini yakunlaydi Business Insider.

Mavzuga oid