Suriyalik fotosuratchi portlash sabab yaralangan bolani qutqarish uchun suratga olishni to‘xtatdi
Suriyalik fotosuratchi Abd Alqodir Habak Halab yaqinida terrorchilarning qochoqlar bo‘lgan avtobusga hujum qilgan joyga juda yaqin yerda bo‘lgan. Biroq, u suratga olish jarayonini to‘xtatib, jarohat olganlarga yordam ko‘rsatishga qaror qildi, deb xabar bermoqda CNN.
«Dahshatli edi – ayniqsa, bolalarning yig‘lashi va oldingizda hayotdan ko‘z yumishi. Shuning uchun biz hamkasblarimiz bilan kameralarni tashlab, yaralanganlarni qutqarishga qaror qildik», - deya aytib o‘tdi fotosuratchi.
Habakning ma'lum qilishicha, u yugurib kelgan birinchi bola o‘lib bo‘lgan edi. Ikkinchi bolani esa qo‘liga olgan va xavfsiz joyga olib o‘tgan.
«Bu bola mening qo‘limdan mahkam ushlab oldi va ko‘zlarimga qarab turardi», - deya ma'lum qildi Habak.
Muhammad Alg‘arib tomonidan olingan fotosuratda Habakning qo‘lida bola bilan tez yordam mashinasiga qarab chopib ketayotgani tasvirlangan.
«Men u yerda boshqalar hayotini saqlab qolishga harakat qilgan yosh jurnalist bo‘lganidan faxrlanaman», - deya ma'lum qildi Alg‘arib.
Habakning so‘zlariga ko‘ra, yaralangan bolani mashina ichida qoldirgan. Uni tibbiyot xodimlari qabul qilib qolganida hali nafas olayotgandi, biroq fotosuratchi bola tirik qolganmi yoki yo‘qmi, buni bilmaydi.
Shundan so‘ng u yana terakt joyiga qaytib borgan, biroq yana hayotdan ko‘z yumgan bolaga duch kelgan. Fotosuratchilardan biri Habak bolaning yonida tizzalab o‘tirganini tasvirga tushirdi.
«Men hissiyotlarga to‘la edim. Men va hamkasblarim guvoh bo‘lganimiz – buni ta'riflab bo‘lmaydi...», - deya aytib o‘tdi Habak.
Eslatib o‘tamiz, 15 aprel kuni terrorchilar ichida qochoqlar bo‘lgan avtobuslar kolonnasiga portlovchi qurilma bo‘lgan avtomobil yordamida hujum qilishdi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, terakt tufayli 126 kishi halok bo‘lgan. Ularning kamida 68 nafari – bolalar.
Mavzuga oid
21:05 / 24.12.2024
Iroq AQSh qo‘shinlarini o‘z hududida qoldirishga tayyor - OAV
22:22 / 23.12.2024
Rossiyaning Suriyadagi bazalari: ular yopilsa, nima bo‘ladi?
17:10 / 23.12.2024
Bashar Asadning rafiqasi ajrashishga ariza berdi - Haberturk
00:45 / 23.12.2024