Jahon | 00:45
1418
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya TIV rahbari Suriyaga qarshi sanksiyalarni tezroq bekor qilishga chaqirdi

Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Suriyaning qayta tiklanishiga yordam ko‘rsatish uchun sanksiyalarni imkon qadar tezroq bekor qilish kerakligini aytdi. 

Foto: Reuters

Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Suriyaning qayta tiklanishiga yordam ko‘rsatish uchun xalqaro hamjamiyat undan sanksiyalarni olib tashlashi kerakligini ma’lum qildi.

«Oldingi rejimga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni imkon qadar tezroq olib tashlanshi kerak», — deydi Fidan Suriyaning yangi rahbari Ahmad al-Shar’a bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

«Xalqaro hamjamiyat Suriya oyoqqa turishi va ko‘chib ketgan insonlar ortga qaytishida yordam berish uchun kuchlarini safarbar qilishlari kerak», — deya qo‘shimcha qiladi Turkiya vaziri.

Fidan, shuningdek, Suriyadagi hozirgi vaziyatdan foydalanib, mamlakat hududida o‘z nazoratini o‘rnatishga urinayotgan Isroilni qoradi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bir necha kun oldin Turkiya kurd guruhlarida ko‘rayotgan tahdidni bartaraf etish uchun Anqara Suriya shimolidagi vaziyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashishi mumkinligini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Suriya bilan chegarada xavfsizlikni ta’minlash Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) tomonidan yangi jangchilar yollanishining oldini olishga ham yordam beradi.

Avvalroq AQSh Suriyaning amaldagi rahbari Ahmad al-Shar’ani hibsga olishda yordam ko‘rsatganlik uchun 10 million dollar miqdoridagi mukofot berish taklifini qaytarib olgani ma’lum bo‘ldi. O‘z navbatida Ahmad al-Shar’a BBC uchun intervyusida mamlakat urushlar natijasida holdan toygani va endi o‘z qo‘shnilari yoki G‘arbga xavf tug‘dirmasligini bildirdi.

Mavzuga oid