Jahon | 13:56 / 22.12.2024
9779
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh endi al-Jo‘laniyning boshi uchun mukofot taklif qilmayapti

AQSh Suriyaning amaldagi rahbari Ahmad al-Shar’ani hibsga olishda yordam ko‘rsatganlik uchun 10 mln dollar miqdoridagi mukofot berish taklifini qaytarib olgan. Bundan oldinroq u bilan amerikalik diplomatlar delegatsiyasi uchrashuv o‘tkazgandi.

Foto: FRANCE 24

Davlat kotibi yordamchisi, delegatsiyaga rahbarlik qilgan Barbara Lif al-Shar’a bilan muzokaralar juda samarali kechganini, u o‘zida «pragmatik» shaxs sifatida taassurot qoldirganini aytgan.

Ahmad al-Shar’a – shu vaqtga qadar AQSh va g‘arb davlatlarida rasman terrorchilik tashkiloti sifatida taqiqlangan «Hay’at Tahrir ash-Shom» qurolli guruhi yetakchisidir. Dekabr oyi boshida Hsh Suriyani 13 yillik fuqarolik urushini ham o‘z ichiga oluvchi 50 yildan oshiq vaqt mobaynida boshqargan Asadlar oilasi rejimiga barham berishda asosiy rolni bajargandi.

Amerika delegatsiyasiga Barbara Lifdan tashqari prezident Jo Baydenning asirlar bo‘yicha maxsus elchisi Rodjyer Karstens va Davlat departamentining Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha byurosi maslahatchisi Deniel Rubinstayn ham kirgan.

Bu amerikalik diplomatlarning Damashqqa 10 yildan ortiq vaqt ichidagi ilk tashrifi bo‘ldi.

Davlat departamenti vakili muzokaralarda Suriyadagi «siyosiy tranzit prinsiplari» va IShIDga qarshi kurashishni davom ettirish zarurati muhokama etilgan.

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, diplomatlar AQShning Suriyadagi fuqarolik urushi davrida yo‘qolgan ikki fuqarosi haqida ma’lumot taqdim etishni so‘ragan: 2012 yilda Damashqda o‘g‘irlab ketilgan jurnalist Ostin Tays va 2017 yildan buyon daragi chiqmagan psixoterapevt Majda Kamalmaza.

Amerika delegatsiyasi shuningdek, Suriyadagi fuqarolik jamiyati va turli jamoalar vakillari bilan uchrashib, «ularning o‘z mamlakati kelajagi haqidagi qarashlari hamda Qo‘shma Shtatlar ularni qanday qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini muhokama qildi», degan Davlat departamenti vakili.

BBC’ning Davlat departamenti bo‘yicha muxbiri Tom Beytmanning qayd etishicha, Vashington, bir tomondan, Hsh bilan ishlashga tayyorligini namoyish etmoqda, boshqa tomondan bu tashkilotni hokimiyatni Suriya jamiyatidagi barcha diniy-etnik spektrni ifoda eta oluvchi inklyuziv hukumatg o‘tkazishga undamoqda.

Amerikalik diplomatlar amalda Hshni terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarish va keyinchalik Suriyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish masalasini ko‘rib chiqishga tayyorlikni ko‘rsatuvchi qator shartlarni belgilab berishgan.

AQSh – g‘arbning Suriyada g‘alaba qozongan isyonchilar bilan aloqani yo‘lga qo‘ya boshlagan ilk davlati emas. Damashqqa so‘nggi hafta davomida Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Yevroittifoqdan ham vakillar kelib ketishdi.

Al-Shar’a jahonning ko‘plab nashrlariga berayotgan intervyularida terrorchilik tashkilotlari bilan o‘tmishdani aloqalarini butunlay uzgani va endi nisbatan mo‘’tadil qarashlarga ega ekanini ta’kidlab kelmoqda. U shuningdek, jangchi sifatidagi Abu Muhammad al-Jo‘laniy taxallusidan ham voz kechgan.

Mavzuga oid