Jamiyat | 12:30 / 20.04.2017
14221
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxlik 97 yashar urush faxriysi imtiyozli tarzda yengil avtomobil xarid qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish maqsadida “GM Uzbekistan” aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillarni navbatsiz shartnomaviy buyurtma berish orqali xarid qilish tartibi belgilangan edi.

 Zomin tumanidagi Dashtobod shaharchasi, “Baxt” mahallasida istiqomat qiluvchi 97 yoshli urush faxriysi Umrzoq bobo Anorboyev ana shunday imkoniyatdan foydalangan jizzaxlik faxriylardan sanaladi. Otaxonga “Damas” rusumli avtomashina  Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosarlari, tuman hokimligi, turli jamoat tashkilotlari vakillari, “Kamolot” YoIH yetakchilari hamda mahalla raislari ishtirokida tantanali tarzda topshirildi. Bu haqda Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Eshtemir Ismatov Kun.uz’ga ma'lum qildi.

– Urushning mashaqqatini biz his etdik, farzandlarimiz aslo ko‘rishmasin, – deydi urush qatnashchisi U.Anorboyev. – Bugungi dorulomon kunlarga yetkazganiga shukr. Qiyinchilik kunlar ortda qoldi. Endi yurtimizning farovonligi yo‘lida mehnat qilish, uning ravnaqiga hissa qo‘shish kerak. Hukumatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan muruvvatdan behad mamnunman.

“GM Uzbekistan” AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa va Moliya vazirliklari huzuridagi byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan taqdim etilgan hududiy taqsimoti bo‘yicha shakllangan Ikkinchi jahon urush faxriylarining to‘liq ro‘yxatidan kelib chiqan holda har bir urush faxriysi nomiga beriladigan imtiyozli sertifikat ishlab chiqilgan edi.  Mazkur sertifikatlarga muvofiq  Ikkinchi jahon urush faxriylariga “Nuroniy” jamg‘armasi va tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlari mutasaddi xodimlari hamda boshqa jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida imtiyozli yengil avtomobillar topshirish boshlandi.

Eslatib o‘tamiz, har bir urush faxriysi Sertifikatda ko‘rsatilgan imtiyoz asosida sotib olingan avtomobilga birinchi va ikkinchi texnik xizmat ko‘rsatish “GM Uzbekistan” AJ tomonidan bepul amalga oshiriladi, imtiyoz bir martalik hisoblanib, 2017 yil 31 dekabrgacha amal qiladi.

Ayni paytda Jizzax viloyati bo‘yicha 61 nafar urush faxriylari shunday sertifikatlarga ega bo‘lishdi.

Mavzuga oid