Jamiyat | 20:23 / 26.04.2017
25122
11 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi eng yaxshi ixtirochilar tanishtirildi

26 aprel kuni Toshkent shahridagi “Radission Blu” mehmonxonasida “YANGI  INTELLEKT-2017” tanlovining g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Tanlovni o‘tkazish uchun Intellektual mulk agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Axborot texnologiyalar va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Fanlar Akademiyasi, Savdo-sanoat palatasi, Oliy attestatsiya komissiyasi, Fan va texnologiyalar Agentligi (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi) mutaxassislaridan iborat Tanlov tashkiliy qo‘mitasi tuzildi.

Tanlovda “Eng yaxshi ixtiro”, “Eng yaxshi foydali model”, “Eng yaxshi sanoat namunasi”, “Eng yaxshi EHM uchun yaratilgan dastur va ma'lumotlar bazasi” nominatsiyalari bo‘yicha sovrinli Tanlovda 1-3 o‘rinlarni egallagan g‘oliblar diplom, pul mukofotlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Quyida ushbu tanlov g‘oliblari va ular tomonidan yaratilgan ixtirolar keltirilgan. 

2017 yilning “Eng yaxshi ixtiro” nominatsiyasi bo‘yicha

1-o‘rin.  Azimov Rahmat Karimovich, Shipulin Yuriy Gennadevich va boshqalar.

Ish joyi: Toshkent Davlat Texnik universiteti

Ixtiro o‘lchash texnikasi sohasiga taalluqli bo‘lib, suyuqlik yoki gazlarlarning tezligi, sarfi, harorati, yo‘nalishi va oqimning mavjudligi kabi parametrlarini yuqori sezgirlik va ishonchlilik bilan o‘lchash imkonini beradi.

Ushbu ixtiro asosida yaratilgan avtomatik ko‘pfunksional titrometr “Suvsoz” davlat unitar korxonasida ishlab chiqarishga joriy qilingan. Yangi qurilmani joriy qilish ichimlik suvining kimyoviy tarkibini o‘lchash aniqligini oshirish, oqava suvlar tahlili vaqtini qisqartirish, elektr energiyani tejash hisobiga yiliga 470 mln. so‘mni tashkil qiladi.

Hozirgi kunda aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, oqava suvlar tarkibini tahlil qilish masalalari dolzarb bo‘lib turgan paytda yangi ixtironi qo‘llash ushbu sohada olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish imkonini beradi.

2-o‘rin -  Aminov Sobirjon Nig‘matovich, Sharipov Avez Tulemetovich va boshqalar  

Ish joyi: Toshkent farmatsevtika instituti 

Ushbu ixtiro farmatsevtika sohasiga tegishli bo‘lib, geparin, kardiomagnil, aspirin-kardio kabi import preparatlarining o‘rnini bosuvchi antikoagulyant, antiagregant, antirombotik dori vositalari yaratishga yo‘naltirilgan. Mahsulot mahalliy xomashyolar asosida ishlab chiqariladi.

Ixtiro patentida olingan dori preparatini klinik oldi va uch bosqichli klinik sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan. Preparatning texnologik reglamentlari tasdiqlanib, ishlab chiqarish uchun O‘zR Sog‘liqni saqlash vazirligi ro‘yxatidan o‘tgan va Davlat reyestriga kiritilgan.

Bu turkumdagi preparatlardan “Alltrombosepin”ning texnologiyasi “Remedy Group” O‘zbekiston-Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasida o‘zlashtirilgan, hozirda seriyali ishlab chiqarish amalga oshirilmoqda. Iqtisodiy samaradorlik bir tonna substansiyaga nisbatan olinganda 320 mln. so‘mni tashkil etadi. 

Davlat rahbari tomonidan dori vositalarini yaratish va ishlab chiqarishni O‘zbekiston hududida amalga oshirishga alohida e'tibor berilayotganini inobatga olgan holda, ushbu ixtiro mavzusi dolzarb masalaga qaratilganini ta'kidlab o‘tish lozim bo‘ladi.

3-o‘rin.  Ryasnyanskiy Igor Viktorovich, Mirzayev Baxtiyor Sharofovich va boshqalar

Ish joyi: O‘zbekiston veterenariya ilmiy-tadqiqot instituti

Ushbu ixtiro veterinariyada qo‘y va echkilarda kolibakterioz, salmonellez va pasterellyozni profilaktika kilishda (oldini olishda) foydalaniladi.

Qo‘zilarni bir marta radiobiologik vaksina bilan immunizatsiya qilish barqaror immunitetni hosil qiladi va bir yil davomida  emlangan hayvonlarni 100 foiz kasallanishdan saqlaydi. 

Yangi vaksina qo‘llash orqali mayda shoxli qoramollar xavfli kasalliklardan himoya qilinadi va ularning soni ko‘payishi va yanada son ortishiga sabab bo‘ladi.
 
“Eng yaxshi foydali model” nominatsiyasi bo‘yicha 

1-o‘rin. Avezova Nilufar Rabbanaqulovna, Bugakov Aleksandr Gennadevich va boshqalar  

Ish joyi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi S.A. Azimov nomidagi «Fizika-quyosh» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi S.V. Starodubtsev nomidagi Fizika-texnika instituti

Ushbu foydali model geliotexnika, issiq suv ta'minoti va isitish sohasida foydalanish uchun mo‘ljallangan. Quyosh issiqligi ta'minoti tizimi issiqlikni akkumulyatsiya qilish va sarflash jarayonlari samaradorligini oshirishni ta'minlaydi. 

Foydali model “Toshelektromash” korxonasida sinovdan o‘tkazilganda, bir yil davomida tabiiy gazni tejash miqdori 3240 kubometrni tashkil etdi. Demak uni gaz ta'minoti qiyin bo‘lgan hududlarda ham ishlatish mumkin.

2-o‘rin.  Rahimov Farxod Xushbaqovich, Ro‘zimetova Gulnoza Abduxalilovna 

Ish joyi: Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti

Deyarli hamma u yoki bu masalada shifokorga murojaat qiladi. Ko‘pchilik fizioterapiya muolajalarini olganmiz. Taklif etilgan foydali model aynan ana shu fizioterapiya muolajalarida foydalanishga mo‘ljallangan. Gidrofil elektrod osti qoplamasi yangicha to‘qima mato bo‘lib, uni tayyorlashdagi mehnat sarfini kamaytirish imkonini beradi, yaxshilangan ekspluatatsiya xususiyatlariga ega, allergiya reaksiyalar takrorlanishi va nojo‘ya ta'sirlar namoyon bo‘lishini kamaytiradi.

3-o‘rin. Maksudov Erkin To‘xtayevich, Aminov Xamza Xusanovich, Sulaymonov Rustam Shennikovich.

“Eng yaxshi sanoat namunasi” nominatsiyasi

1-o‘rin – Hakimova Dilorom Alisherovna
 
Ish joyi: Avtomobil yo‘llari ilmiy-tadqiqot instituti

Ushbu sanoat namunasi "O‘zavtoyo‘l" ishchilari uchun maxsus kiyim bo‘lib, yo‘llardagi qurilish-pudrat ishlariga mo‘ljallangan, zarg‘aldoq va ko‘k yorqin ranglar uyg‘unligida bajarilgan, kostyumning yuqori va pastki qismlarida yorug‘likni qaytaruvchi chiziqlari mavjud. Bugungi kunda “O‘zavtoyo‘l maxsus kiyim-kechak” korxonasi tomonidan ishlab chiqarilmoqda va “O‘zavtoyo‘l” aksiyadorlik kompaniyasi tizimida joriy etilgan.

Maxsus kiyim gigiyenik va havo o‘tkazish xususiyatiga ega, yengil, chiroyli, qulay, hamda avtomobil yo‘llarida xodim xavfsizligini ham ta'minlaydi.

2-o‘rin. – Tursunov Muhammad Nishonovich, Sobirov Habibulla va boshqalar

Ish joyi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi S.A.Azimov nomidagi «Fizika-quyosh» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi S.V. Starodubtsev nomidagi Fizika-texnika instituti 

Majburiy sovutiladigan fotoelektrik qurilma quyosh energiyasini elektr energiyaga aylantirish uchun mo‘ljallangan. U korpus va tayanch ustundan iborat bo‘lib, korpus gorizontal yo‘nalishga cho‘zilgan to‘rtburchak rama shaklida yasalgan. Ma'lumki, issiq iqlim sharoitida quyosh elementlari qizib ketib, o‘z samaradorligini yo‘qotishi mumkin. Taklif qilingan konstruksiyada ushbu muammo sovutuvchi ventilyatorlar hisobiga hal etilgan. Sanoat namunasi 50 nusxada tayyorlangan va ichki bozorda sotilgan. Hozirgi kunda O‘zbekistonning qator viloyatlarida samarali ishlamoqda. Qurilmalarning realizatsiya qilingan umumiy qiymati 300 mln.so‘mdan ortiqni tashkil etadi.

3-o‘rin. Melkumov Aleksandr Nikolayevich, Ivanov Yevgeniy Valerevich, Ismoilov Rustam Sergeyevich.  

Ish joyi: “Sovplastital” aksiyadorlik jamiyati 

Ushbu sanoat namunasi o‘ziga xos dizaynerlik yechimiga ega bo‘lib, shaffof polimer asosda bajarilgan. Quti turli sovg‘alar uchun ishlatiladi. Hozirgi kunda “Viva Mariya” qandolat firmasi bilan hamkorlikda konfetlarni qadoqlash maqsadida foydalanilmoqda. Dekorativ bezaklari o‘zbek  ustalarining an'analari bo‘yicha bajarilgan bo‘lib, butun yuzasi bo‘ylab bir tekisda takroriy naqshlar joylashtirilgan. Bunday ajoyib qutining sanoat namunasi sifatida huquqiy muhofazaga olinishi uning qiymatini yanada oshiradi.

“Eng yaxshi EHM uchun yaratilgan dastur va ma'lumotlar bazasi” nominatsiyasi 

1-o‘rin – Muratova Nigora Jo‘rayevna, Babadjanova Guljahon Sattarovna, Zufarova Shahnoza Olimjonovna 

Ushbu dastur tekshiruvdan o‘tayotgan bemor haqida ma'lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va bemor kartasini rasmiylashtirish funksional imkoniyatlariga ega. Dastur olingan ko‘rsatkichlar yordamida kerakli muolajani qo‘llash maqsadida miomatoz tugunlar turini va farqli tomonini aniqlash imkonini beradi. Dastur Farg‘ona va Andijon viloyatlari perinatal markazlarida sinovdan o‘tgan. Sinovning ko‘rsatishicha, ishlab chiqilgan algoritm va Dastur yordamida bemorga erta tashxis qo‘yish imkoni yuzaga keladi, tashxis qo‘yish aniqligi ortadi. Pirovard natijada esa ayollarimizning reproduktiv salomatligini ta'minlash imkonini beradi.

2-o‘rin – Yo‘ldoshov Hakimboy Yarashbayevich.

Ma'lumki, mamlakatimizda yoshlarga ingliz tilini o‘rgatishga alohida e'tibor berilmoqda. Bugungi kunda maktablarda 1-sinfdan boshlab ingliz tili fani o‘qitiladi. Ushbu ishlab chiqilgan dastur aynan bolalarga ingliz tilini o‘rgatishda qo‘l keladi. Dastur interaktiv o‘yin sifatida yaratilgan bo‘lib, u ingliz tilida eng ommabop bo‘lgan 2500 dan ortiq so‘zlarni yod oldirishga mo‘ljallangan. Dastur ichida kichik o‘yin tarzidagi bo‘limlar mavjud bo‘lib, foydalanuvchilar ingliz tilini o‘rganish bilan birga ko‘ngilochar o‘yin sifatida dasturdan foydalanishlari mumkin. Dastur rus va o‘zbek tillarida yaratilgan, qulay interfeysga ega; dasturda so‘zlarni yod oldirish uchun multimediali resurslardan foydalanilgan.

3-o‘rin – Abdullayeva Hurriyatxon Zafarbekovna 

O‘simliklarni zararli organizmlardan himoyalash davlat miqyosidagi muhim muammolardan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda qishloq xo‘jalik ekinlarining zararkunanda va kasalliklari to‘g‘risida obektiv ma'lumotga ega bo‘lmasdan turib, himoya qilish vositalarini amaliy jihatdan qo‘llash mumkin emas. 

Ushbu dastur o‘z ichiga qishloq xo‘jalik ekinlarining asosiy zararkunanda va kasalliklari haqidagi to‘liq ma'lumotni o‘zida aks etgan bo‘lib, ANDROID tizimi ostida ishlovchi mobil qurilmalarda ishlashga mo‘ljallangan. Dastur Andijon viloyatining qator tumanlarida O‘simliklarni himoya qilish otryadlari tomonidan ishlatib kelinmoqda. Erishilgan iqtisodiy samara 2015 yilda 83 mln, 2016 yilda esa 93 mln so‘mni tashkil etdi.

Mavzuga oid