Jamiyat | 18:52 / 28.04.2017
15620
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda qoplon besh soat davomida butunboshli shahar aholisini sarosimaga solib qo‘ydi

Hindistonning Xaryana shtatidagi Soxna shahrida qoplon o‘tkinchilarga hujum qildi, so‘ng aholi uylaridan biriga kirib oldi. Bu haqda Hindustan Times xabar bermoqda.

Yirtqich shahar ko‘chalarida 27 aprel, payshanba kuni payqalgan. Avvaliga u devorni bo‘yash bilan mashg‘ul bo‘lgan 30 yoshli erkakka hujum qildi hamda uning yuzini tirnab tashladi. Shundan so‘ng hayvon olti yoshli bolaga tashlangan, u faqatgina yelkasi va ko‘kragidan kichik jarohatlar oldi.

Keyinchalik qoplon aholi uylaridan biriga kirib ketgan. Yirtqichni televizor ko‘rayotgan o‘smir payqab qolib, oilaning boshqa a'zolarini bundan xabardor etgan. Olti kishi xonaga berkinib oldi hamda qutqaruv amaliyoti davom etgan besh soat davomida u yerdan chiqishmadi.

Qoplon kirib olgan uyni mahalliy aholi va tomoshatalab shaxslar o‘rab oldi. Ulardan ko‘pchiligi hayvon fonida suratga tushishga ham urinishgan. Shu bilan birga, yirtqich to‘silgan hudud bo‘ylab chiqish yo‘lini qidirib yurgan.

Qoplon tinchlantiruvchi maxsus moddaga ega xavfsiz o‘q yordamida tutildi hamda qafasga solindi. O‘rmon xo‘jaligi vakillarining aytishicha, yirtqichlar shaharga Aravali daryosida suvning kamligi tufayli kelishni boshlagan.

Avvalroq Hindistonning Kuruli qishlog‘i politsiya xodimi yovvoyi qoplon qurboniga aylanmaslik uchun tomdan sakrashiga to‘g‘ri kelgani haqida xabar bergandik.

Mavzuga oid