Jamiyat | 11:52 / 03.05.2017
15829
4 daqiqa o‘qiladi

Boyovut tumanida 18 bolaning sunnat to‘yi o‘tkazib berildi

Foto: Kun.uz

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida, tuman markazidagi Qaropchi mahallasi markazida joylashgan, bayramona bezatilgan «Marvarid» to‘yxonasida 18 nafar bolaning sunnat to‘ylari o‘tkazib berildi. 

Xayriya-sunnat to‘yi «Insonga naf keltirish-oliy baxt» shiori ostida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan.

Tadbir tashkilotchilari, xususan, Sirdaryo viloyat Hokimi G‘ofur Mirzayev, «Nuroniy» jamg‘armasi tuman bo‘limi rahbari Toir Ma'murov va boshqalar so‘zga chiqib, inson manfaatlari amalda qadr topgan mamlakatimizda savobli va xayrli ishlar yanada ko‘payib borayotganini ta'kidlab, to‘y bolalarga Vatan koriga yaraydigan kamarbasta insonlar bo‘lishlarini tilashdi.

To‘ybolalarning har biriga «Xalq banki» bo‘limida hisob raqamlari ochilib, 1 million so‘mdan mablag‘ qo‘yilgan omonat daftarchalari, velosiped, shirinliklar,  bosh-oyoq sarpo hamda «Kamolot» YoIHning sovg‘alari — badiiy kitoblar topshirilgan.

Bir qator xonandalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, O. Xo‘jayev nomli viloyat musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan tayyorlangan ertak qahramonlari ishtirokidagi quvnoq tomoshalar davraga bayramona fayz va shukuh bag‘ishladi.

Foto: Kun.uz

«Ayniqsa, davraga kichkintoylarning sevimli ertak qahramonlari  chiqqanlarida to‘ybolalar quvonchdan chapak  chalib yubordilar va ular bilan birgalashib raqsga tushdilar. Davraga go‘yo dunyoning barcha shodliklari jamlangandek bo‘ldi», deya voqea joyidan xabar qilgan muxbir. 

«O‘g‘illarim Qodirjon va Yodgorbekning, ular bilan birga yana 16 nafar farzandlarimizning xatna to‘ylarini tashkillashtirib, chiroyli qilib o‘tkazib bergan avvalo, Prezidentimizga, so‘ngra viloyatimiz rahbarlariga mingdan ming rahmat! Men o‘z navbatida farzandlarimni el koriga yaraydigan qilib tarbiyalashga so‘z beraman», — deya hayajon bilan taassurotlarini bildirgan Boyovut tumanidagi «Istiqlol» mahallasida istiqomat qiluvchi Shahnoza Abdullayeva.

«Katta bo‘lsam yaxshi odam bo‘laman, rahbar bo‘laman, menga to‘y qilib bergan bobojonimga, Vatanimga xizmat qilaman», — degan ko‘zlari sevinchdan porlab turgan to‘ybolalardan biri Yodgorbek.

«Bugun Shirin shahri, Xovos va Boyovut tumanlaridan 18 nafar bolaning sunnat to‘yi o‘tkazildi. Ushbu to‘y ana shu jajjigina o‘g‘lonlar xotirasida yaxshilik, mehr-saxovat ramzi sifatida bir umr ¬muhrlarib, ularni hamisha xayrli ishlarga undab turishi aniq», — deydi viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashi raisi o‘rinbosari Qarshiboy Eshnazarov.

Mehr-saxovat tadbirlari endi Mirzaobod tumanida o‘tkaziladi.

Ozoda Mamadaliyeva
Ishonch muxbiri

Mavzuga oid