Jamiyat | 18:07 / 04.05.2017
15671
3 daqiqa o‘qiladi

Gulistonda o‘z ish joyida nasha chekkan shaxs 8 yilga qamaldi

Foto: PhotoXpress

Ilhom Yaminov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) giyohvandlik “dard”iga ruju qo‘yadi. El-yurt orasida o‘ziga yarasha obro‘-e'tibori bo‘lgan, yaxshigina bir kursining egasi I.Yaminov nafsi buzuqligi sababli ishidan, ma'lum muddat oilasidan ham ajralib, panjara ortiga ravona bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Huquq” gazetasi.

2016 yilning sentabr oyida Dehqonobod shaharchasi hududidan oqib o‘tgan Sirdaryo daryosiga cho‘milgani borgan Ilhom daryo bo‘yidagi begona o‘tlar orasida o‘sib turgan yovvoyi nashaga ko‘zi tushib, quvonib ketdi. Go‘yo xazina topib olgan odamdek shoshib qolib, bu o‘simlikning bir tupini yulib oladi. Uni bo‘laklarga bo‘lib, qora rangli sellofan paketga joylaydi va uyiga olib keladi. Bunday “giyoh”ni uyida saqlash xavfli ekanligini yaxshi tushungan I.Yaminov shu hududda joylashgan maktab sport o‘yingohining bir chetida, odamlar nazaridan panaroq bo‘lgan joyda ikki kun mobaynida quritadi. Keyin yovvoyi nasha barglarini uyiga olib borib, oshxonasida hech kimga bildirmasdan qovuradi. So‘ng qovurilgan, taxminan og‘irligi 150 gramm bo‘lgan nasha giyohvandlik moddasini qora rangli sellofan paketga solib, kechga yaqin ishxonasiga boradi. U yerda hech kim yo‘qligi uchun yo‘l-yo‘lakay do‘kondan xarid qilgan ikki shisha aroqni ham stol ustiga qo‘yib, yolg‘iz o‘zi bazmu jamshidni boshlab yuboradi. Biroq ko‘p o‘tmay xonaga birin-ketin ulfatlari kirib kela boshlashadi. 

Zumda ziyofat avjiga chiqib, ketma-ket spirtli ichimliklar ichiladi. Bu orada Ilhom hech kimga sezdirmay o‘zi qovurib olgan giyohvandlik moddasidan osh qoshiqda “urib” oladi. Keyinroq esa saxiyligi tutib, qolganini stol ustiga qo‘yib, ulfatchilikni davom ettirmoqchi bo‘lganida, xonaga IIB xodimlari kelishadi va ularni voqea joyida qo‘lga olishadi.

Shu tariqa, huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan marixuana moddasi xolislar ishtirokida ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olinadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudi tomonidan Ilhom Yaminovga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, unga nisbatan kelajakda xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishi uchun bag‘rikenglik ko‘rsatilib, amnistiya qarori qo‘llanilib, ozodlikdan mahrum qilish jazo muddati uchdan bir qismga qisqartirildi.

Mavzuga oid