O‘zbekiston | 09:50 / 15.05.2017
65500
9 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi: qisqacha tafsilotlar va raqamlar 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev XXR raisi Si Jinping taklifiga binoan 11 may kuni davlat tashrifi bilan Pekin shahriga jo‘nab ketdi. Prezidentga safarda rafiqasi Ziroatxon Mirziyoyeva hamrohlik qildi. 

«Shoudu» xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Prezidentni XXR rasmiy shaxslari kutib oldi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevni 12 may kuni Butunxitoy xalq vakillari kengashi binosida rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. O‘zbekiston va Xitoy davlat madhiyalari yangradi. Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar. 

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinpingning ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. 

XXR raisi Si Jinping O‘zbekiston rahbarini Xitoyga birinchi davlat tashrifi bilan samimiy qutladi. 

«Siz bilan Pekinda uchrashib turganimdan g‘oyat xursandman. Bu yil davlatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 25 yil to‘lgani hamkorligimizning bundan keyin ham jadal rivojlanishiga zamin bo‘ladi. Bugun barcha sohalarda hamkorligimiz izchil rivojlanayotgani bizni quvontiradi», — dedi Si Jinping. 

XXR Raisi Xitoy va O‘zbekiston munosabatlari yangi davrga, sifat jihatdan yangi bosqichga qadam qo‘yayotganini, bu bosqich yuqori texnologiyalar sohasida keng ko‘lamli hamkorlik boshlangani bilan izohlanishini ta'kidladi. 

Shavkat Mirziyoyev taklif uchun minnatdorlik bildirdi va bugungi muzokaralar oliy darajadagi muloqotlarning mantiqiy davomi ekanini ta'kidladi. 

«O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatiga hurmat ko‘rsatib, 2016 yil Buxoroga borganingiz, ajdodlarimiz qoldirgan boy madaniy merosga katta qiziqish bildirganingizdan xursandmiz. O‘zbekiston Xitoyni qadimiy tarix va noyob madaniyat, ulkan salohiyatga ega, jahon iqtisodiyotining yetakchilaridan bo‘lgan va o‘z maqsadlari yo‘lida dadil borayotgan mamlakat sifatida biladi», — dedi Mirziyoyev. 

Muzokaralarda o‘zaro va ko‘p tomonlama munosabatlarga oid dolzarb masalalar, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish xususida atroflicha fikr almashildi. 

Kengaytirilgan tarkibdagi muzokarada iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 

Ikki davlat rahbarlarining kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvidan so‘ng hujjat imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuvlarda o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, bunda ikki davlatning mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha pozitsiyasi bir xil yoki o‘xshashligi muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. 

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Si Jinping O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi Qo‘shma bayonotni imzoladilar. Hukumatlararo texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi, xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi bitimlar, umumta'lim maktablarida ta'lim sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasini asbob-uskunalar bilan jihozlashga doir loyihalarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi hukumatlararo notalar almashinuvi hamda veterinariya va o‘simliklar inspeksiyasi karantini sohasida Anglashuv memorandumi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yeklari o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘barlantirish bo‘yicha Anglashuv memorandumi, qishloq xo‘jaligi sohasida 2018–2020 yillarga mo‘ljallangan idoralararo almashinuv hamkorlik rejasi kabi qator muhim hujjatlar imzolandi. 

Erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarini yanada rivojlantirish va ikki mamlakat xalqlarining farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi. 

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy ishbilarmon doiralari vakillari bilan ham uchrashdi. 

Uchrashuvda o‘zaro munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash va izchil rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z bordi. 

«Bu yerda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilib kelayotgan ishbilarmonlarni ko‘rayotganimdan xursandman, — dedi O‘zbekiston rahbari. — Biz xitoylik tadbirkorlar bilan birga ishlashdan mamnunmiz». 

Prezident Xitoy biznes sub'yektlari O‘zbekistondagi ko‘plab yangi sanoat korxonalarida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganini qayd etdi. 

«Xitoy O‘zbekiston iqtisodiyotiga eng ko‘p investitsiya kiritayotgan davlatlardan biridir. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokidagi 700 dan ziyod kompaniya va korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yillar davomida xitoylik sarmoyadorlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga qariyb 8 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritgani barchamizni xursand qiladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Xitoy ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuvda davlatimiz rahbari 2017 yil yakunlariga ko‘ra o‘zbek-xitoy tovar aylanmasi 5 mlrd. dollarga yetishini ta'kidladi. Yaqin yillar ichida mamlakatlar o‘zaro savdo hajmini 10 mlrd. dollarga yetkazish niyatida, bu 2016 yilgi 4,2 mlrd. dollardan deyarli ikki yarim barobar ko‘pdir.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, texnikaviy, energetika sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro savdo aylanmasi hajmini oshirishga oid masalalar xususida so‘z yuritildi. 

Prezident bugungi kunda O‘zbekistonda samarali faoliyat yuritayotgan xitoylik ishbilarmonlarga minnatdorlik bildirdi, aloqalarni yanada rivojlantirish tarafdori ekanligini qayd etdi. 

Davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekin shahrining Tyananmen maydonidagi Xalq qahramonlari yodgorligi poyiga gul qo‘ydi.

Yodgorlik balandligi 37,94 metr, maydoni 3 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Monumentga Mao Jedongning «Xalq qahramonlariga abadiy sharaflar!» degan so‘zlari yozib qo‘yilgan. 

Prezidentimiz Xitoy xalq qahramonlari xotirasiga hurmat bajo keltirdi.  

Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri Li Kechiang, xalq vakillari Umumxitoy majlisi doimiy qo‘mitasi Raisi Chjang Dejiang va boshqa rahbarlar bilan uchrashuv va muzokaralarda o‘zaro munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash va izchil rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama etildi.

Davlatimiz rahbari Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi direktorlar kengashi raisi Vang Yilingni qabul qildi. Mazkur kompaniya O‘zbekistondagi uglevodorod konlarini qidirish va qazish, Muborak gaz-kimyo majmuasida tabiiy gazni chuqur qayta ishlash jarayonida faol ishtirok etmoqda. 

Uchrashuvda yuqori texnologiyalar sohasidagi loyihalar ijrosining istiqbollari va O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlariga Xitoy sarmoyalarini jalb etish masalalari muhokama qilindi. 

Prezidentimiz XXR eksport-import banki boshqaruvi raisi Xu Syaoliang bilan ham uchrashdi. Mazkur bank kreditlari evaziga mamlakatimizda sog‘liqni saqlash, ta'lim, energetika, transport va boshqa sohalarda qator loyihalar amalga oshirilgan.

Davlatimiz rahbari o‘zaro ishonchga asoslangan ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirish zarurligini ta'kidladi. Xu Syaoliang O‘zbekiston bilan investitsiyaviy aloqalarni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev Pekin shahridagi Xitoy aerokosmik ilmiy-sanoat korporatsiyasiga bordi va  u yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan tanishdi. Korporatsiya raisi Gau Xung Vey Shavkat Mirziyoyevga ishlab chiqarish jarayoni, mahsulotlar turi, turli davlatlar bilan ilmiy hamkorlik natijalari haqida so‘zlab berdi. 

Yakshanba kunlari «O‘zbekiston» telekanalida jonli efirga uzatiladigan «Tahlilnoma» axborot dasturida aytilishicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi mobaynida 23 milliard AQSh dollari qiymatiga teng 105 ta ikkitomonla hujjatlar imzolangan.

Davlatimiz rahbarining Xitoyga davlat tashrifi mobaynida energetika, neftni qayta ishlash, elektrostansiyalarni modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligi, neft-kimyo sanoati, tansport kommunikatsiyalari va boshqa sohalar bo‘yicha hujjatlar imzolandi.

Shavkat Mirziyoyev shuningdek, Xitoyda tashkillashtirilgan «Bir makon — bir yo‘l» xalqaro iqtisodiy forumida ham ishtirok etdi va chiqish qildi. Forum doirasida prezidentimiz Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan ham uchrashdi.

Mavzuga oid