Jahon | 22:01 / 19.05.2017
49820
4 daqiqa o‘qiladi

A.Usmonovning videomurojaati Rossiya ijtimoiy-siyosiy hayoti uchun haqiqiy sensatsiya bo‘ldi

Ishbilarmonning muxolifatga videomurojaati Rossiya ijtimoiy-siyosiy landshafti uchun haqiqiy sensatsiya bo‘ldi. "Gazeta.ru" shu haqidagi maqolasi bilan bo‘lishdi

Unga ko‘ra, Rossiya biznesi "katta pullar sokinlikni yaxshi ko‘rishi"ga o‘rganib qolgan, shu bois yirik ishbilarmonlar omma oldida chiqish qilishni yoqtirishmaydi. Buning o‘ziga yarasha mantig‘i bor, albatta.  

Yuqori ijtimoiy mavqega ega shaxs hattoki eng bema'ni ayblovlarga javob bersa ham, ayblovchini o‘zi bilan bir darajaga qo‘yadi, hech bo‘lmaganda ramziy ma'noda, ya'ni "internetdagi har qanday inson" vaqtinchalik nufuzli amaldorga tenglashtiriladi. Aynan shunday mantiqqa asosan, prezidentlik lavozimiga asosiy nomzodlar saylov oldi debatlarida qatnashmaydi. 

Shunday bo‘lsa-da, Usmonov bu shartlilikni kechib o‘tib, Aleksey Navalniyning ayblovlariga "ommaviy" javob qaytardi. Usmonovni Navalniy bilan mubohasaga kirishgan birinchi inson deb bo‘lmaydi, albatta. Bunga qadar "Rosnano" rahbari Anatoliy Chubays va teleboshlovchi Vladimir Pozner ham Navalniyga "to‘qnash kelgan". Usmonov Navalniyni debatlarga chorlamadi - ular orasida sirtdan bahs kechmoqda. Umuman olganda, ular to‘g‘ridan to‘g‘ri bahslashishi ham ehtimoldan xoli emas, chunki hozirda ishbilarmon Navalniy bilan sudlashmoqda. 

Videoayblovlar bilan almashinuv ommaning biror bir tomonga yon bosishiga xizmat qila oladimi? Ehtimol, shundaydir.

Ta'kidlash joizki, Navalniy internet-auditoriya bilan muloqotda o‘zini suvdagi baliq kabi his qiladi - bu uning muhiti va uning ommasidir. 

Shunga qaramay, Alisher Usmonov tavakkalga qo‘l urdi: "birovning hududi"da kurashga kirishdi. Natijada Rossiya tarixida deyarli noyob janr yuzaga keldi - "oligarxning muxolifat top-blogeriga videomurojaati". Usmonov va uning maslahatchilari internetda millionlab auditoriyaga ega blogerning ayblovlariga Moskva shahrining tuman sudi javobi - javob emasligini yaxshi tushunishadi. Sudning qaroriga ko‘pchilik istehzo bilan qaraydi, ayniqsa, tomonlardan biri yirik ishbilarmon bo‘lsa...

Usmonovning Navalniyga murojaati aynan shu jihatdan ham qiziqdir. Ishbilarmon sudning hattoki ijobiy qarori ham jamoatchilik oldida uning mavqeiga ta'sir o‘tkazmasligini anglab turgan ko‘rinadi - Usmonov tadbirkor sifatida Rossiya sud tizimi islohotlaridan yaxshi xabardor bo‘lishi kerak, deyiladi manbada. 

U jamoatchilik oldida o‘zini oqlashi va omma tomonidan jiddiy qabul qilinishi mumkin bo‘lgan hech qanday nufuzli kollegiya, parlament kengashlari yoki sanoat palatasi yo‘qligini yaxshi biladi. 

Shu bois buning birgina yo‘li qoladi - ommaga to‘g‘ridan to‘g‘ri internet orqali murojaat qilish. Bu yirik ishbilarmon uchun yangilik, albatta, biroq bundan boshqa variant ishonchsizdek. Manbada ta'kidlanishicha, ishbilarmonning ushbu murojaatini ijobiy baholash mumkin, zero u xalq uning izohlarini eshitishiga erishdi. 

Mavzuga oid