Jamiyat | 17:20 / 25.05.2017
17523
3 daqiqa o‘qiladi

Qulog‘i butunlay zaif tug‘ilgan bir yoshli qizcha noyob usul orqali tovushlarni eshitmoqda

Videoda – amerikalik bir yoshli Anabel Lourens. U qulog‘i butunlay zaif holda tug‘ilgan, biroq hozirda Anabel onasi va o‘zini o‘rab turgan borliqdagi tovushlarni eshitishi mumkin, sababi shifokorlar unga joylashtirilgan koxlear implantatni ishga tushirishdi. Bu moslama, qulog‘i butunlay yoki nisbatan zaif bo‘lgan bolalar va kattalarda, oddiy eshitish qurilmalari yordam bermaganda qo‘llaniladi. Oddiy eshitish moslamasining ish prinsipi – tovushni kuchaytirish va uni tovush kanaliga yuborish. Biroq ichki quloqdagi (chig‘anoq) miyaga tovush yetkazib berish uchun javob beruvchi nozik hujayralar to‘la yo‘qolganda, tovushni kuchaytirish befoyda.

Koxlear implantat xuddi sun'iy quloq, "protez" sifatida ishlaydi, hamda u tovushni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tovush nerviga elektr kanallari yoki tebranishlar yordamida yo‘naltiradi.

Moslama ikki qismdan iborat: tashqi minikompyuter va ichki qabul qiluvchi-o‘zgartiruvchi qurilma, ular o‘zaro magnit tizimi orqali bog‘lanadi. Minikompyuter tovush va nutqni qayta ishlab, ularni elektr tebranmalarga aylantiradi va ichki qismga yuboradi. Qabul qiluvchi-o‘zgartiruvchi qism esa quloq sohasiga o‘rnatilgan elektrod orqali signallarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tovush nerviga jo‘natadi, u orqali tovush miyaga yuboriladi. Miya olingan ma'lumotni qayta ishlaydi va tovushni “eshitish” imkoniyatini yaratadi.

Zamonaviy ko‘rinishdagi implantat o‘tgan yuz yillikning 70-yillari oxirida ixtiro etilgan, garchi ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, bunday uslub XVIII asrda yaratilgan, deb hisoblanadi. O‘shanda shifokorlar yengil narkoz ostida kechgan jarrohlik amaliyotlarida metall asboblarning quloq chig‘anog‘iga tekkanida inson tovush eshitishini payqashgan. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida elektr tebranishning tovush a'zolariga ta'siri borasida ilk tadqiqotlar o‘tkazildi.

Dunyodagi birinchi ko‘p kanalli implantat esa 70-yillar oxirlarida paydo bo‘ldi, uni Avstraliyadagi firma asoschisi Grem Klark ishlab chiqdi.

 

Mavzuga oid