Jahon | 12:22 / 05.06.2017
19759
2 daqiqa o‘qiladi

Yana bir davlat Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzdi

Yaman hukumati Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzgani haqida e'lon qildi. Bu haqda Al Arabiya telekanalida xabar berildi.

Bungacha to‘rtta arab mamlakati — Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Misr va Birlashgan Arab Amirliklari Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzgandi.

Qatar va Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasidagi ziddiyat Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Fors ko‘rfazi mamlakatlari va AQSh sammitidan keyin yuzaga keldi. O‘shanda Qatar yangiliklar agentligi mamlakat amiri nomidan nutq e'lon qilgan, unda Eron bilan aloqalar o‘rnatish yoqlab chiqilgandi.

Keyinroq Qatar TIV rasmiy vakili agentlik saytiga xakerlar hujum qilib, nutqni ular joylashtirganini ma'lum qildi. Ammo Saudiya Arabistoni, BAA va Bahrayn bu raddiyani ishonchsiz deb hisobladi.

Misr Qatarni terrorchilik guruhlarini, jumladan «Musulmon birodarlar»ni qo‘llab-quvvatlab kelishda aybladi.

BAA ham Qatarni terrorizm, ekstremizm va sekta tashkilotlarini moliyalashtirishda ayblagan. Amirliklarda qatarlik diplomatlarga mamlakatni tark etish uchun 48 soat ajratilgan. 

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Yamandagi harbiy harakatlardan Qatarni chetlashtirdi. Bu Doha «terrorchilikni amalda qo‘llayotgani va mustahkamlayotgani»dan tashqari, «Al-Qoida», IShID kabi tashkilotlarga xayrixoh bo‘layotgani va ayirmachilar bilan aloqalari borligi bilan tushuntirildi.

Mavzuga oid