O‘zbekiston | 08:04 / 08.06.2017
17633
3 daqiqa o‘qiladi

FVV: Chirchiq daryosining 11 ta uchastkasida qirg‘oqlar yemirilishi va suv bosishi mumkin

Foto: Illyustrativ foto

“O‘zgidromet” markazidan olingan ma'lumotga ko‘ra, ob-havo haroratining keskin ko‘tarilishi natijasida, Toshkent viloyatining yuqori tog‘li hududlaridagi mavjud qor qatlamlarining jadal erishi tufayli Chirchiq daryosining suv sarfi ko‘payib daryo qirg‘oqlarini yemirilishiga olib kelishi aniqlandi, deb xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Hozirda, mutaxassislar tomonidan Chirchiq daryosining jami 11 ta uchastkalarida (Yuqorichirchiq – 4 ta, Qibray – 2 ta, Quyichirchiq – 3 ta va Yangiyo‘l – 2 ta) qirg‘oqlarining yemirish holatlari hamda suv bosish xavfi yuqoriligi ta'kidlanmoqda. Mazkur hududda jami 254 ta xo‘jalik (1615 nafar fuqaro), 23 ta dala hovlilar va 80 ga ekin yer maydonlari mavjud.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri - Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining 2017 yil 31 maydagi “Toshkent viloyati hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining o‘zanida va qirg‘oqlarida kechiktirib bo‘lmaydigan muhandislik-texnik va boshqa himoya ishlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi 3-sonli buyrug‘ining ijrosini ta'minlash maqsadida, FVV, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zgidromet, Davlat sanitariya va epidemiologiya nazorati markazi, Yergeodezkadastr davlat qo‘mitasi, Toshkent viloyati hokimligi mas'ul xodimlaridan iborat 6 ta guruh tashkil etilgan bo‘lib, ular tomonidan Chirchiq daryosi qirg‘oq muhofaza zonasini o‘rganish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Suv bosishi mumkin bo‘lgan hududlarni oldini olish, kelgusida aholini va ekin yer maydonlarni sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan suv toshqini bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish borasida kechiktirib bo‘lmaydigan muhandislik-texnik va boshqa himoya ishlarni amalga oshirish maqsadida, Chirchiq daryosining qirg‘oqlarida 7 iyun holatiga jami bo‘lib, 3230 m3 xarsang tosh, 480 m3 beton, 1760 m3 tosh-shag‘al ishlari bajarildi.

Amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida, Toshkent viloyati hokimligida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mas'ul xodimlari, tegishli vazirlik va idora vakillaridan iborat tezkor shtab tashkil etilgan.

Chirchiq daryosi yaqinidagi hududlarda mavsum davomida suv sathining ko‘tarilishi natijasida qirg‘oq yaqinidagi binolarning zarar ko‘rishi hamda insonlar hayotiga xavf tug‘dirishi mumkinligini inobatga olgan holda, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Chirchiq daryosi qirg‘oq muhofaza zonasida xavfsizlik qoidalariga rioya qilishingizni so‘raydi.

Mavzuga oid