Jahon | 08:25 / 09.06.2017
19457
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya prezidenti tan soqchisi "rus ruletkasi" o‘ynashi vaqtida o‘zini otib qo‘ydi

Turkiya politsiyasi Turkiya prezidenti qo‘riqlash xizmatining 24 yoshli xodimi Ramazon O‘zchelikning o‘limi tafsilotlarini tergov qilmoqda. Taxmin qilinishicha, O‘zchelik rus ruletkasi o‘ynash vaqtida o‘zini otib qo‘ygan.

Ushbu voqea 5 iyunda Istanbulda O‘zchelikning ma'shuqasi, o‘zbek millatiga mansub Farida Bayramovaning uyida sodir bo‘lgan. O‘zchelik Bayramova bilan internet orqali 9 oy oldin tanishgan bo‘lgan. Ayolning aytishicha, u marhumga rus ruletkasi o‘yini tasvirlangan bir nechta videoni ko‘rsatgach, O‘zchelik kamaridan to‘pponchani olib, "Mana, bu o‘yinni qanday o‘ynash kerak" deb to‘pponchani boshiga tiragan. Bayramova yigitni bu shumlikdan qaytarmoqchi bo‘lgan, biroq to‘pponcha tepkisi bosib bo‘lingan, deb xabar bermoqda Hurriyet nashri.

Biroq, ta'kidlanishicha, politsiyada Bayramovaning gaplari rostligiga jiddiy shubhalar bor. Ayol O‘zchelikka ko‘rishni taklif qilgan birorta videoni taqdim qila olmagan. Bundan tashqari, ayolda 4 ta mobil telefon aniqlangan. Ayol buncha ko‘p telefoni borligini u muntazam xorijga chiqishi sababli kerakligi bilan tushuntirgan.

Bundan tashqari, ayolning buyumlari orasida qayd qilish raqamida F harfi bo‘lgan bir dollarlik banknota topilgan. Taxmin qilinishicha, muxolifatchi Fathulla Gulen tarafdorlari bunday banknotalar yordamida bir-birlarini taniydilar. 

Prezident tan soqchisining o‘limini tergov qilish bilan Turkiya politsiya boshqarmasining aksilterrorchilik departamenti shug‘ullanmoqda.

Mavzuga oid