Jahon | 08:16 / 13.06.2017
18027
3 daqiqa o‘qiladi

Navalniy 30 sutkaga hibsga olindi

Foto: RIA Novosti

Moskvaning Simonovo tuman sudi 13 iyunga o‘tar kechasi rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyni Moskva markazida ruxsat berilmagan aksiyada ishtirok etishga chaqiriqlari va huquq-tartibot idoralariga bo‘ysunmagani sababli 30 kunga hibsga olish hukmini chiqardi. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar berdi.   

"Aleksey Navalniy ma'muriy huquqbuzarlikni amalga oshirishda aybdor deb topiladi va sud unga 30 kunlik hibsga olish jazosini tayinlaydi", deb hukm chiqardi sudya. 

Hibsga olish muddati 12 iyundan boshlab hisoblanadi.

Bayonnomaga ko‘ra, Navalniy "Ommaviy tadbir tashkilotchisi tomondan yig‘ilish, namoyish, miting tashkillashtirish yoki o‘tkazishning belgilangan tartibini buzish" moddasi bo‘yicha sudlandi. Uning advokatlari odamlar namoyishga aynan Navalniy chaqirig‘i bilan chiqqanlarining isboti yo‘qligini ta'kidlashgan. "Sud bayonnomasida ma'muriy huquqbuzarlik amalga oshirilgan joy va vaqt hamda aynan qanday ruxsat berilmagan tadbir tashkillashtirilgani ko‘rsatilmagan", deb aytdi advokat Vadim Kobzev.

Shu tufayli advokatlar sud qarori ustidan arz qilishmoqchiligini bildirishgan.

Navalniyning o‘zi sud yig‘ilishida sudyaning xolisligiga shubha bildirib, uning almashtirilishini talab qilgan. "Biz politsiya kelib, sizga ish materiallarini ko‘rsatgani, siz esa unda xatolarni to‘g‘rilab, boshqatdan yozishni aytganingizni bilamiz", deb aytgan Navalniy.

Politsiyada ma'lum qilinishicha, Navalniy internetda Moskva meriyasi bilan kelishilgan namoyish o‘tkazilgan akademik Saxarov ko‘chasidan namoyishchilarga Tver ko‘chasiga o‘tish haqidagi chaqiriqlarni joylashtirgani sababli hibsga olingan. Tver ko‘chasida esa namoyish o‘tkazishga ruxsat berilmagandi.  

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Moskvada 12 iyunda o‘tgan norozilik namoyishida 1800 kishi ishtirok etgan. Uning tashkilotchilari esa 15 ming kishi ishtirok etishiga ariza berishgandi. 

Mavzuga oid