Gurjistonda politsiya parlament binosi yaqinida namoyishchilarni tarqatmoqda
Maxsus kuchlar Gurjiston parlamenti binosi yaqinida namoyishchilarni tarqatmoqda, deb xabar berdi DW muxbiri. Xavfsizlik kuchlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan, namoyishchilar barrikadalar qurdi.
Gurjistonda mamlakatning Yevropa integratsiyasi kursiga qaytishini talab qilgan ommaviy namoyishlar ketma-ket oltinchi kun davom etmoqda. DW'ning Tbilisidagi muxbiri xabar berishicha, 3 dekabr, seshanba kuni kechga yaqin maxsus kuchlar parlament binosi yaqinida namoyishchilarni tarqatib yuborishga kirishgan. Ovoz kuchaytirgichlardan tarqalib ketish va xavfsizlik kuchlari ishiga aralashmaslik chaqiriqlari eshitildi.
Politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi va namoyishchilarni qo‘lga oldi, namoyishchilar barrikadalar o‘rnatib, alangalar yoqdi. Ayrim namoyishchilar pirotexnika vositalaridan foydalangan. «Mediazona» internet nashrining Mtavari Arkhi telekanaliga tayanib yozishicha, Gurjistondagi norozilik namoyishlari fonida pirotexnika do‘konlari o‘z faoliyatini cheklay boshladi.
«Exo Kavkaza» internet nashri xabariga ko‘ra, hukumatga qarshi namoyishlar nafaqat poytaxtda, balki Gurjistonning boshqa shaharlarida ham bo‘lib o‘tmoqda. «Mediazona» Batumi va Kutaisidagi namoyishlar haqida xabar berdi.
Tbilisidagi namoyishlarda 220 dan ortiq kishi qo‘lga olindi
Gurjiston poytaxti Tbilisida to‘rt kunlik namoyishlar davomida 224 kishi qo‘lga olindi, deb xabar qildi Gurjiston Ichki ishlar vazirligi 2 dekabr kuni. Qo‘lga olinganlar politsiyaga bo‘ysunmaslik va mayda bezorilikda ayblanmoqda. 36 nafar shaxs sud tomonidan jarimaga tortilgan, yana 34 nafar shaxs ma’muriy qamoqqa olingan. Hammasi bo‘lib sudga 98 kishi bo‘yicha materiallar kelib tushgan.
Ikki namoyishchi (2003 va 2007 yillarda tug‘ilgan) jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ular politsiya xodimlariga hujum qilish va o‘t qo‘yish orqali mulkka (shu jumladan, shahar mulkiga) zarar yetkazishda ayblanmoqda. Ayblanuvchilar yetti yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 113 nafar politsiyachi jarohatlangan, ulardan to‘rt nafari kasalxonaga yotqizilgan. Ichki ishlar vazirligining ta’kidlashicha, miting ishtirokchilari politsiya ogohlantirishlariga qaramay, «bir necha bor provokatsion harakatlar sodir etgan» va Rustaveli prospektidagi parlament binosi va infratuzilmasiga zarar yetkazgan.
Mavzuga oid
11:31
Zurabishvili: Gurjiston prezidenti va bosh qo‘mondoni bo‘lib qolaman
19:23 / 22.12.2024
Gurjiston bosh vaziri Kobaxidze prezident Zurabishviliga jinoiy javobgarlikka tortish bilan tahdid qildi
13:47 / 21.12.2024
Yevrokengash bosh kotibi: Tbilisi tashqi ta’sirga oid qonunni o‘zgartirishga va’da berdi
20:54 / 20.12.2024