Fan-texnika | 22:00 / 13.06.2017
7095
2 daqiqa o‘qiladi

Tesla Model X ilk krash-testida eng yuqori baholarni oldi

AQShning Yo‘l harakati xavfsizligi milliy boshqarmasi (NHTSA) Tesla kompaniyasining Model X krossoverining ilk krash-testi videosini namoyish qildi. Sinovlar 2017 yilda o‘tgan, biroq aniq sana aytilmagan.

NHTSA’ning keyinroq ma'lum qilishicha, avtomobil SUV (Sport Utility Vehicle yoki sport-utilitar transport vositasi) sinfidagi mashinalar orasida eng yuqori reytingni olgan. 

NHTSA kuzatuvi ostida o‘tgan krash-test haqiqiy peshonama-peshona urilish sharoitlarini nazarda tutgan. Model X’ning boshqa elektrokarlar kabi ustunligi uning dvigateli oldida emasligidir, bu esa kuzov deformatsiyasi hududini kengaytirishga imkon bergan.

NHTSA old o‘rindiqdagi haydovchi va yo‘lovchi boshidan, bo‘yni, ko‘kragi va oyoqlaridan jarohat olishini baholagan. O‘rtacha bo‘ydagi katta yoshli erkak va kichik bo‘yli ayol manekeni qo‘llangan. Ikkala maneken ham xavfsizlik kamari bilan mahkamlangan. So‘ngra krossover barqaror to‘siq bilan 56,3 km/soat tezlikda to‘qnashtirilgan.

Shuningdek, modelning yon tomondan krash-testi videosi ham namoyish qilingan. Haydovchi o‘rindig‘idagi kichik o‘lchamli ayol manekeni xavfsizlik kamari bilan mahkamlangan. Avtomobilga 62 km/soat tezlikda 1360 kg ga yaqin og‘irlikka ega konstruksiya kelib urilgan. 

Electrek ma'lumotlariga ko‘ra, Tesla’da har bir sinov bo‘yicha 5 yulduzli reytinglar va krossoverlar o‘rtasida eng yuqori baholar berilishi kutilmoqda. Ta'kidlanishicha, ichki sinovlar vaqtida mashinani biror marta tomiga ag‘darishga muvaffaq bo‘linmagan. 

5 yulduz olish uchun shikast olish ehtimoli 10 foiz yoki undan kamroqni tashkil qilishi kerak. Kompaniya rahbariyati esa bu ko‘rsatkich 6,5 foizni tashkil qilishiga umid qilmoqda. 

Mavzuga oid