Jahon | 20:45 / 29.06.2017
7629
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: AQSh davlat kotibi Oq uy xodimlari bilan mojaroga bordi

Foto: Reuters

AQSh davlat kotibi Reks Tillerson Oq uy xodimlar boshqarmasi boshlig‘i Jonni de Stefanoga baland ovozda gapirib, Oq uyda mojaro chiqishiga sabab bo‘ldi. Ancha bosiq bo‘lgan Tillersonning bunday qiziqqonlik qilishiga u tomondan o‘z o‘rinbosarlari lavozimlariga taklif qilingan nomzodlarning De Stefano tomondan rad etilishi sabab bo‘lgan.

Bu haqda mojaro guvohlariga iqtibos keltirgan holda Politico nashri xabar bermoqda. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, voqea 23 iyunda yuz bergan. 

Tillerson De Stefanoga dakki bergach, Oq uy xodimlariga uning obro‘siga putur yetkazayotgan ma'lumotlarni sizib chiqarib yuborish aybini qo‘ydi. AQSh davlat kotibi fikricha, De Stefano o‘z vazifasiga layoqatli emas va Davlat departamentiga xodimlarni tanlay olmaydi.

Tillerson shuningdek uchrashuvda ishtirok etganlarga AQSh prezidenti Donald Tramp unga o‘rinbosarlarini tayinlashda to‘liq erkinlik berganini eslatib o‘tdi. 

Nashr manbalarining ma'lum qilishicha, Oq uydagi uchrashuvda Oq uy xodimlari devoni  boshlig‘i Rayns Pribes, Trampning siyosiy maslahatchisi va kuyovi Jared Kushner hamda davlat kotibi devoni boshlig‘i Margaret Peterlin ham bo‘lgan. 

Odatda Tillersonga bunday janjalkashlik xos emas, u bosiq va vazmin odam hisoblanadi. Tillerson Oq uydan chiqib ketgandan keyin, Kushner uning bu xatti-harakatini "noprofessional" deb atagan.

Mavzuga oid