O‘zbekiston | 01:24 / 01.07.2017
20719
5 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: "Ayrim rahbarlar yoshlarning obro‘sini to‘kishni “ish uslubi”ga aylantirib olmoqda"

O‘zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida qator muhim muammolarni ko‘tardi. 

Shulardan biri sifatida mahalliy hokimliklar tomonidan “Kamolot” rahbarlari va xodimlarini ularga aloqasi bo‘lmagan vazifalarni bajarishga, jumladan, qishloq xo‘jaligi yumushlari, metallom topshirish, obodonlashtirish kabi ishlarga, eng yomoni, turli-tuman majlislarga jalb etish holatlarining avj olishi keltirildi. 

"Bunday achinarli holat Toshkent shahrida ham mavjud bo‘lib, “Kamolot”ning tuman kengashlari raislari obodonlashtirish ishlari, binolar fasadini ta'mirlashga safarbar etilgan. Ular ish vaqtining asosiy qismini o‘zlariga biriktirilgan “okrug”larda o‘tkazadi. Kechki payt esa hokimiyat majlislarida hisobot beradi. O‘zingiz ayting, ular qachon o‘zining bevosita ishi, ya'ni, yoshlar masalasi bilan shug‘ullanadi?

Eng yomoni, joylardagi ayrim rahbarlar “Kamolot” uchun munosib sharoit yaratib berish, yoshlar yetakchilariga yordam berish o‘rniga ularga qo‘pol munosabatda bo‘lish, obro‘sini to‘kishni “ish uslubi”ga aylantirib olmoqda.

Masalan, joriy yilning 4 may kuni Navoiy shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlarida xunuk voqea ro‘y bergan. Ichki ishlar boshqarmasi rahbarlaridan biri “Kamolot”ning Navoiy viloyati kengashi raisini ko‘pchilik o‘rtasida haqorat qilib, zo‘ravonlik bilan tadbirdan chetlashtirmoqchi bo‘lgan.

Qani, ichki ishlar vaziri, A.Azizov, siz bu masalaga qanday izoh berasiz? Navoiy viloyat hokimi, Q.Tursunov, sizning bu holatdan xabaringiz bormi? Bor bo‘lsa, bu masala bo‘yicha qanday chora ko‘rdingiz?

Shu borada Andijon viloyatidan ham noxush bir misol keltirishga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yili Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan viloyat “Kamolot” harakati kengashiga Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tantanali ravishda yangi avtobus topshirilgan. Lekin marosim tugashi bilan avtobus olib qo‘yilib, uning o‘rniga shalag‘i chiqqan eski transport vositasi berilgan. Aytinglar, bunday “o‘yin”lar, ko‘zbo‘yamachilik bilan biz yoshlarga qanday tarbiya beryapmiz?

Andijon viloyatining hokimi Sh.Abdurahmonov, siz bunga nima deysiz? Afsuski, bunday kamchiliklarni respublika miqyosidagi vazirlik va idoralar faoliyatida ham uchratish mumkin.

Xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov, ayting-chi, siz o‘z tizimingiz bo‘yicha yoshlar yetakchilari bilan qachon uchrashgansiz? Siz boshchilik qilayotgan sohada ishlayotgan pedagoglarning necha foizini yoshlar tashkil etadi? Ularning qanchasi “Kamolot” a'zolari hisoblanadi?

Hozirgi vaqtda ko‘pgina qishloq joylarda turli ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazish uchun zamonaviy infratuzilma tarmoqlari deyarli yo‘q. Masalan, Baxmal, Mirzaobod, Xovos, O‘rta Chirchiq tumanlarida yoshlar uchun istirohat bog‘lari, kinoteatrlar umuman mavjud emas.

Yana bir misol. Buxoro shahrida joylashgan Ibn Sino nomidagi dam olish va istirohat bog‘i Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, 2016 yilning noyabr oyigacha rekonstruksiya qilinib, “Kamolot” balansiga yoshlar markazi sifatida o‘tkazilishi zarur edi. Lekin mablag‘ yetishmasligi tufayli qurilish va obodonlashtirish ishlari to‘xtab qolgan.

Qani, ana shu shahar va tumanlarning hokimlari, tegishli mutasaddilar, bu masalalarga qanday baho berishingiz mumkin?

Sizlar rahbar bo‘lgan hududlarda yashaydigan yoshlar zerikkanidan nima qilishni bilmasdan, bemaza ishlarga berilishi, bezorilik, jinoyat yo‘liga kirishi, zararli oqimlarga qo‘shilib ketishi mumkinligi nahotki sizlarni bezovta qilmasa?! Yoshlar uchun barcha sharoitlarni muhayyo qildik, deb biz kimni aldayapmiz?

Shu munosabat bilan barcha katta-kichik rahbarlar qulog‘iga qo‘rg‘oshindek quyib olsin: biz endi sizlarning faoliyatingizga paxta yoki g‘allaga qarab emas, eng avvalo, sizlarning yoshlarga, yoshlarga oid davlat siyosatiga bo‘lgan munosabatingizga qarab baho beramiz.

Mavzuga oid