O‘zbekiston | 21:32 / 03.07.2017
11902
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Seul merini qabul qildi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 iyul kuni Seul shahri meri Pak Von Sunni qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Seul shahri meri prezidentga Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje Inning ushbu mamlakatga joriy yil davomida davlat tashrifi bilan borish taklifini shaxsan topshirish uchun Toshkentga kelgan. 

Davlat rahbari taklifni mamnuniyat bilan qabul qilar ekan, bugun O‘zbekiston bilan Janubiy Koreyani do‘stlik rishtalari, o‘zaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkam bog‘lab turganini alohida ta'kidladi. 

Koreya Respublikasi O‘zbekistonda sanoat va infratuzilmani diversifikatsiya va modernizatsiya qilishga doir ustuvor dasturlarni amalga oshirishda an'anaviy yetakchi investitsion va texnologik sherik hisoblanadi. Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari va banklarining 7 milliard dollardan ziyod investitsiyalari jalb etilgan holda iqtisodiyotimizning turli tarmoqlarida o‘nlab yirik loyihalar amalga oshirildi va amalga oshirilmoqda. 

Ilmiy-texnik, madaniy-gumanitar, tibbiyot va ta'lim sohalarida o‘zaro munosabatlar kengaymoqda. 

O‘zaro yaqin hamkorlikning bugungi yuksak bosqichiga ko‘p jihatdan oliy darajadagi muntazam muloqotlar tufayli erishildi. 

Uchrashuvda bugun qabul qilingan "Yo‘l xaritasi"ga muvofiq birodarlashgan shaharlar – davlatlarimiz poytaxtlari Toshkent va Seul o‘rtasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama etildi. 

Zamonaviy texnologiyalarni keng qo‘llash asosida shaharni boshqarish, transport tizimi va uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha samarali tizimni tashkil etish sohasida Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasidan foydalanish masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Shaharsozlik, arxitektura va landshaft dizayni sohalarida o‘zaro faol hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi. 

Mamlakatlarimiz poytaxtlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli loyiha va dasturlarini tayyorlash va amalga oshirish maqsadida muntazam tashriflar almashish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid