Jamiyat | 18:11 / 06.07.2017
51826
8 daqiqa o‘qiladi

Mavzuga qaytib: Oila buzilishining sababi – biz unutayotgan haqiqatlarda yashirin

5 iyul kuni Kun.uz sayti orqali “Aks-sado: «Munosabat»da mavzuga munosabat to‘liq bildirilmadi...” sarlavhali maqola e'lon qilindi. Ushbu maqolada Quddus A'zam muallifligidagi “Munosabat” ko‘rsatuvida ko‘tarilgan mavzu – oiladagi ajrimlar va qo‘shxotinlik haqida jurnalist qarashlari bitilgan. Rostini aytganda, maqolalari haqida hamkasbimning o‘ziga “shipship” qo‘ymoqchi bo‘ldim, ammo mavzu ko‘lamining kengligi va maqolada muallif fikr pozitsiyasiga ko‘plar egaligini inobatga olib, bu mavzuga o‘z munosabatimni keng omma oldida izhor etishga jur'at etdim.

Maqola haqida fikr

Maqola muallifi oiladagi ajrimlar haqida berilgan ko‘rsatuv haqida so‘z yuritar ekan, u yerga tashrif buyurgan mutaxassislar mavzudan chetlashib ketgani, buning ustiga qo‘shxotinlik masalasi ham suhbat davomida aralashib ketgani haqida fikr bildiradi va oiladagi ajrimlarga nima sabab bo‘lyapti, degan zalvorli savolga javob berib o‘tishga harakat qilgan.

Muallif ushbu sabablarni keltirib o‘tar ekan, oilalarning ajralishiga: 1. Qaynona-kelin kelishmovchiligi; 2. To‘yga oid mojarolar; 3. Ayrim ayollarimizning bemalol ro‘zg‘or tebrata olishlari; 4. Befarzandlik masalasi singari omillarni sanab o‘tadi va ularga izoh beradi. Shu bilan birga oiladagi muhim figuraning sustligi asl illat sababchisi ekanligi haqida so‘z yuritmaydi. 

Asl illat qayerda ildiz otmoqda?

Muallif yondashuviga binoan e'tibor berib qaralsa, oiladagi ajrimlarga, asosan, ayol boshchiligidagi harakat va jarayonlar sabab bo‘lmoqda. Va qo‘rqmasdan ayta olish kerak-ki, bunday holatda bu kabi noxushliklarning kelib chiqishi TABIIY tusga kiradi. “To‘yda orzu-havasim bor”, deb kelin tomonga millionlab xarajat yuklayotgan bo‘lajak qaynonaga, “o‘rtoqlarim oldida o‘zimni ko‘rsatib qo‘yay”, degan bo‘lajak kuyov bolaga oilaning boshi kimligi, qarorni faqat u chiqara olishi mumkinligini eslatib turuvchi erkak – OTA hech narsa demaydimi? Yoki o‘zbek oilasida otaning, erning, aka-ukaning, tog‘a-amakining o‘rni yo‘q bo‘lib ketdimi? Qaynona-kelin kelishmovchiligi hadeb yuzaga kelaversa, ro‘zg‘orning tinchi uchun o‘rtaga tushib, isloh qilishga oila boshida kuch topilmaydimi? 

Endi bu borada o‘z pozitsiyamni bildiray: Yosh oilalarning ajrimiga ikkita eng katta sabab bor va ular bir-birining o‘rnini qoplab keladi. Bularning birinchisi – oilada erkakning o‘rni yo‘qolib borayotgani. Qo‘pol chiqsada aytaman, ayrim erkaklarning o‘zi latta-puttaga o‘ch, ayrim erkaklarning o‘zi mayda gap, ayrim erkaklarning o‘zi oilaning tutumini ayolning qo‘liga berib qo‘ygan. Indallosini gapirganda, o‘zbek oilasida erkak qarori ila ish qilinmasligi va bu qaror erkakcha chiqarilmasligi oqibatida ajrimlar yuzaga keladi.

Oilada erkakning o‘rni deganda oilasiga baqirib-chaqiradigan, gapiga kirmasa, urib-kaltaklaydigan, adolatsizlik qiladigan, kerak bo‘lsa zulm yuzaga chiqadigan vaziyatni tushunmaslik kerak. Buyuk olimlarimiz, adiblarimiz tomonidan yozib qoldirilgan asarlarda oila qanday barpo qilingani va unda har kimning o‘z o‘rni bor ekanligi haqida juda ko‘p so‘z yuritilgan. Bularni bilish uchun qo‘lga kitob olish kerak.

Eng katta najot

Bizning eng katta najotimiz ilm olish, hayotimizga ma'rifatni singdirishdir. Oiladagi ajrimlarga ham va jamiyatda uchrovchi boshqa illatlarni bartaraf etishda ham ilmning roli cheksiz. Hayotda yashashning asl mohiyatiga tushungan odam uchun to‘yning qanaqa o‘tishi-yu, mebelning qanaqasi kelgani muhim emas. Umrguzaronlikdan maqsad “odamlar ko‘rib qo‘ysin”, deb yashash emas. Biz yo‘lning boshidan adashib ketyapmiz, qorong‘ulikka tobora kirib boryapmiz. Buning uchun bizga Prezident ta'rif bergandek “nur” kerak. Nur esa islomiy ma'rifatdadir.

Davlat rahbari islomiy ma'rifatni yoshlar orasida keng yoyish, milliy qadriyatlarimizni ular ongiga yanada singdirish va bu orqali ularda sof ma'naviy tushunchalarni paydo qilish zarurligini ta'kidladi. Mana shu islohotda gap katta. Yana bir bor qaytarishdan charchamayman – agar biz ilmni, ma'rifatni barcha narsadan ustun qo‘ymas ekanmiz, inson bo‘lib dunyoga kelib, nima uchun tug‘ilganimiz haqida mutassil tafakkur qilmas ekanmiz, iymonimiz ostiga har kuni suv qo‘yib turmas ekanmiz, aytish mumkinki, oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga, kuchli davlat qurish kabi ulkan niyatimizga, jamiyatimiz farovonligiga yetishimiz qiyin kechadi, vaqt, zehn va kuch ortiq zoye ketadi.

Ajrimdan so‘ng

Maqola muallifi ajrimdan so‘nggi holatlar haqida so‘z yuritar ekan, shunday fikr bildiradi: “Sudlarimiz bir oilani ajratishda aksariyat hollarda farzand(lar)ni ona bilan qoldirishga ajrim chiqaradi. Mana shu amaliyotni qonun doirasida o‘zgartirish kerak. Chunki bir yoki ikki nafar farzand bilan ajrashgan yosh juvon qayta oila qurishda juda-juda qiynaladi, chunki bolalari juvonga talabgor har doim ham chiqavermaydi, birovning bolasini boqishni hamma ham istayvermaydi. Aksariyat holatda ularning sobiq erining mulki, o‘z nomida turar joyi bo‘lmaydi. Ajralishdan so‘ng kelinchak hech vaqosiz qolib ketadi”.

Guldek oilasi buzilib, ruhiy bosim va ma'naviy inqirozga tushgan ayoldan bolasini tortib olish va uni o‘z xohishiga qarshi er tomonga berish ayolga qilinadigan zolimlik, deb o‘ylayman. Ayol bolasi bilan tirik, bolasi bilan hayot. Qanchadan qancha buzilgan oilalarning ayoli bolasi uchun yashayotgani, shular uchun yangi rejalar tuzib, shirin orzu-havasda umr kechirayotganini ko‘rdik. 

Ikkinchidan, “bolasi bor ekan, dardisarni nima qilaman”, degan fikrga ega erkak yo‘lboshidan yanglishgan kishidir. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) “amallar niyatga bog‘liq”, deya lutf qilganlar. Niyatni to‘g‘ri qo‘ymagan, yengillik ilinjida bo‘lgan, keraksiz orzu-havaslarga berilgan, oldingi oilasidan nega ajrashgani haqida fikr yuritmagan va o‘ziga xulosa chiqarmagan erkak ertaga ota va qaynota mavqega yetishsa, unda nima bo‘ladi? Yana bir oila ota yoki qaynota maslahati berilib, saqlab qolinish o‘rniga, e'tiborsizlik, ilmsizlik va mas'uliyatsizlik natijasida tanazzulga yuz tutadi.

Muammolarning asl ildizini topib, ilmli va oqil kishilar yordamida isloh etish bugungi kun talabidir. Bu borada kuchli-kuchli olimlarga, asarlarga, ko‘rsatuv va eshittirishlarga, amaliy harakatlarga ehtiyojimiz bor.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
jurnalist

Mavzuga oid