Jamiyat | 21:00 / 17.07.2017
44730
25 daqiqa o‘qiladi

Shohimardon manzaralari. Safar taassurotlari

Bu maqolani yuqoridagi rukn ostida yozishni istamagandim. Lekin na chora? 1991 yil O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasiga chegara simlarini tortdi. Biz uchun aziz hamda qadrdon bo‘lgan Shohimardon va shohimardonliklar Qirg‘iziston va qirg‘izlar qurshovida qolib ketdi. Vodildan Shohimardongacha bo‘lgan 25 chaqirim yo‘l esa haqiqiy sinovga aylandi.

Shunday qilib, 14 iyul, 2017 yil. Biz O‘zA muxbirlari Maqsud Sulaymonov va Muqimjon Qodirovlar bilan Shohimardonga safarga otlandik. Barcha rasmiyatchiliklarni ado etib soat 12:15 da O‘zbekistonning Vodil (rasman Farg‘ona) chegara maskaniga keldik. Turnaqator yuk mashinalar bir yo‘lakda, yengil mashinalar ikkinchi yo‘lakda navbat kutib turar edilar.

- Chegarada soatlab kutamiz, bojxonachilar mashinadan yuklarni tushirtirib tekshiruv o‘tkazgach, so‘ng yana qayta yuklaymiz. Axir hozir texnologiyalar rivojlangan, uni texnik asboblar yordamida tekshirsa bo‘lmaydimi?

Men ismingiz nima, qaysi yuk mashinasi sizniki, deb so‘raganimda suhbatdoshim zarda bilan bir xo‘mraydiyu, ters burilib ketdi. Hozirgina sizni taniymiz muxbir aka, deb suhbatga qo‘shilgan boshqa haydovchilar ham «gurr» etganicha o‘z mashinalari tomon ketib qoldilar.

- Bulardan xafa bo‘lmang, - dedi yoshi ulug‘roq bir haydovchi. – Ba'zida kun bo‘yi tekshiruvni kutamiz. Qolib ketgan kunlarimiz ham bo‘lgan. Agar sizga arz qilayotganimizni bilib qolishsa, mashinalarini biron bahona bilan qaytarib yuborishmasin, deb o‘ylashadi.

- O‘zbekiston chegarasida tamagirlik bormi? – so‘radim men.

- Yo‘q – yo‘q. Na chegarachi, na bojxonachi hech narsa so‘ramaydi. Lekin juda ortiqcha «zakonchi», ular. Qirg‘izlar esa mashinangizga qiyo ham boqib qo‘ymaydi. Faqat pul olsa bo‘ldi.

- So‘xgacha qancha (pora degan so‘zni aytishdan o‘zimni tiydim) berasiz ularga?

- Yukka qarab. Oziq – ovqat bo‘lsa hatto 3-4 million so‘mgacha. Qurilish materiallariga arzonroq, 2-3 million so‘m. Lekin shunisi yaxshiki, bir zum ham ushlab turishmaydi. Oladiyu o‘tkazadi.

Shu payt navbatda turgan odamlar bizni chaqirib qolishdi.

- Chegaradan o‘tasizlarmi o‘zi?!

Dastlab bojxona tekshiruvidan o‘tdik. Deklaratsiya to‘ldirib qayerdan, qayerga nima olib ketayotganimiz haqida yozib imzoladik. Muqimjonning fotoapparati ko‘rikdan o‘tkazildi. Bizda esa qog‘oz-qalamdan boshqa gap yo‘q edi.

Endi yana navbatga turdik. Bu galgisi chegara – pasport nazorati. Yo‘q, odam ko‘p emasdi, chamasi yarim soatlarda hujjatlarimizni ko‘zdan kechirib pasportimizga muhr bosildi.

200 metrcha neytral hududdan o‘tgach, qirg‘iz soldati bizga yo‘l chetidagi budkaga borish kerakligini aytdi. Men darchadan pasportimni uzatdim. Qirg‘iz ofitseri uni obdon titkiladi–yu, stolining chetiga tashlab qo‘ydi. U ham menga termilgancha o‘tiraverdi, men ham turaverdim. Oxir-oqibat uning sabri chidamadi.

- Stavka qani,- g‘o‘ldiradi u.

Shohimardonga yo‘lga chiqayotganimizda asli shu qishloqlik, lekin Farg‘onada tadbirkor bo‘lib ishlaydigan bir tanishim bilan uchrashgandim. U Qirg‘izistonga kirishdagi Qadamjoy chegarachisiga o‘n ming, Qirg‘izistondan chiqayotib Aq qiya postidagi chegarachisiga o‘n besh ming so‘m berasiz, degani yodimga tushdi. Men kalovlanib cho‘ntagimdan o‘n ming so‘m ajratib chegarachiga uzatdim. U bamaylixotir sanab ko‘rdi va menga baqrayib:

- Yana besh ming tashla, bunisi shtraf senga, - dedi.

Noiloj yana besh ming berdim. Bu holatni kuzatib turgan hamrohlarim darhol pasport ichiga o‘n ming qistirishdi. Darchadan pasport uzatdilaru, «sharaq» etgan tovush eshitilib, muhr bosildi.

Kimsan, qayerga ketayapsan, yoningda nimang bor, deb so‘ramadilar. Deklaratsiya ham to‘ldirmadik.

Endi nima qilishimizni bilmay turgandik, chegarachi kiyimidagi bir harbiy kelib, chiq-chiq deb bizga yo‘l ko‘rsatdi.

Panjara eshikdan o‘tdik. Bu yog‘i Qirg‘iziston edi. Tez orada biz Shohimardongacha kira qilgan “Neksiya” haydovchisi ham chiqdi.

- Ha muxbir akalar, sizlar ham berdilaringmi, - dedi u bizning ahvolimizdan kulib. - ....(u bir nima deb so‘kindi) qirg‘izlar olmasa o‘tkazmaydi. Aslida hech qanday qonuniy asos yo‘q. Biz «cho‘ng‘»lariga shikoyat qilib ham uddalay olmadik.

Tili bir ekan, ularning.

Haydovchi shohimardonlik bo‘lib, bir kunda bir marta Farg‘ona yoki Vodilga kira qilib ketishini aytdi.

- Bizni (u o‘ziga o‘xshagan kirakashlarni nazarda tutar edi) juda yaxshi taniydi ular, lekin biron gal pul olmasdan o‘tkazmaydi.

Qadamjoy tumani markaziy ko‘chasidan ketayapmiz.

Daryo shovullab toshdan – toshga urilib, yoqimli shabada taratib, oqib turar edi. Tog‘ yonbag‘ridagi archazordan ham tus olgani o‘sha sovet zamonidan qolgan nursiz, pastqam binolar. Shahar markazida boshida qushlar davra qurgan, Lenin haykali hamon turibdi.

Mashinamiz shahardan chiqqach, Hur qizlar dovonidan o‘tib, ayro yo‘ldan chap tomonga burildi. O‘ngga ketadigani So‘xga bohbo‘y bir is taraldi. Oldinda cho‘qqisini qor bosgan tog‘lar qat-qat. Salqin havodan to‘yib – to‘yib nafas ola boshladik. Chegaradagi asabbuzarlik tarqab ketgandek edi. Shu tariqa biz Shohimardonga yaqinlashib qoldik. “Aq qiya” Qirg‘iziston chegara posti ko‘rindi. Yo‘l chetida davlat raqami 08 KG 406 AAB bo‘lgan Mersades-220 rusumli mashina turar edi. Undan o‘tib ketayotgan edik, pi-pilatib signal chaldi.

- Maraz, - dedi haydovchimiz darg‘azab bo‘lib va mashinani to‘xtatib, yonidan 20 ming so‘m sanab oldida, Mersades tomon ketdi. Mashinaning qoraytirilgan oynasi tushirilib, bir qo‘l chiqdi. Haydovchi unga pul tutdi. Kuzatib turibmiz. Pulni olgach, yana oyna ko‘tarildi.

- Padaringa la'nat Qilich bo‘lgan, - dedi haydovchi endi nafrat bilan. - Teshib chiqsin.

Biz indamadik.

- O‘n beshdan tayyorlanglar, bunisi (u yana bir bor so‘kindi) o‘n beshdan olmasa shlagbaumni ochmaydi.

Men itoatkorlik bilan ichiga aytilgan pulni solib, uchta pasportni bir qilib, budka darchasidan uzatdim.

- Sen boraver, shofyor kelsin, - dedi do‘q aralash qirg‘iz chegarachisi. Keyin, stavka to‘liqmi, deb baqirib qoldi. Men «ha» degandek bosh silkadim.

Pasportimizga «14.07.177 AK-KYYa» deb yozilgan navbatdagi muhr bosildi. Sal narida O‘zbekiston chegarasi edi. Yuragim hapqirib ketdi. Hilpirab turgan bayrog‘imizga sajda qilgim keldi. O‘zbek chegarachilarining istarasi ham issiqdek tuyildi menga.

- Eson-omon o‘tib oldilaringmi, - so‘radi chegarachi yigit pasportimni qaytarib berar ekan kulimsirab.- Yaxshi dam olinglar!

1. Tarixchilar qayd etishicha topilgan, o‘rganilgan manbalarda Shohimardon qishlog‘ining nomi 6-7 - asrlarga qiyoslanadi. Bu hududlarda islom dini tarqalgach, tog‘lar qurshovidagi ikki daryo qo‘shilgan tepalikda ziyoratgoh paydo bo‘lgan. Rivoyat qilishlaricha, payg‘ambar (s.a.v)ning kuyovlari Hazrati Ali qabrlari ularning vasiyatiga ko‘ra «tog‘lar qurshovidagi ikki daryo qo‘shilgan tepalik»da bunyod etilgan. Shohimardondagi maqbarani Hazrati Alining dunyodagi yetti qabridan biri, deb ataydilar va bu yerga ziyoratchilar har qanday sharoitda ham kelib turishga harakat qiladilar.

- Hazrati Ali maqbarasi XIX asrning oxirida zilzila tufayli vayron bo‘lgan. Qayta tiklangach esa, XX asrning birinchi yarmida endi sho‘rolar tomonidan buzib tashlangan. Lekin o‘shanda ham musulmonlar qabr qubbasini qum–tuproq bilan ko‘mib yashirib qolganlar, - deydi ziyoratgoh mutasaddisi Jamolxon Saidov. – Faqat mustaqillik tufayligina maqbara tarixiy suratlar asosida yana yangitdan qurildi.

Bugun Hazrati Ali maqbarasi Shohimardonning hamma yeridan ko‘rinib turadi. U anvoyi gullar, obod va ko‘rkam shiyponlar qurshovida. Ziyoratchilar bu yerga kelib Qur'on tilovat qilib, ibodat qilishlariga barcha sharoit yaratilgan.

2. Shu yerda Farg‘ona viloyat o‘lkashunoslik muzeyining Shohimardon bo‘limi ishlab turibdi. U Hamza Hakimzoda Niyoziyning 100 yillik yubileyi kunlari ochilgan edi.

- Muzeyimizda sakkiz nafar odam ishlaydi. Ta'mirtalab holatdamiz. Eksponatlar ham u ochilganidan buyon yangilanmagan, - deydi ilmiy xodima Gulnoza Najmiddinova.

Tan olib aytish kerak. Davlat muzey va uning xodimlarini o‘z ta'minotiga olgan. Lekin bu yerda hech kimni uchratmaysiz.

- Yo‘l (O‘zbekiston-Qirg‘iziston yo‘li nazarda tutiladi) ochiq emasligi tufayli Shohimardonda faqat sanatoriyada dam oluvchilaru, sizlarga o‘xshab xizmat safariga kelganlar bo‘ladi. Ular ham muzeyga oshiqavermaydilar, - deydi muzey direktori Ma'rufjon Tursunboyev.

3. Shu tepalikda atrofidagi marmar qoplamalari ko‘chgan, qarovsiz qolgan Hamzaning qabri ham «ma'yusgina» turibdi.

- Bu yerga ham men qarayman, - deydi Jamolxon aka. – Hozirgi yoshlar Hamza kimligini bilishmaydi.

Bu naqadar achchiq haqiqat. Darvoqe Hamza kim o‘zi? Sho‘rolar davrida ta'riflanganidek, «inqilobchi»mi yoki millat va ma'rifatparvar, johillar qo‘lida qurbon bo‘lgan o‘zbek ziyolisimi? Esimda, 2000 yilda Hamza hayoti va ijodi bo‘yicha fan doktorligi dessertatsiyasini yoqlagan va professor bo‘lgan Laziz Qayumovga shu savolni berganimda «Hamza haqida aytar so‘zimni aytganman», deya javobdan qochgan edi. Afsus, olimu ulamolar, tarixchi–yu siyosatchilar haligacha bu zot haqida muxtasar bir so‘z aytmadilar. Uning haykallari buzildi, teatr, ko‘cha, metro, tumanlar boshqatdan nomlandi. Nima uchun? Bu savol hamon ochiq qolmoqda. Hamza umrining so‘nggi yillarida (1926-1929) Shohimardonda yangi tizimdagi maktab ochgan, san'at va ma'rifatni targ‘ib qilgan. Muzeyda bu dalillarni isbotlovchi fotohujjatlar, boshqa eksponatlar turibdi. U 1929 yilda Hazrat Ali maqbarasi poyida toshbo‘ron qilib o‘ldirilgan...

Uning yakka qabr toshiga o‘yib yozilgan ushbu misralari esa bugun na qalblarda, na tillarda.

...Tuzamiz yangi turmushni zamon ichra,

Abadiy so‘ngra yashaymiz jahon ichra.

4. Qishloqdagi 6 ming aholi ikkita o‘z-o‘zini boshqarish idorasi – mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashaydi. Biri "Shohimardon", ikkinchisi "Yordon" MFY deb ataladi.

- Davlatimiz, viloyatimiz rahbarlari bizdan doimo xabar olib, g‘amxo‘rlik ko‘rsatib turadilar, - deydi "Shohimardon" QFY raisi Rustamjon Tojiboyev. - Shuhrat G‘aniyev (viloyat xokimi) har ikki-uch kunda menga telefon qilib, hol-ahvol so‘raydilar. Ba'zida, kutilmaganda o‘zi mashina haydab kelib qoladi. Orqada yuk mashinasi to‘la un, yog‘, boshqa oziq – ovqat mahsulotlari. Buni tarqatib bering, deydi u. Mana bu yoqqa kiring. Bu omborxona. Zaxiramiz. To‘satdan yuz bergan sovuq marosimlarda musibatgo‘ylarga beramiz.

Qishlog‘imizda ikkita maktab, ikkita kasalxona bor. Biri yangi qurildi. Bozorimiz ishlab turibdi. Elektr kirmagan xonadon topilmaydi.

O‘zimizdan chiqqan tadbirkorlar mana, qator magazinlarni ochib ishlashyapti. Nafaqalar vaqtida beriladi. FHDYo (fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish bo‘limi) haftaning bir kuni Shohimardonda qabul o‘tkazadi. Odamlarimiz davlatimiz siyosatidan mamnunlar.

- Ular nima bilan mashg‘ul, tirikchilik manbai–chi?

Rustam aka bir oz shoshib qoldi.

- Bilasizmi, yo‘l muammosi bor. Shuning uchun qishloqda sanoat korxonalari yo‘q. Lekin kasanachilar maxsus kiyim tikib beradi, tog‘ning kechki o‘rigini quritib sotishadi, Shohimardon olmasi, malinasi xaridorgir. Xar bir xonadon chorva qilgan. Hozir sanatoriyada 300 nafardan ortiq odam davolanyapti. Echki suti asosan shu yerda sotiladi.

- Negadir yoshlar kam ko‘rinadi, ko‘chalarda?

- Ha, uch yuzdan ziyod yoshlar Rossiya, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarga ishlagani ketishgan.

5. "Yordon" mahallasining yuqori ko‘chasida bundan 20 yillar chamasi avval ikki qavatli o‘ziga xos me'moriy yechimga ega bino qurilgandi. «Yo‘l muammosi» tufayli Shohimardonga odamlar dam olgani kelolmay qoldilar. Tadbirkor Hamidjon Abdurahimov viloyat soliq idorasiga tegishli bu binoni ijaraga olib uni ta'mirlabdi va «Farg‘ona vodiy sayyoh» MChJ ning ekoturizm markaziga aylantiribdi. Daryo bo‘yi, tog‘ etagi g‘oyat ko‘rkam, barcha qulayliklarga ega ekoturizm markazida Toshkent shahridan kelgan 30 nafar keksa va O‘FF 1-ligasi qatnashchisi «Istiqlol» futbol jamoasi a'zolari dam olishayotgan ekan.

- Zilol suv, tog‘ning sof havosi, betakror manzara va samimiy xizmat – bular hammasi shu markazda mujassam, - deydi mehnat fahriysi, dam oluvchi Tolibjon Karimov.

- Biz yozgi ta'til tayyorgarligini Shohimardonda o‘tkazishga qaror qilib adashmagan ekanmiz, - deydi «Istiqlol» bosh murabbiyi Usmon Asqaraliyev. – Bu yerda stadion, yugurish yo‘laklari, jismoniy chiniqish mashqlari uchun tabiiy relf va iqlim bor. Futbolchi malaka mashg‘ulotlari o‘tkazishning eng samarali sharoiti muhayyo.

6. Qishloq tog‘lar qurshovida, tekis maydon yo‘q. Dehqonchilik suv yetib boradigan qiya adirlarda xolos. Iqlim esa salqin. Bunday sharoitda bug‘doy ekib hosil olib bo‘lmaydi. Demak un qishloqqa «katta yer» dan keltiriladi. Yordondagi yagona bo‘lgan oziq – ovqat do‘koni oldida odamlar to‘planib turar edi.

- Un kelibdi. Shunga navbatda turibmiz, - deydi Abduvosit Qodirov. – Davlatimizga rahmat, un, yog‘, yetkazib berib turibdi. Lekin do‘konchi ikki oyda bir marta un bilan savdo qiladi. Ba'zan tejamkorlik ham ish bermay qolyapti. Un yetishmayapti.

- To‘g‘ri, - dedi uning gapini ma'qullab Saboxon Jo‘rayeva. – Belgilangan normadagi unni olyapmiz. Ammo nonsevar xalqqa u ozlik qilyapti. Tijorat narxida bo‘lsa ham un keltirib sotilishini yo‘lga qo‘yib bersalar edi...

7. Shohimardonning shimoliy qismi tog‘ tepasida Qo‘liqurbon bor. Undan va uning etagidagi Beshpanja buloqlaridan bir daryo suv qishloq tomon shiddat bilan oqib keladi. Esimda bundan 15-16 yil avval ko‘l etagidan qishloqqacha diametri 1 metrli po‘lat quvurlar tortib yo‘l ostiga ko‘milgan edi. Keyin suvi salkam 20 metr tepadan Ko‘ksuv daryosiga quyiladigan quvurlar ham yotqizilgan. Bu yerda, daryo tepasida kichik GES binosi qurilib elektr quvvati ishlab chiqaradigan agregatlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan edi, o‘shanda. Ammo loyiha chalaligicha qolib ketdi.

- Biz bu muammoni Oliy Majlis deputatligiga nomzodlarning biriga aytgan edik, u albatta GESni quramiz deb bizni ishontirib va'da berdi, - deydi 79 yoshli Shoir ota Komilov. – Men qishloq ahlini shu nomzodga ovoz berishga da'vat etdim. U parlament deputatligiga saylandi. Ammo... va'da va'daligicha qolib ketdi. Men esa hamqishloqlarim oldida uyalib qoldim.

Agar shu kichik GES ishga tushsa, bilasizmi, hozir qishlog‘imizga Angrendan ko‘mir keltiryaptilar, u ham kerak bo‘lmaydi. Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi xalqimizga yetib ortadi. Qolganini eksport qilsak ham bo‘ladi. Bu mutaxassislar hisobotidagi gap, muxbir uka.

Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘onada kichik GESlar quringlar, dedi. Televizorda o‘zim ko‘rdim. Shunda yana umid paydo bo‘ldi, bizlarda. Zero, Shohimardon GESi kattalarning esiga tushib qolsa.

- 2017 yil qish mavsumi uchun Shohimardon aholisiga 1650 tonna ko‘mir Angrendan keltirilishi rejalashtirilgan, - qo‘shib qo‘ydi mahalla raisi Rustamjon Tojiboyev.

8. Ba'zan shunday bo‘ladi. Tashabbus qanchalar tez boshlansa, shuncha tez so‘nadi... Shalang - Shohimardonliklarning «umid» tog‘lari. Uning cho‘qqisida bir necha telefon stansiyalarining to‘lqin uzatkichlari turibdi. Ular qatoriga elektr transformatorini eslatuvchi metalldan yasalgan quti ham o‘rnatilgan.

- Shohimardon qishlog‘ida televizor faqat «O‘zbekiston» telekanalini qabul qiladi xolos, - deydi tadbirkor Saodatxon Mahmudova. –Farzandlarimiz «Yoshlar», «Sport», biz esa «Farg‘ona», «Navo», «Ma'naviyat va ma'rifat» kabi boshqa kanal ko‘rsatuvlarini tomosha qilgimiz keladi, lekin buning iloji yo‘q. O‘sha, tog‘dagi qutiga allaqanday uzatkichlar keltirilishi kerak ekan. Bu haqda kimga arz qilmaylik, ana keladi, mana keladi bilan bizni «siylab» ketaveradilar. O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatovga iltimosimizni yetkaza olasizmi?

9. 2017 yil Shohimardon va shohimardonliklar hayotida unutilmas voqealardan biri ro‘y berdi. Qishloqdagi sobiq tibbiyot punkti mutlaqo yangitdan ta'mirlandi, kengaytirildi, maxsus asbob va anjomlar keltirib jihozlandi, jarrohlik, tug‘uruqxona, bolalar kasalliklari bo‘limlari ochildi. Malakali mutaxassislar bilan ta'minlandi. Gul va tog‘ning manzarali daraxtlariga burkangan kasalxonani eng so‘lim oromgohga qiyoslagim keladi.

Bosh shifokor Dilorom Toshboltayeva «El yurt hurmati» ordeni sohibi.

- Ilgari to‘lg‘oq tutgan ayolni Qirg‘iziston hududi, to‘rtta chegara postidan olib o‘tib tuman markazi – Vodilga olib borilardi. Yoki kichik jarrohlik amaliyoti zarur bo‘lgan bemor ham yana Vodilga jo‘natilar edi. Bu kasalxona bitib ishga tushguncha viloyatimiz rahbarining bir oyog‘i shu yerda bo‘ldi. Mana endi bemorlarga barcha sharoitlar yaratildi. Biz ochiq yuz, chog‘ kayfiyat bilan xizmat qilyapmiz.

"Yordon" mahallasida tez yordam bo‘limi ochildi. Zarurat tug‘ilsa, bemor zudlik bilan maxsus jihozlangan mashinada bu yerga, shifoxonaga olib kelib yotqiziladi.

Dilorom opaning yodiga bir narsa tushdi shekilli, xandon kulgisini yashira olmadi.

- Taraqqiyot mavzesida biz, tibbiyot xodimlari uchun «shifokorlar uyi» qurildi.

Shifoxona bo‘limlari bilan tanishamiz. Xonalar orasta, keng, yorug‘. Barcha zarur mebellar bilan jihozlangan. Jarrohlik amaliyoti xonasi shahardagilardan hech qolishmaydi.

- Tez-tez qon bosimi kasalim xuruj qilib turardi. Vodilga borish malol kelardi. Mana endi qishlog‘imizdagi shifoxonada davolanyapman, -deydi Rasul aka Ikromov.

10. Shohimardonning eng ko‘rkam binolaridan yana biri 1-o‘rta maktabdir. Unda 382 nafar o‘quvchi bor.

- Bu yil maktabimizda o‘ninchi sinf ochildi, - deydi direktor Isoqjon Tojiboyev. – Ilgari 9-sinf bitiruvchilari noiloj Vodil yoki Farg‘onadagi kollej va litseylarga ketar edi. Mana endi majburiy o‘rta ta'limni shu yerda oladilar.

Maktabni havas bilan tomosha qilasiz. Kompyuter sinflari, sport zallari, sahnali yopiq majlislar zali, fan laboratoriyalari, tikuvchilik ustaxonasi.... Lingafon kabinetini aytmaysizmi.

- Ingliz tiliga qiziqish katta o‘quvchilarimizda, - deydi Isoqjon aka. – Shu kichik maktabda 4 nafar ingliz tili o‘qituvchisi ishlaydi.

Bu bino, xonalar, yo‘lak va hovlidagi inglizchi yozuvlardan ham ko‘rinib turardi.

Sport zalida 50 chog‘li bola mashg‘ulot o‘tkazayotgan ekan.

- Muay Tay sport turi rivojlangan, - deydi murabbiy Javlonbek Azizov. – Yaqinda Andijonda, Farg‘onada bo‘lib o‘tgan respublika musobaqalarida tarbiyalanuvchilarimdan Abdulaziz Shavkatov, Qahramon G‘ulomov, Islom Abdufattohovlar sovrinli o‘rinlarni egalladilar.

11. Ma'murjonova Afifa Muzaffar qizi. Bu nomni eslab qoling. Hali yillar o‘tib u mamlakatimiz nomini balki dunyoga mashxur qilar. Ha – ha, shu uch yoshli qizaloq haqida bu tarif.

Muhayyo Qodirova to‘satdan nabirasida yodlab qolish xotirasi kuchliligini payqab qoldi. U Afifaga qaysi ertakni aytib bersa, sahifa – sahifa matnni bolalarcha tilda darhol qayta hikoya qila olardi. Buvijoni asta davlatlar nomi, mamlakatlar poytaxtlarini tilga oldi. Qizaloq barchani lol qoldirib uni ham bir marta eshitganidayoq yod olgandi. Keyin Muhabbat opa nabirasiga globusdan mamlakatlar joylashuvini tushuntirdi. Afifa yana mo‘'jiza ko‘rsatdi. 185 ta davlat va uning poytaxtini globusdan ko‘rsatar va nomini aytardi. Biz u bilan uchrashgan chog‘da atayin qit'alarni chalkashtirib davlat nomlarini aytdik. U esa hech adashmay «yer shari» dan o‘sha mamlakatni topar, poytaxti esa falon shahar deb uni ham jajji barmoqlari bilan ko‘rsatardi.

Yo‘q Afifa na yozish, na o‘qishni bilmaydi. Faqat noyob xotirasi tufayli shunday bilag‘on. U 2014 yil 12 aprelda dunyoga kelgan. 53 yil avval, shu kuni inson ilk bor fazoga uchgandi. Bu sanada biron karomat bormikan? Nima bo‘lganda ham shohimardonlik bu vatandoshimiz uch yoshida «dunyoni zabt etdi». Hozircha globus va xotirada bo‘lsa ham.

Epilog.

Bir kunlik safar nihoyasiga yetdi. 2017 yil 15 iyun. Biz Shohimardondan qaytib yana Qirg‘izistonning “Aq Qiya” postiga keldik. Yana o‘sha manzara. Noiloj pasportlarga pul qistirdik. Chegaradan o‘tsak yo‘l chetida turgan kechagi Mersades chirog‘ini bir yoqib o‘chirdi. Kirakash haydovchimiz so‘kina – so‘kina 20 ming so‘mni olib borib uzatdi. Haydovchi o‘tirgan tomon oynasi tushirilib tanish qo‘l chiqdiyu, pulni changallaganicha ko‘zdan yo‘qoldi.

- Shu pulni bermasdan o‘tib kelsangiz bo‘lmaydimi, - so‘radim haydovchidan.

- Qilich darhol Qadamjoy postiga qo‘ng‘iroq qilib mashina nomerini aytadi. Yo‘l bitta. Ilojsiz o‘sha yerga boramiz. Endi 20 emas, 40 ming to‘laysan, deydi. Urishib, mushtlashib ham ko‘rdim. Foydasi bo‘lmadi. Uch – to‘rt soat qamab turib, so‘ng bor pulimni olib arang qo‘yib yubordilar.

Biz Qadamjoy tomon ketardik. Negadir bugun Qirg‘iziston tog‘lari, daryolar ham kechagidek jozibador emasdi.

Muhammadjon Obidov

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Mavzuga oid