Jamiyat | 10:49 / 19.07.2017
18238
3 daqiqa o‘qiladi

«Yunusobodtumangaz» va «Shayxontohurtumangaz» mas'ul shaxslari 3,4 milliard so‘mlik qarzni aholiga «yuklagan»i ma'lum bo‘ldi 

Majburiy ijro byurosi direktori Botir Qudratxo‘jayevning O‘zA bilan suhbatda aytishicha, energiya resurslari bilan bog‘liq barcha holatlarni tizimli o‘rganish davomida 432 qonunbuzarlik aniqlangan. Ular yuzasidan 67 jinoyat ishi, 365 ma'muriy ish qo‘zg‘atildi. 

“Nazorat tadbirlari davomida asosiy e'tibor elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib beruvchi korxonalarning o‘z vazifalariga sovuqqonlik bilan qaragan, vakolatini suiiste'mol qilgan mansabdor shaxslari faoliyatiga qaratilmoqda. Ularning debitorlik qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha lozim darajada chora ko‘rmay qilgan mas'uliyatsizligiga qonuniy baho beriladi. Chunki o‘tgan davrda ular tomonidan bu borada 44,8 milliard so‘m qarzdorlik vujudga kelishiga yo‘l qo‘yilgan. (Buning 40,4 milliard so‘mi elektr energiyasi bo‘yicha, qolgani tabiiy gaz bo‘yicha). Bunday holatlar bo‘yicha 12 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi”, - deydi Qudratxo‘jayev. 

Uning aytishicha, Oq oltin tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari oldindan ellik foiz to‘lovni to‘lamagan 186 yuridik shaxsga 286,6 million so‘mlik elektr energiyasi yetkazib bergan. Bu yo‘nalishda 888 million so‘m qarzdorlik vujudga kelgan bo‘lsa ham, uni undirish choralarini ko‘rmagan. 

“Energiya resurslarini yetkazib berish sohasida suiiste'molchilikka yo‘l qo‘yilishi oqibatida sun'iy qarzdorlik vujudga keltirilgan. Aniqroq aytganda, turli yo‘llar bilan ishlatilgan, bazaga kiritilgan bunday qarzdorlikni “yopish” uchun ular aholiga taqsimlangan. Misol uchun, «Yunusobodtumangaz» va «Shayxontohurtumangaz» korxonalari mas'ul shaxslari gaz iste'moli bo‘yicha belgilangan tartibda hisob-kitob va nazorat ishlarini yetarli darajada amalga oshirmagani tufayli 3,4 milliard so‘m qarzdorlik vujudga kelgan. Bu boradagi kamomadni qoplash uchun ular bu summani aholiga “yuklagan”, - deydi Majburiy ijro byurosi direktori. 

Mavzuga oid