Botir Qudratxo‘jayev: «Noreal qarzdorlik bor, ammo u MIB tufayli kelib chiqmagan»
Shiddatli axborot davrida yashayapmiz. Nafaqat qaysidir shaxslar, mansabdorlar, balki butun tashkilotlar ham o‘z faoliyati bilan tez-tez omma e'tiboriga tushadi, bahs-u munozaralarga sabab bo‘ladi. Ana shunday tashkilotlardan biri Majburiy ijro byurosidir. Haftaning biror kuni, oyning biror haftasi yo‘qki, bu byuro faoliyatiga oid xabarlar e'lon qilinmasa. Shu jihatlarni hisobga olib, byuro faoliyati bilan yaqindan tanishish, to‘planib qolgan savollarga javob olish maqsadida MIB direktori Botir Qudratxo‘jayev bilan suhbatda bo‘ldik.
– Byuroga e'tirozlarning aksariyati iste'molchilardan talab qilinayotgan noreal qarzdorliklari bilan bog‘liq.
– Noreal qarzdorlik – asosciz qarzdorlikning kelib chiqishi Byuro organlari tashkil etilishi bilan bog‘liq emas. Ushbu holatlar Byuro faoliyati davrida ko‘proq yuzaga chiqdi. Masalaga chuqurroq yondashilsa, bunday qarzdorliklar muqaddam iste'molchi korxonalar tomonidan foydalanilgan resurslarning iste'molchilarga yillar davomida hisoblanib kelinishi oqibatida yuzaga kelgan.
Bu qarzdorlik o‘zi qayerdan kelib chiqqani ko‘pchilikni qiziqtiradi.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ta'minotchi korxonalar tomonidan iste'molchilar to‘liq ko‘rikdan o‘tkazilmasligi, energiya resurslari va suv ta'minotining talon-toroj qilinishi, energiya resurslari va suvning iste'molchilarga yetkazib berilishidagi tabiiy yo‘qotishlarning iste'molchilar zimmasiga qarzdorlik sifatida qo‘yilishi bunga asosiy sabab bo‘lgan.
Yana ham soddaroq qilib aytaman, birorta xonadon yoki korxona tashkilotda foydalangan tabiiy resurslar uchun to‘lov amalga oshirilmagan va buning evaziga qarzdorlik yuzaga kelgani haqidagi ma'lumot ro‘yxat asosida ta'minotchi korxonalardan Byuro organlariga kelib tushadi.
Shu ma'lumot asosida Byuroning davlat inspektorlari qarzdorning manziliga chiqadi. Maqsad esa qarzdorlikni undirish! Iste'molchi manziliga borilganda ma'lum bo‘ladiki, u yerdagi hisoblagichdagi ko‘rsatkich davlat inspektori qo‘lidagi ma'lumotdan keskin farq qiladi.
Mana shu jarayonda asosiy tafovut yuzaga keladi va Byuro xodimlariga ko‘plab e'tirozlar bo‘ladi.
Demak, nima qilish kerak, qanday yo‘l tutmoq lozim, degan savol tug‘iladi.
Bunday holatda iste'molchi davlat inspektori vaziyatni tushuntirib, to‘lov haqidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim va hududiy bo‘lim yoki boshqarma nomiga murojaat qilishi zarur. O‘z navbatida Byuro mas'ul xodimlari ushbu holatga aniqlik kiritish uchun qayta hisob-kitobni amalga oshirib iste'molchi manzilida xatlov o‘tkazadi, ortiqcha bo‘lgan qarzdorlikni olib tashlab, bazaga haqqoniy qarzdorlikni kiritish choralarini ko‘radi.
Byuro organlari tomonidan bu kabi salbiy holatlar oldini olish yuzasidan 2018 yilda tasdiqlangan energiya resurslari iste'molchilarini to‘liq ko‘rikdan o‘tkazish haqidagi Respublika miqyosidagi qo‘shma ko‘rsatmaga asosan, joylarda Ishchi guruhlar tuzildi.
Ishchi guruhlar tomonidan mahallalardagi barcha xonadonlar ko‘rikdan o‘tkazilishi, ko‘rik jarayonida iste'molchi xonadonidagi hisoblagich ko‘rsatgichlari, davlat inspektori qo‘lidagi qarzdorlik ro‘yxatidagi qarzdorlik summasi va xonadon egasi tomonidan taqdim qilingan to‘lov kvitansiyalari bilan solishtiriladi, real qarzdorlik mavjud bo‘lsa ushbu qarzdorlikni bartaraf etish yuzasidan talabnomalar berilmoqda
Aksincha, qarzdorlik mavjud bo‘lmasa, davlat inspektoridagi ro‘yxatda ko‘rsatilgan summa noreal qarzdorlik deb topilib, tegishli tartibda ishchi guruh a'zolari tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan va ushbu noreal qarzdorlik summasini iste'molchi hisobidan olib tashlash choralari ko‘rilmoqda.
Byuro organlari faoliyatini boshlagandan hozirga qadar 1 trln. 34 mlrd. so‘mlik noreal qarzdorlik aniqlandi va 146ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Xatlov tadbirlari hozirda ham davom ettirilmoqda.
– So‘nggi paytlarda yangi joriy qilinayotgan elektr hisoblagichlar «juda ko‘p yozib yuborayotgani» haqida fikrlar bildirilmoqda. MIB bu masalaga izoh bera oladimi?
– Davlat rahbarining «Elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini jadal joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori bilan joylarda iste'molchilarning elektr energiya iste'molini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan (ASKUE) tizimiga ulanish jarayonlari boshlandi.
Hozirda Byuro ta'minotchi korxonalar bilan respublikamizda 1 mln. 278 mingdan ortiq elektr energiyasi iste'molchilariga elektron hisoblagichlar o‘rnatib, avtomatlashtirilgan tizimga ulanishga amaliy yordam ko‘rsatdi.
Davlatimiz rahbarining 23.11.2018 yildagi «Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Majburiy ijro byurosi tomonidan «O‘zbekenergo» AJga beg‘araz ravishda 500 milliard so‘m ajratildi.
Bu tizim inson omilidan xoli bo‘lgani holda, iste'molchi va elektr tarmoqlari o‘rtasidagi hisob-kitob mexanizmini yanada takomillashtiradi, iste'molchining hushyorligini yanada oshiradi, to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash bilan birga tarmoqdan noqonuniy ulanishlar oldini olish kabi asosiy muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
– Yaxshi bilamizki, Majburiy ijro byurosi tashkil topishi bilan jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari, ayniqsa internet ijtimoiy tarmoqlari e'tiborida bo‘ldi. Lekin ularning aksariyati negativ xarakterda. Savol tug‘iladi – nega?
– Faoliyatimiz haqida rasmiy saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda ma'lumot va xabarlar yoritib borilmoqda. Biz tarqatilayotgan har bir xabar va ma'lumotni tahlil qilib, unga obektiv baho berishga harakat qilamiz.
Aksariyat hollarda, Byuro faoliyatiga doir ma'lumotlarni joylashtirishda har doim ham obektiv baho berilmayapti, yoki ayrim shaxs yoki guruhlar manfaati uchun, bir tomonlama yondashilib, amaldagi qonunchilik talablari inobatga olinmayapti.
Misol uchun, so‘nggi 8 oy ichida 70dan ortiq ana shunday xabarlar tarqatildi.
Har bir xabarga huquqiy baho beramiz, agar iste'molchi nohaq bo‘lsa bu haqda tushuntirish beramiz, xabar obektiv yondashilmagan bo‘lsa, ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarga rasmiy munosabatimiz yoki raddiyamizni bildiramiz.
Agar xodimning xatosi yoki aybi bo‘lsa unga ham murosasiz munosabat bildiramiz va qat'iy chora ko‘riladi.
Achinarlisi, to‘lov qobiliyati ega bo‘lgan ayrim fuqarolar, qarzdorlikni bartaraf etish o‘rniga, ijtimoiy tarmoqlar orqali Byuro faoliyati haqida noto‘g‘ri xabarlarni joylashtirishga harakat qilish holatlari ham yo‘q emas.
Byuro faoliyatiga oid har qanday masala bo‘yicha fuqarolarimiz uchun qisqa «1107» raqamli ishonch telefoni kun-u tun ishlab turibdi, har bir murojaat nazoratga olingan holda, o‘rganib qonuniy baho beriladi, o‘z navbatida amaliy yordam ham ko‘rsatib muammolarni ham hal etish bo‘yicha choralarni ko‘ramiz.
Bu borada, iste'molchilarni energiya resurslaridan foydalanishga oid shartnoma majburiyatlari va to‘lov intizomiga rioya qilishga undagan bo‘lar edik.
Majburiy ijro byurosi faoliyatiga oid har qanday qiziqtirgan ma'lumotlarni ommaviy axborot vositalari orqali yoritish va bu borada hamkorlik qilish tarafdori.
Byuro xodimlari tomonidan jamoatchilik va aholi o‘rtasida 144 978ta huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lsa, shundan 21 170tasi ommaviy axborot vositalarida amalga oshirildi.
To‘lov intizomini mustahkamlash orqali qarzdorlikni kamaytirish, energiya tarmoqlariga noqonuniy ulanish, sud va boshqa organ hujjatlarining ijrosini ta'minlash kabi vazifalarini bajarish Byuro xodimlariga oson kechmayapti.
Ish hajmining ko‘pligi va og‘ir sharoitda ishlashni hohlamagan 5700dan ortiq yaqin xodimlar o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shatilgan.
Birgina, o‘tgan 8 oy davomida Byuro xodimlariga qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq 90ta holat aniqlanib, aybdorlarga qonuniy chora ko‘rildi.
Bunday holatlar fuqarolarimizning Byuro xodimining harakati yoki qonuniy talabini bajarish o‘rniga, vaziyatni o‘z tomoniga og‘dirish uchun qarshilik ko‘rsatishi sababli yuzaga kelmoqda.
Byuro tashkil etilgandan buyon 4 nafar xodim o‘z vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan, 150dan ortiq xodimlarga turli darajada tan jarohati yetkazilgan.
– Ammo Byuroning barcha xodimlarini ham halol ishlayapti deb bo‘lmaydi. Korrupsiya holatlari to‘g‘risida xabarlar chiqib turibdi.
– Albatta, Byuro organlarida xodimlar tomonidan sodir etilayotgan korrupsiya va nojo‘ya xatti-harakatlar uchrab turibdi. Byuro o‘z vazifasini suiiste'mol qilib, tamagirlik va pora olish holatlarini sodir etgan xodimlarga ham murosasiz munosabatda bo‘lmoqda. O‘tgan 8 oy davomida xodimlar tomonidan 19ta holat aniqlandi. Shu bilan birga, xodimlarning kasbiy malakasini oshirish hamda ma'naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash profilaktik va tushuntirish ishlari davom ettirilmoqda.
– Bugungi faoliyatingizdagi yirik muammo nimada deb o‘ylaysiz?
– Byuro faoliyatida asosiy muammolardan biri energiya resurslari va suv ta'minoti sohasida undiruvlarni amalga oshirishda aholi iste'molchilar bilan bog‘liq bo‘lmoqda.
Ya'ni, biz to‘lov qobiliyatiga ega bo‘la turib, qarzdorlikni to‘lashga kelganda paysalga soladigan, ba'zi hollarda xodimlarning harakatiga to‘sqinlik qiladigan ayrim iste'molchilarni nazarda tutmoqdamiz.
Shuni inobatga olib, Respublika bo‘yicha (9019ta) 1924ta intizomsiz mahallalar ro‘yxati shakllantirildi va Byuro tomonidan sektor rahbarlari hamda jamoatchilik bilan hamkorlikda televideniye vakillarini jalb qilgan holda profilaktik tadbirlar o‘tkazishga asosiy e'tibor qaratilmoqda.
Biz belgilangan vazifalarni bajarish hamda to‘lov intizomini mustahkamlash orqali energetika sohasini modernizatsiyalash, ichki infratuzilma va aholining ijtimoiy himoyasini ko‘tarishga o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarur deb hisoblayman.
Abror Zohidov suhbatlashdi, tasvirchi Abdusalim Abduvohidov.
Mavzuga oid
08:00 / 05.12.2024
321 mln so‘mni talon-toroj qilgan MIB xodimi ushlandi
13:29 / 30.11.2024
MIB Sud ijrochilari xalqaro ittifoqi bilan hamkorlik qiladi
18:40 / 09.11.2024
MIBning Andijon va Farg‘ona viloyatlari boshqarmasi rahbarlari o‘zgardi
07:37 / 08.11.2024