Sport | 19:20 / 24.07.2017
18789
3 daqiqa o‘qiladi

11 yoshli Javohir Sindorov shaxmat bo‘yicha xalqaro usta talabini bajardi

Hozirgi kunda O‘zbekistonning eng kuchli 20 nafar shaxmatchisidan olti nafari yoshlar terma jamoasi a'zolaridir. 

Ular o‘zbek shaxmatining umidi, porloq kelajagi, ta'bir joiz bo‘lsa, oltin avlodi vakillaridir: Temur Qo‘yboqarov (2468 reyting bali bilan 7-o‘rinda, 2000 yili tug‘ilgan), Nodirbek Abdusattorov (2467, 8-, 2004), Nodirbek Yoqubboyev (2433, 10-, 2002), Javohir Sindorov (2383, 17-, 2005), Shamsiddin Vohidov (2383, 17-, 2002) va Saidakbar Saidaliyev (2373, 20-, 2001). Ular orasida eng yoshi Javohir Sindorov shu yil dekabr oyida 12 yoshni to‘ldiradi. 

O‘tgan oyda poytaxtimiz mezbonlik qilgan FIDEning 3.4-zonasi — Markaziy Osiyo chempionatida 9 imkoniyatdan 6 ochko jamg‘arib, 4-o‘rinni egallagan iste'dodli yosh shaxmatchimiz xalqaro toifadagi sport ustasi normasini uchinchi marotaba bajardi.

Ta'kidlash joizki, bu mamlakatimiz miqyosida rekord natija hisoblanadi. Taqqoslash uchun, o‘zbekistonlik xalqaro grossmeysterlardan Tohir Vohidov 30 (1993 yili), Mixail Saltayev 28 (1990), Saidali Yo‘ldoshev 27 (1995), Aleksey Barsov 26 (1992), Sergey Zagrebelnyy 25 (1990), Marat Jumayev 22 (1998) yoshida xalqaro master (IM) unvoniga sazovor bo‘lgan. Nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo shaxmatchilari orasida birinchi bo‘lib xalqaro grossmeyster darajasiga erishgan Georgiy A'zamov ham sobiq ittifoq davrida, ya'ni, 1982 yili ushbu unvonga sazovor bo‘lganida 28 yoshda edi. 

Yosh shaxmatchilarimiz dunyoning istalgan burchagida tashkil etilayotgan nufuzli turnirlarda, qit'a va jahon chempionatlarida ko‘rsatayotgan natijalar yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. 2012 yili Nodirbek Abdusattorov, 2015 yili Shamsiddin Vohidov tengqurlari o‘rtasida jahon chempioni bo‘ldi. Iste'dodli yoshlarimizdan Temur Qo‘yboqarov 16, Shamsiddin Vohidov 14, Nodirbek Abdusattorov 12 yoshida xalqaro toifadagi sport ustasi unvoniga sazovor bo‘ldi. Endi ular safiga 11 yoshli Javohir Sindorov ham qo‘shildi. 
                  
Aka-uka Javohir, Islombek va Humoyun Sindorovlar shaxmatda erishayotgan natijalar bugun barchamizni quvontirmoqda. Javohir va Islombek maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatining bir necha karra g‘oliblaridir. Endi 8 yoshni to‘ldirgan Humoyun ham akalari izidan g‘ayrat bilan bormoqda. 

Javohir 2005 yil 8 dekabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Hozir Sergeli tumanidagi 300-IDUM o‘quvchisi. 

Javohir ayni damda (1 iyul holatida) jahonning 12, 13 va 14 yoshli eng kuchli shaxmatchilari reytingining kuchli o‘nligidan joy olib turibdi. Ya'ni, 14 yoshlilar reytingida 9-, 13 yoshlilar o‘rtasida 7-o‘rinni band etgan, 12 yoshlilar orasida esa jahonning 2-raqamli shaxmatchisi hisoblanadi. U yaqin kelajakda yanada baland marralarni zabt etib, o‘zbek shaxmatining haqiqiy javohiriga aylanishiga ishonamiz.

Husan Nishonov

Mavzuga oid