Fan-texnika | 17:38 / 24.07.2017
8261
2 daqiqa o‘qiladi

Microsoft 32 yildan beri ishlatilayotgan Paint ilovasini qo‘llashni bas qiladi

Microsoft kompaniyasi ilk marta 1985 yili ishlab chiqilgan Paint grafik redaktorini dasturiy jihatdan ta'minlashni bas qilmoqda. Windows 10 operatsion tizimi uchun ishlab chiqilgan Fall Creators Update yangilanmalar ro‘yxatiga qarab, shunday xulosaga kelish mumkin.

Paint ilovasi ro‘yxatda «eskirgan» (deprecated) deya qayd etilgan. Bu esa Microsoft’ning faol ishlanmasini bas qilgani va Windows’ning keyingi versiyalaridan butunlay olib tashlashini bildiradi. 

Microsoft eskirgan xizmatlarga tizimning zaxira nusxasi System Image Backup (SIB) Solution yaratish funksiyasini ham qo‘shgan, uning o‘rniga boshqa ishlab chiqaruvchilarning yechimlaridan foydalanishni maslahat bergan.

Bundan tashqari, Microsoft Windows 10’ning yangi versiyasida elektron pochta bilan ishlovchi Outlook Express dasturi hamda matnli fayllar bilan ishlovchi Reader app ilovasini ham o‘chiradi — Edge brauzeriga intergatsiya qilinadi. 

Paint ilovasi ilk marta 1985 yilda Windows 1.0. versiya bilan birgalikda ishlab chiqarilgan edi. 2017 yilning bahorida Microsoft Windows 10 Fall Creators Update yangilanmasini e'lon qildi va uning tarkibiga 3D-obektlar bilan ishlovchi yangilangan Paint 3D dasturi ham kiritildi. 

Fall Creators Update yangilanmasi chiqishining aniq muddatini kompaniya oshkor etmayapti, faqat bu voqea 2017 yilning kuzida ro‘y berishi e'lon qilingan, xolos.

Mavzuga oid