O‘zbekiston | 12:38 / 02.08.2017
62157
4 daqiqa o‘qiladi

Bu yil piyoz qimmat bo‘lishi bashorat qilinmoqda

«Oila va jamiyat» gazetasida bozorlarda piyoz narxining ko‘tarilib ketishiga bag‘ishlangan maqola nashr etildi. Nigora Rahmonova muallifligidagi maqola matni Facebook’dagi «Xalq bilan muloqot» guruhiga joylashtirilgan.

«Bugun odamlar dam kartoshkaning, dam sabzining narxi oshib ketayotganidan nolishyapti. Go‘shtning bahosiniku tushunish mumkindir, piyozga nima bo‘ldi, piyozga? Hozir ayni yoz, pishiqchilik payti bo‘lsa, nega poliz mahsulotlari buncha qimmat?», — deya savol bilan yuzlanadi muxbir.

U «Qo‘yliq», «Chorsu», «Oloy» bozorlari sotuvchi hamda xaridorlarining fikr-mulohazalari bilan qiziqqan.

«Bir necha yildan beri «Oloy» bozorida piyoz sotib, tirikchilik qilaman, — deydi sotuvchi Sharifjon Sharofov. — Piyozning «ispanskiy» va «qarsildoq» navlarining 1 kilogrammini 4500 so‘mdan sotyapmiz. «Qarsildoq» ko‘proq G‘azalkentda yetishtiriladi. Bu yil kartoshka kam bo‘lgani sababli qishda Pokis­ton, Eron, Belarusdan sotib olindi. Eshitishimcha, endi bizning dehqonlarimiz yetishtirgan piyozlar Eron hamda Pokistonga eksport qilinayotganmish. Shu sabab narx-navo ko‘tarilib ketdi».

«Bir necha yillardan buyon «Qo‘yliq» dehqon bozori­da piyoz sotaman, — deydi Hamida Arslonova. — Ulgurji bozordan 3300 so‘mdan olib chiqib, 3500 so‘mdan sotyapmiz. Ayni kunlarda «Qoratol» naviga ehtiyoj ko‘p. «Qoratol» yupqa po‘choq, suvli bo‘ladi. Jizzax va Ohangarondan keltiriladi. Sentyabr oyidan boshlab bozorlarimizda «xaltsedon» navini sotishni boshlaymiz. Qizil po‘choqli, sovuqqa chidamli. Dehqonlar uni avgust oxiri — sentabr boshlarida mezon shamolini yedirganidan keyin kovlab oladi. Mezon shamolini yegan piyoz chirimaydi. Ayrim dehqonlar bu yil piyoz qimmat bo‘lishini bashoratlab, hosilni muzlatkichlarga solib qo‘yishyapti».

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi meva-sabzavotchilikni rivojlantirish boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Akmal Mirzayev bunga quyidagicha izoh beradi: «2017 yil 15 may holatiga ko‘ra respublika bo‘yicha jami 43785 gektar maydonga piyoz ekilgan. Bu 963 ming tonna hosil degani. Bir gektar yerdan 22 tonna va undan yuqori hosil olinadi. Bugun bozor rastalarida sotilayotgan piyozlar yanvar–fevral oylarida plyonka ostiga sepilgan. Plyonka ostiga ekish katta xarajat. Undan tashqari mehnati ham ko‘p. Kun isishi, sovishiga qarab plyonka ochib, yopib turiladi. Tabiiyki, ish haqi ham shunga yarasha bo‘ladi. Bahorgi piyoz kuzgisiga qaraganda hosilni kam beradi. Shu bois bozorlarimizdagi narx-navo vaqtinchalik qimmat. Nasib bo‘lsa, yaqinda kuzgi piyozlar kovlab olinib, bozor rastalariga chiqadi».

«Sotuvchi-yu mutaxassislar hatto yerga urug‘ qadagan dehqonlarning fikrlarini ham eshitdik. Ammo piyoz nega qimmat, degan savolga hech kimdan aniq javob ololmadik. Darvoqe, piyoz nega qimmat?», — deya xulosa qilgan muallif.

Mavzuga oid