Jahon | 11:25 / 03.08.2017
17610
2 daqiqa o‘qiladi

Himolaydagi yo‘l qurilishi tufayli Xitoy va Hindiston munosabatlari sovuqlashmoqda

Xitoy hukumati tomonidan Himolay tog‘ yonbag‘ri atrofida yo‘l qurilishi loyihasi amalga oshirilishi Hindiston bilan munosabatlar keskinlashuviga olib kelmoqda. Hindiston va Xitoy kabi gigant davlat orasida kun kechirayotgan kichik Butan mamlakati bu masala markazida bo‘lib turibdi. Gap shundaki, Xitoy va Butan chegaralari to‘laligicha aniqlanmagan hamda Doklam Platosi ko‘p yillardan beri nizoli hudud hisoblanadi. Endilikda rasmiy Pekin aynan Doklam hududidan o‘tuvchi yo‘l qurilishini boshlamoqda.

Dastlabki e'tiroz Butan tomonidan bildirilgan bo‘lib, bu davlat Xitoyni "xalqaro huquq normalarini ochiq buzish va sanksiyalashtirilmagan yo‘l qurilishini boshlash"da ayblagan. Ziddiyatning asl mohiyati aynan Doklam Platosida yashiringan bo‘lib, agar hudud xitoyliklar tomonidan nazorat qilinsa, Hindiston shimoli-sharqiy shtatlaridagi bufer himoyasini yo‘qotadi va bu ularning geosiyosiy manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi.

Butan va Hindiston xalqlarini uzoq yillik qo‘shnichilik, etnik-madaniy va diniy omillar bog‘lab turadi. Qolaversa, hind harbiy kuchlari Butan yerlarida tez-tez armiya mashg‘ulotlarini o‘tkazib turishi sir emas. 

XXR Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Lu Kangning aytishicha, Doklam hech qachon Butanga tegishli hudud bo‘lmagan, tarixan bu yerlar Xitoy imperiyasiga qarashli edi.

"Bu yerda qurilish loyihasini boshlashimizning eng asosiy sababi ham shu: Doklam Platosi Butanga tegishli emas, hattoki Hindistonga ham", deydi u. Eslatib o‘tamiz, Xitoy va Butan mamlakatlari o‘rtasida shu kungacha rasmiy diplomatik munosabatlar mavjud emas.

Mavzuga oid