Jamiyat | 12:40 / 12.08.2017
76212
6 daqiqa o‘qiladi

Kuyovjo‘ralarmi yoki “zamonaviy o‘g‘rilar?”

Ayrim “zamonaviy” ortiqcha odatlarni qisqartirish hamon qiyinchilik bilan kechayotir. Masalan, kelinni olib kelish uchun yo‘l olgan  “karvon” mashinalar kortejidagi avtomobillar soni 10-15 tadan kamaygani  yo‘q. Boz ustiga, kortej eng oxirgi rusumdagi va bir xil rangdagi yengil mashinalar bo‘lishiga alohida e'tibor qaratilmoqda. 20-30 nafardan oshadigan kuyovjo‘ralarning xurmacha  qiliqlari esa asabga tegmoqda.

Yaqinda bir  qarindoshimiz to‘y qildi – qizini Boyovut shaharchasidagi xonadonlardan biriga uzatdi. Ertasiga xotin-xalaj, bola-baqra to‘lib-toshgan hovliga karnay-surnay, doira sadolari ostida kuyov va uning jo‘ralari kirib kelishdi. Dasturxon bezatilgan  mehmonxona ostonasiga kuyovning qadamlari ostiga poyondoz to‘shaldi. Poyandoz talashgan  yigitlarning qiyqiriqlaridan uy larzaga  keldi. 

Kuyovjo‘ralarning xurmati joyiga  qo‘yib, kuzatildi. Ular hovlidan chiqqunlaricha bechora qarindoshu qo‘shnilar, ayniqsa yangalarda tinim, halovat bo‘lmadi. Axir, kuyovni payg‘ambarlar ham siylagan, biror narsadan dillari og‘rimasin, deb kuyovjo‘rlarning barcha “qiliqlari”ga tishni tishga  qo‘yib  chidab turishdi.

Xullas  to‘y bekamu ko‘st o‘tdi, qiz uzatildi. Ammo bir noxush holat xonadon  sohiblarining quvonchlariga biroz soya soldi, ya'ni oila boshlig‘ining qo‘l telefoni yo‘qolibdi. Ota boyaqish telefonini quvvatlantirish uchun o‘g‘liga bergan ekan. Barcha xonalar band, kirdi-chiqdi ko‘p bo‘lgani uchun u otasining telefonini o‘sha bo‘sh xonadagi rozetkaga tokka ulab qo‘yganu unutgan ekan.

Beixtiyor  tinmay  qiyqirib, yer tepinib raqsga tushayotgan,  po‘rim kiyingan  yigitlar yodimga tushdiyu “Nahotki” dedim…

Ammam qizini qo‘shni viloyatga uzatdi. U yerdan kelgan kuyovjo‘ralar izzatu ikrom bilan kutib olinib, risoladagidek siylandi. Mehmonnavozlik tugadi, kuyovjo‘ralar kuzatilgach, uy sohibasi kelib qarasa, javon va  sandiqlardagi buyumlar yo‘q. U darhol  kuyovjo‘ralar joylashib o‘tirib olgan avtobus va yengil mashinalar tomon  yugurgan. Nima kor-hol yuz berganidan  xabardor bo‘lgan avtobus haydovchisining qoni qaynadi: “Yeb-ichdilaring,  hurmatlaringni bilsalaring bo‘lmaydimi? Shu ishni  qilgani uyalmadinglarmi, qani tush hammang, mashinadan!”

Ayollarning zardasi,  erkaklarning do‘q-po‘pisalari kuchaygach, “hazilkash” yigitlar o‘z ayblarini tan oldilar, biri beliga bog‘lab olgan, biri mashina o‘rindig‘i tagiga tiqib qo‘ygan matolarni bir-bir  chiqarib, uy egasiga berdilar.  Ulardan ayrimlari bu  qilmishlaridan uyaldi, ba'zilari esa go‘yo hech narsa bo‘lmaganday pinaklarini ham buzmadi. “Kuyov tomonda odat shunaqa emish!”

Bu hodisalar yuragimga toshday  cho‘kib, xayolimni band etib yurgan kezlarda maktabdagi bir hamkasbim shu mavzuda gap ochib  qoldi.

– Katta opam qizini turmushga berayotgan edi. Odatdagidek hovliga karnay-surnaylar sadolari ostida kuyovjo‘ralar shovqin bilan  kirib  kelishdi. Ular to‘kin  dasturxon bezatilgan xonaga taklif etildi. Qarindoshlarimiz yugurib-yelib xizmat  qilishar, aytilgan narsalarni muhayyo  qilishardi. Bir mahal mehmonlar o‘tirgan xonadan g‘ala-g‘ovur aralash, idishlarning  singan tovushlari eshitildi.  Shosha-pisha eshikni ochgan ayollar hangu mang bo‘lib qolishibdi. Kuyovjo‘ralardan 5-6 nafari bo‘shagan chinni idishlarni ko‘rpacha ostiga qo‘yib, oyoqlari bilan  bosib sindirishayotgan ekan. Toqatlari toq bo‘lgan ammayu xolalarim kuyovjo‘ralarga qattiq-qattiq gapirishdi.

– Biz tomonda odat o‘zi shunaqa, kuyovjo‘ralar idishlarni sindiradilar, – deya o‘z qilmishini oqlamoqchi bo‘lardi yigitlar.

Bu qanday odat bo‘ldi? To‘qlikka sho‘xlikmi yoki qadriyatlarimizni oyoqosti  qilishmi?  Bu kabi holatlar o‘zgalar mehnatini qadrlamaslikdan tashqari, qudalar orasida hurmatsizlik, ko‘ngilxiralik paydo bo‘lishiga sabab bo‘lib  qolmaydimi? Kelin taraf kuyov tomonni xafa  qilib  qo‘ymaslik, oraga sovuqchilik tushmasligi uchun ba'zan bunday voqealarga indamay  chidashar. Lekin andishaning ham  chegarasi bor-ku.

Nima bo‘lganda ham bu illatning ildizi ma'naviy qashshoqlikka borib taqaladi. To‘g‘ri, tarbiyali, ilmli yigitlar bu ishni  qilishmaydi, o‘z hurmatlarini bilishadi. Lekin yonidagi o‘rtog‘i noma'qul ish  qilayotganiga nahotki indamay qarab tursa?

Hozircha onda-sonda uchrayotgan bu kabi illatlarning oldini olib, ularning ildiz otib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik barchamizning burchimiz sanaladi.

Shuhrat HAKIMOV,
Boyovut tumanidagi 14-umumta'lim
maktabi o‘qituvchisi

Mavzuga oid