O‘zbekiston | 23:26 / 15.08.2017
54513
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Islom Karimov hayotiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma ochildi

Toshkent Fotosuratlar uyida 15 avgust kuni O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma hamda uning portretini yaratish bo‘yicha ijodiy tanlov natijalariga bag‘ishlangan badiiy ko‘rgazma ochildi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Shavkat Mirziyoyevning shu yil 25 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan tadbirda keng jamoatchilik vakillari, san'atshunoslar, musavvirlar, jurnalistlar ishtirok etdi. 

Fotoko‘rgazmada Islom Karimovning hayoti va faoliyati sahifalarini aks ettirgan 39 ta saralangan fotosurat namoyish etilmoqda.

Ko‘rgazma ekspozitsiyasidan joy olgan «Islom Karimov g‘allazorda», «Islom Karimov yoshlar davrasida», «Said Ahmad va Islom Karimov», «Islom Karimov san'atkorlar davrasida», «Islom Karimov harbiylar davrasida», «Islom Karimov va Vladimir Putin», «Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev» kabi saralangan suratlarda Birinchi Prezidentning sermazmun hayoti va faoliyati aks etgan. 

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Toshkent shahar hokimligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida tashkil etilgan bu ko‘rgazma 2017 yil 25 avgustga qadar davom etadi.

Ko‘rgazma doirasida Birinchi Prezidentimizning portretini yaratish maqsadida joriy yilning 31 iyuliga qadar o‘tkazilgan ijodiy tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. 

Tanlov natijalariga ko‘ra, birinchi o‘ringa O‘zbekiston Respublikasi xalq rassomi Bahodir Jalolov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Zebiniso Sharipova va uchinchi o‘rin Maqsud Qosimovga nasib etdi. 

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2016 yil 2 sentabr kuni 78 yoshida vafot etgan edi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 yanvardagi qaroriga muvofiq, 2 sentabr mamlakatda Islom Karimov xotirasi kuni deb e'lon qilingan.

Mavzuga oid