O‘zbekiston | 11:45 / 21.12.2024
1116
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlamentda O‘zbekistonga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma ochildi

Bryusseldagi Yevropa parlamenti binosida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan "O‘zbekiston – tarix va zamonaviylikning noyob simfoniyasi" fotoko‘rgazmasi ochildi.

Foto: "Dunyo" AA

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi mamlakat delegatsiya ishtirok etdi.

O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosi va zamonaviy taraqqiyotini aks ettiruvchi ko‘rgazma Yevroparlamentning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda Yevropa parlamenti deputatlari, Yevropa komissiyasi va Yevropa tashqi harakatlar xizmati vakillari, diplomatik korpus vakillari, ekspert va tahlilchilar, ilmiy doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Parlamentning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisi, Yevroparlamentning Italiyadan kelgan deputati Juzi Prinsi o‘z nutqida, YeP O‘zbekistonga bag‘ishlangan fotoko‘rgazmaning ochilishi madaniyat, ta’lim va insonparvarlik kabi umumiy qadriyatlarga sodiqlikdan dalolat ekanini ta’kidladi. "Biz birgalikda Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasida o‘zaro tushunishni yaxshilash, xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, ularning do‘stona madaniy aloqalari va barcha sohalarda samarali hamkorlikni rivojlantirishga yordam beradigan ko‘prik qura olamiz", dedi u.

Juzi Prinsi, shuningdek, O‘zbekiston va YeI o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan tabriklab, O‘zbekiston va Yevropa parlamentariylariga parlamentlararo muloqot hamda hamkorlikni mustahkamlashga qaratayotgan doimiy e’tibori uchun minnatdorlik bildirdi.

Mavzuga oid