Jahon | 15:51 / 29.11.2024
1635
4 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament Gurjistonda yangi saylovlar o‘tkazishga chaqirdi

Yevroparlament Gurjiston bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi, unda saylov natijalari tan olinmagan, yangi ovoz berishga chaqirilgan, shuningdek, mamlakat bosh vaziri va partiya yetakchilariga qarshi sanksiyalar qo‘llash so‘ralgan.

Foto: AP

Yevroparlament Gurjistondagi saylov natijalari gurji xalqi xohish-irodasini aks ettirmaydi deb hisoblaydi va ularni tan olmaslikka chaqiradi. Bu 28 noyabr, payshanba kuni qabul qilingan «Yaqinda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridan so‘ng Gurjistonda demokratiya inqirozining kuchayishi va saylovlarda soxtalashtirilgani haqidagi taxminlar» rezolyutsiyasida aytiladi. Uning qabul qilinishiga 444 deputat ovoz berdi, 72 deputat qarshi chiqdi, 82 deputat betaraf qoldi.

«Ovoz berishning qonuniyligi qonunbuzarliklar miqyosi bilan jiddiy ravishda buzilganligi sababli, xalqaro hamjamiyat saylov natijalarini tan olmasligi kerak», deyiladi hujjatda «Shuning uchun Yevropa parlamenti parlament saylovlarining har qanday tan olinishini rad etadi va ularni bir yil ichida takroran adolatli va oshkora o‘tkazilishini ta’minlashga chaqiradi. Saylov jarayoni mustaqil va xolis bo‘lgan takomillashtirilgan saylov muhitida, xalqaro nazorat ostida o‘tishi kerak».

Yevroparlament - Gurjiston bosh vaziri va partiya yetakchilariga qarshi sanksiyalar qo‘llash tarafdori

Yevroparlament Yevropa Ittifoqini «demokratik orqaga qaytishlar, saylov qonunlari va standartlarini buzish, ma’muriy suiiste’molchiliklar va davlat institutlaridan noto‘g‘ri foydalanish» uchun mas’ul bo‘lgan Gurjiston rasmiylari va siyosiy yetakchilariga nisbatan shaxsiy sanksiyalar qo‘llashga chaqirdi.

Ular orasida bosh vazir Irakliy Kobaxidze, Tbilisi meri va hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi bosh kotibi Kaxa Kaladze, Gurjiston parlamenti spikeri Shalva Papuashvili va «Gurjiston orzusi» partiyasi raisi Irakliy Garibashvili bor. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga siyosiy sabablarga ko‘ra hukm chiqargan gurji sudyalarni kiritish taklif qilinmoqda. Yevroparlament deputatlari gurjistonlik oligarx Bidzina Ivanishviliga «Gurjistondagi siyosiy jarayonlarning yomonlashuvidagi roli va mamlakatning konstitutsiyada belgilangan manfaatlariga qarshi harakatlari, jumladan, Rossiyaning mamlakatdagi ta’sir doirasini tiklashga qaratilgan harakatlari uchun» sanksiyalar qo‘llashga chaqirishdi. Shaxsiy sanksiyalar Yevropa Ittifoqidagi barcha aktivlarni muzlatish va unga kirishni taqiqlashni o‘z ichiga oladi.

Tbilisida namoyishchilar xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashdi

Gurjiston xavfsizlik kuchlari 28 noyabr kuni kechqurun Tbilisi markazida to‘plangan namoyishchilarga qarshi suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi. Gurjiston Ichki ishlar vazirligi maxsus vositalardan foydalanish haqida ogohlantirib, miting «yig‘ilishlar va namoyishlar to‘g‘risidagi qonun doirasidan tashqariga chiqqanini» ma’lum qildi.

Namoyishchilar parlamentga tutash hududdan siqib chiqarildi. Ayrim namoyishchilar Gurjiston parlamenti oldidagi maydonga qaytishga harakat qilmoqda. Bir qancha namoyishchilar gimnaziya yaqinida to‘planib, barrikadalar o‘rnatishga kirishdilar, deb xabar bermoqda Paper Kartuli Telegram-kanali. Gurjiston poytaxti markazida vaqti-vaqti bilan namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar kuzatilmoqda. Ichki ishlar vazirligining xabar berishicha, namoyishchilar huquq-tartibot idoralari xodimlari tomon turli xil narsalarni uloqtirgan, natijada IIVning uch nafar xodimi jarohatlangan. Ulardan ikki nafari kasalxonaga yotqizilgan. Namoyishchilarning ba’zilari dubulg‘a bilan jihozlangan, ularning bir qismi niqob taqqan.

Mavzuga oid