Jahon | 07:49 / 17.08.2017
19291
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniyaning eng katta harbiy kemasi xizmat o‘tash joyiga keldi

Foto: AFP

HMS Queen Elizabeth aviatashuvchi kemasi Britaniyaning Portsmut shahridagi harbiy-dengiz bazasiga birinchi bor kirdi. Bu baza Britaniyada qurilgan harbiy kemalardan eng kattasi va Hazrati oliyalari flotining bo‘lg‘usi bayroqdori uchun “uyga” aylanadi. Kemaning suv sig‘imdorligi 65 ming tonnani, uzunligi esa 280 metrni tashkil qiladi.  

Portga kirayotgan kemaga o‘nlab kichik kemalar hamrohlik qilgan, uning ustida esa Merlin va Wildcat harbiy vertolyotlari va Hawk shturmchi samolyotlari uchib o‘tgan. Sohildan kemani minglab portsmutliklar va bu tarixiy voqeani ataylab ko‘rgani kelgan sayyohlar kutib olishgan.

“Bugun biz qudratli harbiy kemamizni qarshilamoqdamiz. U safga butkul kirgandan keyin Britaniya xavfsizligini tahdidlarga to‘la bo‘lgan hozirgi zamonda saqlashga yordam beradi va bo‘lg‘usi kampaniyalarda havodan ko‘makni ta'minlashdan  tortib, ittifoqdoshlarni qo‘llab-quvvatlash va gumanitar yordam berishgacha bo‘lgan bir qancha vazifani hal qiladi”, deb aytgan Britaniya mudofaa vaziri Maykl Fellon. Kema portga kirgandan keyin uning bortiga bosh vazir Tereza Mey ko‘tarilgan.

“Britaniyalik dengizchilar, shubhasiz, dunyodagi eng yaxshilaridir va fikrimcha, ular dunyodagi eng yaxshi kemalarga loyiqlar. Queen Elizabeth aynan shunday kemadir. Bu kema  Birlashgan Qirollikning buyuk dengiz davlati ekanini ko‘rsatuvchi haqiqiy ramzidir”, deb aytgan Mey kema ekipajiga yuzlanib.

Kema safga kirgandan keyin 36 ta F-35B samolyoti va Merlin vertolyot guruhini olib yura oladi. Zarurat bo‘lganda bortiga qo‘shimcha 12 ta Chinook transport va 8 ta jangovar Apache vertolyotlarini olishi mumkin.

Queen Elizabeth’ning maksimal tezligi 25 uzelni (46 km/soat) tashkil qiladi, u dengizda 3 oygacha bo‘lishi mumkin va bu vaqt ichida 10 ming mil yo‘l bosa oladi. Kemada zarba berish qurollari yo‘q, uning yagona quroli Phalanx zenit majmualari, kichik kalibrli qurol va pulemyot bo‘ladi. 

Queen Elizabeth’dan keyin Portsmutga shunga o‘xshash loyiha bo‘yicha qurilgan Prince of Wales kemasi kelishi kerak. Hozir Shotlandiyadagi Rosayt verfida uning qurilishi yakunlanmoqda. Ikki kemaning umumiy qiymati 6 mlrd funt sterlingga baholangandi.

Mavzuga oid