O‘zbekiston | 12:45 / 18.08.2017
28124
8 daqiqa o‘qiladi

«Kirillga qaytmaymiz». Lotin-kirill bahsida yana bir javob yurishi

O‘zbekiston lotin alifbosida qolgani yaxshimi yoki kirill alifbosiga qaytish kerakmi? Ayni vaqtda o‘zbekistonliklar shu mavzuni keng muhokama qilmoqda. Lotin alifbosi tarafdorlaridan yana biri Otabek Umarov feysbukdagi sahifasida kirill alifbosiga qaytish yoqlab chiqilgan maqolaga raddiya yozdi.

Yana Japaqovga

Mirzabek Japaqovning «Arosatda qolgan lotin yozuvimi yoki muammosiz kirill» sarlavhali maqolasi sharh.uz saytida e'lon qilingach, bu maqolada keltirilgan iddaolarning asossizligi, faktlarni va voqelikni buzib ko‘rsatilishi bir qator jurnalistlar hamda tilshunoslar tomonidan bildirilgan o‘rinli tanqidlarga uchradi. 

Biroq Mirzabek Japaqov bu tanqidlardan tegishli xulosa chiqarmagan va oldingi maqolasida keltirilgan iddaolariga munosib javob berilgan maqolalarni yetarli darajada e'tibor bilan o‘qib chiqmagan shekilli, o‘sha saytda yuzaki qarash hamda muallifning o‘ta sub'yektiv o‘ylariga, asoslab berilmagan gaplarga to‘la yana bitta maqolasini e'lon qilibdi va unga «Achchiq haqiqat yoki bo‘g‘zimizgacha berilgan zarba» deya balandparvoz sarlavha qo‘ydi. Bu bilan muallif yozganlari o‘ziga xos uslubda nomlangan tilshunos Eldar Asanovning «Birinchi zarbada tizzalarigacha, ikkinchi zarbada bellarigacha» maqolasiga javob ekanligini bildirmoqchi bo‘ldi. Biroq Japaqov yozganlarini o‘qib chiqsangiz, na Eldar Asanovning maqolani nomlash uslubini ko‘chirishni, na tuzuk bir raddiya yozishni eplagamaganini ko‘ramiz. Chunki, Mirzabek Japaqov ushbu maqolasiga qanchalik balandparvoz nom bermasin, yozganlarining mazmuni bunday nomga arzimagani yaqqol ko‘rinib turadi. Muallif oldingi maqolasida aytgan «yer va er», «yel va el» to‘g‘risidagi gapni yana takrorladi, qaysidir havaskor yosh shoira shundoq yozganmish va bunda lotin yozuvi aybdormish. 

Qiziq savol tug‘iladi: lotin yozuvida o‘qigan odam hech «er»ni «yer», «el»ni «yel» deb yozadimi? Yo‘q, albatta. Shunchaki, lotinda o‘qigan o‘sha qiz kirillchada yozganda shunday xatoga yo‘l qo‘ygan. Bu esa yana bir savolni o‘rtaga tashlaydi: nega u kirillcha yozgan? Qayerda yozgan? Harqalay, o‘z daftarchasida yozsa, o‘zi savod chiqargan lotin yozuvida yozadi, gazeta-jurnallarda ham bunday jiddiy xato ketmasa kerak. Unda kim uni kirillcha yozishga majbur etdi? Yoki siz baho berishingiz uchun sizga tushunarli kirillchada yozdimi, Mirzabek Japaqov? Huquqshunos, jurnalist ekaningizni bilamiz, biroq shoir ekanligingizni bilmabmiz. Hayotingizdan misol keltirsangiz, batafsilroq yozing, iltimos, - odamlarni chalkashtirishga urinmang. Yozgan yana bir gapingizni o‘qib hayron bo‘ldim:

«Savol kerak bo‘lsa menda ham bor. Sizlar teleekranga chiqib olib g‘arbning ommaviy madaniyati to‘g‘risida, bir jinsli nikohlar, shahvoniy, axloqsiz qiliqlar, ulardan yoshlarimizni asrash kerakligi to‘g‘risida og‘iz ko‘pirtirib soatlab gapirasizlar-u, mana shu illatlarga qaysidir ma'noda yetaklovchi, ko‘zga ko‘rinmas ko‘prik rolini bajarayotgan g‘arb imlosini nima uchun jon-jahdingiz bilan himoya qilayapsizlar?». 

Shuni yozdingiz-u, biroq siz sanab o‘tgan illatlarga lotin yozuvi qanday qilib ko‘prik bo‘la olishini tushuntirib bermadingiz. Sababi - bu iddaongizni asoslab berolmaysiz. Kechirsiz-u, G‘arb deganda faqat ommaviy madaniyat-u bir jinsli nikohlarni tushunish g‘irt kaltabinlik, tor doirada o‘ylash, dunyoni bilmaslik belgisidir. Umuman olganda, G‘arb bilan Sharq - bu geografik tushunchalar xolos, G‘arb madaniyati, Sharq madaniyati degan ajratish ham asossiz va ko‘p hollarda o‘ta nisbiy. Bu borada Taraqqiy.uz saytidagi «G‘arbu Sharq: Somening o‘ylari» maqolasini o‘qib chiqishingizni tavsiya etaman.

Keyingi iddaongizda esa siz yana yoshlarni hisobga olmadingiz, buni o‘qiganda yoshlar siz uchun o‘zbek elining bir qismi emasligi tuyuladi:
«Mana shu yillar davomida lotin alifbosi nafaqat tabiatimizga, balki, ruhiyatimizga ham, zehniyatimizga ham, qadriyatimizga ham singib keta olmadi».

Faqat o‘zingizdan kelib chiqib bir nimaga baho berish oson. Biroq unday «baho» to‘laqonli xulosa bo‘la oladimi? Yosh avlodni hatto tilga olmasdan, go‘yo ular siz uchun yo‘qdek butun xalq nomidan gapirishga o‘zingizni qanchalik haqli deb bilasiz? «Ruhiyatimizga ham, zehniyatimizga ham» ,-degan gaplar juda qiziq. Mustaqilligimizning belgisi bo‘lgan (bu esa istaysizmi, yo‘qmi, shunday, chunki mustaqil bo‘lmaganimizda, lotin yozuviga o‘tmas edik) lotin alifbosi ruhiyatingizga-yu zehniyatingizga kirmagan bo‘lsa, unda zehniyatingiz nimalarga to‘la? Eski sovetcha mafkuragadir? Birovning ongini kavlab o‘tirish mening ishim emas, lekin sizning yozganlaringiz shunday savollarni yuzaga keltiradi. Quyiroqda: «G‘arb sivilizatsiyasidan nimani ham o‘rganishimiz mumkin?», deb yozgan gapingiz hazilga o‘xshaydi. Siz maqolangizni yozishda va uni Internetga joylashtirishda ishlatgan elektron qurilmangiz, siz har kuni qo‘llaydigan qulayliklar va texnika yutuqlari ham G‘arb sivilizatsiyasining mahsuli-ku? Bularni o‘rganishimiz kerak emasmi? Ilm-fan, yuqori texnologiyalarni o‘zlashtirsak va o‘rgansak, o‘zimizga faqat foydali bo‘ladi.

O‘tgan maqolangizdagi: «Turkiy ellarni lotin yozuviga rus shovinistlari o‘tkazgan», degan yanglish o‘yingizni yana yozibsiz. Tarixni yaxshiroq o‘rganing, Japaqov! Bokudagi turkiyshunoslar qurultoyi to‘g‘risida eshitganmisiz? Lotin yozuviga o‘tish g‘oyasi aynan o‘sha qurultoyda qabul qilinganinichi? Ko‘p vaqt o‘tmay, Bokudagi qurultoyda qatnashgan millatimiz fidoyilari turli soxta ayblar bilan qatag‘on qilinganini bilasizmi? Maqola so‘ngidagi yozganingiz e'tiborimni tortdi: «Ijtimoiy tarmoqlarda ham chala-chulpa qilib heshteglar qoldirib, yelni (kechirasiz elni) chorlayotgan yigit qizlarga ham to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsating». Qanaqa to‘g‘ri yo‘l? Yo‘limiz noto‘g‘ri ekanligini qayoqdan bilasiz - asoslab bering. Agar gaplaringizni asoslab berolmasangiz, demak o‘zingizni ham, elni ham aldamoqchi bo‘lasiz. Heshteglar to‘g‘risida yozibsiz, ijtimoiy tarmoqqa kirar ekansiz. Ushbu yozganlarimni o‘qib qolsangiz, o‘ylaymanki, o‘zingiz uchun to‘g‘ri xulosalar chiqarasiz.

Otabek Umar

Mavzuga oid