Jamiyat | 21:53 / 20.08.2017
18115
7 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjonlik dizayner o‘zbek xon-atlasi va shoyilarini jahon podiumlariga olib chiqmoqchi

Ayni damda Bakuda bo‘lgan o‘zbekistonlik jurnalist Shuhrat Barlos ozarboyjonlik taniqli dizayner Faxriya Xalafova bilan suhbatlashib, uning o‘zbek matolaridan yaratayotgan liboslar kolleksiyasi va O‘zbekiston haqidagi fikrlariga qiziqish bildirdi. Ushbu video International Eurasia Press Fund'ning YouTube kanalida taqdim etildi.

- Ozarboyjonlik dizayner Faxriya Xalafova o‘zbek madaniyati, o‘zbek matolari, o‘zbek bo‘yoqlarini va umuman o‘zbeklarning ma'naviy olamini qanday qabul qilmoqda?

- Men o‘zbek matolariga doim qiziqib kelganman. O‘zbek matolari, naqshlari, ipaklari - ular meni doimo qiziqtirib kelgan. Mening uyimda, ishxonamda o‘zbek matolarining bir necha namunasi turadi. O‘zbekistondan keladiganlarga doim "menga o‘zbek matolaridan olib keling" deb aytaman. Bu yil esa aynan o‘zbek ipaklaridan liboslar kolleksiyasini yaratishni o‘zimga maqsad qildim. Ushbu g‘oyamni amalga oshirish uchun tabiiyki, o‘zbek matolari kerak edi. Do‘stlarim mening istaklarim hamda didimga mos matolarni tanlab, keltirib berishdi va men ushbu kolleksiya ustida ish boshladim. Aytishim mumkinki, bu kolleksiya ustidagi ishlar meni butkul boshqa olamga olib kirdi. Men o‘zim uchun yangi ranglar, yangi bo‘yoqlar birikmalarini kashf qildim. O‘zbek matolarini kuzatib, qanday qilib ularda shuncha ranglarni uyg‘unlashtirish mumkinligiga ajablanardim. Buning uchun, albatta, katta mahorat, iste'dod talab qilinadi va tabiiyki, bu asrlar osha shakllangan xalqona qadriyatlarga, manbalarga borib taqaladi . Ularning O‘zbekistonda asl ko‘rinishda saqlanib qolgani tahsinga sazovordir. Bu katta ilhom manbasi va ishlash uchun juda yaxshi material hamdir.

- O‘zbekiston haqida taassurotlaringiz qanday?

- Albatta, eng yorqin taassurotlar - bolalikdagi, yoshlikdagi  taassurotlar. Afsuski, hozircha O‘zbekistonda bo‘lishga muvaffaq bo‘lmadim. Biroq bizning uyimizda suratlar juda ko‘p. Men sizga shu suratlar tarixini aytib beraman. Onam va opam o‘z ta'tillarini O‘zbekistonda o‘tkazishgan, bu ularning orzulari edi. O‘sha paytlar men maktabda o‘qirdim, opam esa - oliygohda. Onam ham oliygohda o‘qituvchi bo‘lgan, onam va opamning ta'tili menikiga to‘g‘ri kelmay qolgan. Shu bois onam bilan opam ketishgan. Ular bu ta'tilga qanday tayyorgarlik ko‘rishgani, qanday hayajonlanishgani hanuz yodimda. Men o‘zim bora olmaganimdan juda afsuslanganman. Ular O‘zbekistonga borib, u yerdagi barcha diqqatga sazovor joylarni tomosha qilishgan va ko‘p suratlar olib kelishgan. Onam foto san'atining katta muxlisi bo‘lganlar. Shu bois juda ko‘p joylarni suratga olganlar. Ular Samarqandda bo‘lib, u yerdagi go‘zal maskanlarni ham suratga olishgan. Men bu suratlarga uzoq tikilib o‘tirardim va ehtimol, shu narsa mening ongimga ta'sir qilgan va menda ham bir kuni kelib albatta O‘zbekistonga borish istagini uyg‘otgan. Hozircha bu orzuim amalga oshmadi. Biroq tez orada bu yurtga borishimni his qilyapman. Nafaqat sayyoh, balki ijod kishisi sifatida O‘zbekistonga borishdan va o‘z san'atim bilan bo‘lishishdan juda xursand bo‘laman. Tabiiyki, moda san'ati - xalqaro san'at, uning muayyan tili yo‘q. Biz podiumda o‘z ijod mahsulimizni so‘zsiz namoyish etamiz. Biroq shu 15-30 daqiqa ichida biz xuddi teatr rejissyorlari kabi ko‘p narsani yetkazishimiz mumkin. Modelerlar aynan shunday ishlashadi. Shunday ekan, o‘ylaymanki, tez kunda O‘zbekistonga borib, o‘z san'atimni taqdim etaman. Asosiysi, O‘zbekistonga borib, yoshligimdan qabul qilgan tasavvurlarimni o‘z san'atim orqali yetkazib berish.

- Bilamizki, Ozarboyjon va O‘zbekiston - qardosh mamlakatlar. Shunday bo‘lsa-da, modeler-dizayner sifatida o‘zbek matolarini olib, ulardan kolleksiya yaratish va uni dunyo miqyosida namoyish etish fikriga qanday keldingiz?

- Men kareramning boshidanoq, butun faoliyatim davomida o‘z oldimga katta vazifalar qo‘yganman. O‘z kolleksiyalarimni Parijda namoyish qilishni maqsad qilganman, tabiiyki, Parij - bu moda markazi, bu hammaga ma'lum. Mening Parijdagi birinchi namoyishim 1997 yilda "Etical fasion" festivali doirasida bo‘lib o‘tgan. Unda etnik tendensiyalar zamonaviy moda bilan uyg‘unlashishi kerak bo‘lgan. Men o‘zbek matolari, o‘zbek ipaklaridan yaratilayotgan kolleksiyam ustida ish boshladim. Ishonchim komilki, bu kolleksiyamni xalqaro podiumlarda namoyish qilaman. Men bu go‘zallikni dunyo bilan bo‘lishmoqchiman va albatta shunday qilaman ham, bu mening rejalarimda bor. Unga qadar esa tabiiyki, Ozarboyjon va O‘zbekistonda ham liboslar taqdimotini o‘tkazaman. O‘ylaymanki, har bir xalqning asl milliy san'atini albatta jahon hamjamiyatiga namoyish qilish kerak.

Bundan tashqari suhbatda Faxriya Xalafovaning parfyumeriya yo‘nalishidagi faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Ta'kidlash joizki, u 2013 yildan buyon ham ayollar, ham erkaklar iforlarini yaratib, ularni o‘ziga xos taqdim etadi.

"Parfyumeriya biznesidagi tajribamdan kelib chiqib, aytishim mumkinki, bu borada o‘z tasavvurimga egaman. Tabiiyki, bu yo‘nalishni yanada rivojlantirishga harakat qilaman. Bunda asosiy e'tiborni yaqin, qardosh xalqlarga qarataman. Shu bois O‘zbekiston borasida jiddiy rejalarim bor. Eng katta tilagim: barcha xalqlar tinchlikda yashasin! Har doim tinchlik, xotirjamlik hukm sursin, bu juda muhim. Shu bilan birga barchaga baxt, farovonlik, katta yutuqlar tilab qolaman", - deya so‘zlarini yakunladi ozarboyjonlik dizayner-parfyumer.

Mavzuga oid