O‘zbekiston | 23:15 / 28.08.2017
61555
6 daqiqa o‘qiladi

Narxozdan nimaning isi kelmoqda?

Bu xabar bir lahzada chaqmoqdek chaqnadi va yurtimiz internet olamini aylanib chiqdi. Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning xalq tilida (va ohangida) «Narxo‘z» deb ataluvchi Iqtisodiyot universitetiga qabul qilingan talabalar ro‘yxatini tahlil qilgani hammani hayratda qoldirdi.

Yo‘nalishlarga ko‘ra oxirgi qabul qilingan talaba bilan omadsizlar ro‘yxatidagi birinchi abituriyent to‘plagan ballar orasidagi tafovut «arzimas» 70, 90 va hatto 103 ballni tashkil qilmoqda. Yana qabul qilinganlarning hammasi tartib bilan berilgan raqamlarga ega, ya'ni bir auditoriyada o‘tirganlari kundek ayon.

Balki bunga o‘xshash holatlar avval ham kuzatilgandir, ammo biror marta omma e'tiboriga havola etilganini eslash qiyin. Joriy yilda tasodifmi, qalam erkinroq o‘ynoqlab qoldimi yoki imtihon oldidan kazo-kazolar chiqib «Bu yil hammasi shaffof» (iddaoni qarang, «Bu yil!», oldingi yillar qanaqa edi?), «Rektorskiy?! Nima u?», «Siz bilimingizga ishoning, qolgan hammasi bekor») deya yoqa yirtganlari uchunmi, bu holat xursandchilikdan lov-lov yonib turgan yuzimizga bir chelak muzdek suv sepgandek shalviratdi, qo‘ydi.

Hammasi yolg‘on ekan!

Yoki eng kamida hali ham eski tizimni saqlab qolgan OTMlar hamon bor ekan!

Endi nima bo‘ladi? (taxminlar, albatta)

1. Eng avvalo, kimlardir hammasini boshlagan «aybdor» sifatida Xushnudbekka bosim o‘tkaza boshlashadi. Avval narxo‘zning korchalonlari, bu ish bermasa, ularning turli tashkilotlardagi «okaxon»lari dastlab oddiy qo‘ng‘iroq, keyinchalik yuzma-yuz uchrashuvda hammasini ochiqcha «tushuntirib qo‘yishga» harakat qilishadi. Chunki Xushnudbek faqat dastlabki dalillarni taqdim etdi va tugal maqolani keyinchalik e'lon qilishini bildirdi. O‘sha maqola chiqmay qo‘ya qolishi va ishni “yopdi-yopdi” qilishi uchun hamma choralarni ko‘rishadi. Eng osoni sifatida o‘z tabiatlaridan kelib chiqib, yaxshigina «soqqa» taklif qilishlari ham mumkin. Ammo biz Xushnudbek Xudoyberdiyevga ishonamiz! Agar u pulning ortidan quvgan inson bo‘lganida, hozirgi layoqati bilan allaqachon imkonini topgan bo‘lardi;

2. Har qancha bong urilmasin, hech narsa o‘zgarmaydi. O‘sha «super aqllilar» hech narsa bo‘lmaganday o‘qishga kelaverishadi, «domullo»lar hech narsa bo‘lmaganday o‘qitishaveradi. Ta'lim ham qabul qanday «shaffof va adolatli» bo‘lgan bo‘lsa, xuddi shunday davom etaveradi;

3. Agar adolat bo‘lsa, qabul qilingan shavvozlardan butunlay voz kechiladi va keyingi o‘rindagilar birdaniga, imtihonsiz qabul qilinadi. Shu holatda yetarli jazo va tasalli ta'minlanishi mumkin. Yoki o‘sha «bilimlilar» uchun qayta imtihon o‘tkaziladi (qayta imtihon uslubini alohida ishlab chiqish lozim).

Nima qilmoq kerak?

1. Eng birinchi o‘rinda, biz hammamiz bu mavzuni ko‘targan Xushnudbekni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim va bu masala bo‘yicha adolatli qaror ko‘rilgunicha hamda aybdorlar qonun doirasida jazolanmagunlaricha tinchlanmasligimiz shart. Kerak bo‘lsa, jurnalistlar o‘zaro ochiq muloqot tashkil qilib, o‘sha qabulga barcha mutasaddilarni taklif qilishimiz lozim. Darvoqe, bu borada davlat telekanallari va nashrlari o‘z munosabatlarini bildirishlari shart. Chunki ularning maqolalari yuqori doiralarga bevosita yetib boradi, qolaversa «bu yilgi adolat» haqida eng ko‘p gapirgan va gapirtirgan shular edilar;

2. Agar tizim o‘zini hech narsa bo‘lmaganday va bu xabarlardan foyda yo‘qday tutsa, darslar boshlangan dastlabki kunlardanoq, o‘sha bilimdon talabalarni (albatta ularning qonuniy huquqlarini hisobga olgan holda) birma-bir suhbatga chorlashimiz lozim. Qani, mard bo‘lsalar omma oldida o‘zlarini oqlasinlar yoki katta hayotga dastlabki qadamlarini g‘irrom bilan tashlagan, degan tamg‘a ostida yashab yuraversinlar. Ishoning, davlatimiz va jamiyatimiz ertami kechmi korrupsiya degan baloni jilovlaydi. Har bir nufuzli ishga tayinlanayotgan mutaxassisning o‘tmishiga nazar solinadi. Mana shu «bilimdon shavvoz»lar hozir o‘zlarini oqlab olmasalar, ularni «narxo‘zdagi ro‘yxat» degan dog‘ hamisha ta'qib etaveradi. Chunki endi narxo‘zdagi «limon»lar hidi bosilishi qiyin («limon»dan kam ekanligiga esa ishonish qiyin);

3. Bordiyu mutasaddilar ko‘nglida ezgulik uyg‘onsa va ular qilgan xatolarini tan olib, tuzatsalar, ularni olqishlab qo‘yishimiz hamda malomat qilmasligimiz darkor. Sababi shuning o‘zi ularga katta saboq bo‘ladi, qolaversa adolat qaror topguncha bo‘lgan jarayonda faqat shafqatsiz jazo ish bermaydi.

Endi bu holatda «kichik» nyuans yuzaga keladi. Xabarni tahlil qilsak ma'lum bo‘ladiki (albatta konkret aybdor shaxslar sud hukmiga ko‘ra aniqlanadi), uzatiladigan uzatilib, olinadigan olib qo‘yilgan, berilgan va'dalar bajarilgan. Endi uzatilgan qaytarilish-qaytarilmasligi, qabul qilinganlarning keyingi taqdiri nima bo‘lishi ochiq qoladi. Buni o‘zaro kelishib olishar, axir ular qadrdonlar-ku?!

Abror Zohidov,

jurnalist.

P.S. Maqola yozilish jarayonida bunga o‘xshash holat Milliy Universitetda ham kuzatilgani ma'lum bo‘ldi. Milliy Universitetda-ya!..

Mavzuga oid