Sport | 16:54 / 28.08.2017
16523
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning Xitoyga qarshi o‘yini ham jonli efirda uzatilmaydigan bo‘ldi

O‘zbekiston milliy terma jamoasining JCh-2018 saralashi doirasida 31 avgust kuni Xitoy terma jamoasiga qarshi o‘tkazadigan safar o‘yini «Sport» telekanalida jonli efirda namoyish etilmaydi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali sayti xabar qildi.

Xabarda ushbu o‘yin to‘g‘ridan-to‘g‘ri mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritish yo‘lida o‘zining dolzarbligi bilan ahamiyatli ekani ta'kidlanishi bilan birga, uchrashuv O‘zbekistonda jonli tarzda namoyish etilmasligiga sabab ham keltirilgan.

«Xabaringiz bor, 31 avgust kuni soat 16:00dan Vatanimiz mustaqilligining 26 yillik bayramiga bag‘ishlangan tadbir boshlanadi. Xitoy – O‘zbekiston o‘yini esa Toshkent vaqti bilan soat 17:00ga belgilangan.

Terma jamoalar o‘rtasidagi uchrashuv «Sport» telekanali orqali yozib olingan holda, bayram tantanalari tugashi bilan (soat 18:30 larda) efirga uzatilishi rejalashtirilgan», deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 25 avgust kuni O‘zbekiston terma jamoasining Qirg‘izistonga qarshi o‘yini ham televideniyeda namoyish etilmagan va bu muxlislarning noroziliklariga sabab bo‘lgandi.

Mavzuga oid