Sport | 12:13 / 30.08.2017
19202
3 daqiqa o‘qiladi

Beylni sotib olish uchun 2 kun

Foto: talkSPORT

Ispaniya matbuotida Garet Beylning “Manchester Yunayted”ga o‘tishi ehtimoldan yiroq emasligi haqida maqolalar ko‘payib ketdi. 

Jumladan, Madrid klubiga ancha yaqin bo‘lgan Marca gazetasida “Beylni sotish uchun besh kun” sarlavhasi ostida maqola chop etilgan. U yerda Beylning ko‘ngildagidek o‘ynay olmayotganining sababi sifatida, futbolchining bir xayoli Britaniyada ekani va faoliyatini qayerda davom ettirish borasida aniq fikrga ega emasligi haqida yozilmoqda.

“Valensiya”ga qarshi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida Zayniddin Zidan uelslik futbolchini qo‘llab quvvatlagan bo‘lsa-da, Beylga jiddiy tarzda qiziqib qolgan “Manchester Yunayted” varianti tez-tez aylanmoqda. Hatto Ladbrokes bukmekerlik kompaniyasi Beylning “Yunayted” bilan shartnoma imzolashi ehtimolini 1/10 dan 1/4 ga oshirdi. 

Joze Mourino transfer oynasi boshida 4 futbolchi sotib olishni mo‘ljallagan va ulardan uchtasi “Old Trafford”ga olib kelindi. To‘rtinchi pozitsiya – qanot o‘yinchisiga bo‘lgan talab “Inter”dagi Ivan Perishichga bo‘lgan qiziqish bilan izohlangandi, ammo yakunda xorvatiyalik futbolchining transferi amalga oshmay qoldi. 

Bo‘sh o‘ringa Garet Beyl varianti juda mos keladi. Bu haqida Joze Mourino Yevropa superkubogi o‘yini oldidan fikr bildirgan va agar Beylni sotib olish imkoni tug‘ilsa, albatta, “Manchester Yunayted” bunga urinib ko‘rishini aytgandi. Ammo o‘sha uchrashuvda Beyl asosiy tarkibda harakat qildi. O‘yindan keyin Joze Beylning masalasini yopilganini va u hech qayerga ketmasligini ta'kidlagandi. 

Ammo Isko va Asensioning juda ishonchli o‘yinlari Garet Beyl masalasini yana ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda. Chunki diskvalifikatsiya tufayli hozir maydonga tushmayotgan Krishtianu Ronaldu asosiy tarkibga qaytsa, Yuqoridagi uch futbolchidan ikkitasi zaxira o‘rindig‘ida qolishi mumkin. Bu uchlik ichida u qadar ishonchli ko‘rinmayotgan Beyl uchun taklif qilingan katta taklif, albatta, “Real” rahbarlarini o‘ylantirib qo‘yishi tabiiy. Taxmin qilish mumkinki, barchasi futbolchining o‘zida qolgan va bu masalan yaqin ikki kunda yechiladi. 

Ispaniyaning AS nashrida yozilishicha, “Manchester Yunayted” Beyl uchun 92 million funt taklif qilgan. 

Kecha esa, Joze Mourino “Lester”dan Riyod Mahrezni sotib olishni istayotgani, ammo klub rahbarlari rozi bo‘lmayotganliklari haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu ham balki marketing nuqtai nazaridan salobatliroq va foydaliroq bo‘lgan Beyl transferiga bo‘layotgan harakatni izohlar.

Mavzuga oid