O‘zbekiston | 01:48 / 31.08.2017
20230
6 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar press klubining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi

Foto: Yoshlar press klubi

Yoshlar press klubining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi

30 avgust kuni poytaxtdagi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida "Yoshlar press-klubi"ning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari, faol yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari qatnashdi. Tadbirda qatnashgan KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi.

 

Yoshlar press klubining maqsadi nima?

Yoshlar press klubi - yoshlarning manfaatlarini himoya qiluvchi maydon bo‘lib, u yoshlar bilan davlat va nodavlat tashkilotlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydi. Yoshlar press klubi mavzulari yoshlarning o‘zlaridan olingan takliflar asosida belgilanadi.

Tadbirda ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilgan kundan to bugunga qadar 6700dan ziyod murojaat kelib tushgan. Bu muammolarning 67 foizi hal qilingan. Ikki oy ichida 4800 nafar uyushmagan yoshlarning masalasi hal etilgan. Mahallalarda yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolari eshitilgan va ular imkon doirasida joyida hal etilgan. Shuningdek fermerlar, tadbirkorlar va uyushmagan yoshlar bilan ham uchrashuv va suhbatlar o‘tkazilgan. Ta'kidlash joizki, bunday tizimli ishlarni amalga oshirish mexanizmi yanada takomillashtirilmoqda.

Viloyat va tumanlarda Yoshlar markazlari tashkil qilinmoqda, kelgusidagi chekka hududlarda ham markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejada bor. Ushbu markazlarda yoshlar ta'lim olishi uchun turli xil to‘garaklar bepul xizmat ko‘rsatadi.

Yoshlar ittifoqi 120ga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqda, 20ga yaqini bilan Anglashuv memorandumini imzoladi.

 

Yoshlar ittifoqi va xorijdagi o‘zbek yoshlari

Tadbirda xorijda tahsil oluvchi ba'zi yoshlar nazoratsizlik natijasida turli yot oqimlarga qo‘shilib qolishi mumkinligi, shu bois ularni nazoratga olish muhim ahamiyatga ega ekani ta'kidlandi. Shu o‘rinda Xitoyning Pekin va Shanxay shaharlarida tajriba sifatida Yoshlar ittifoqining Boshlang‘ich tashkiloti tashkil etilgani hamda ularning yetakchisi saylab olingani qayd etildi.

Foto: Yoshlar press klubi

Yoshlarining tarqoqligiga yo‘l qo‘ymaslik, guruh sifatida birlashishiga imkon yaratish, O‘zbekistonning milliy bayramlarini birgalikda o‘tkazish maqsadga muvofiq bo‘lishi ta'kidlandi. Xorijdagi yoshlarning qanday muammolari bor, ular nimalarga qiziqmoqda - Boshlang‘ich tashkilot shu kabi ishlar bilan shug‘ullanadi. Yoshlar ittifoqi kelgusida Rossiya, Qozog‘iston, Koreya, Germaniya kabi davlatlarga borib, u yerlarda ham yoshlar faoliyatiga oid tajriba almashishni reja qilgan.

 

Yoshlar ittifoqi va O‘zbekistonning tashabbuskor yoshlari

Tadbirda Mustaqillik bayramining 26 yilligi oldidan Davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan yoshlar ham ishtirok etishdi. Ularning shijoatiga havas qilsa arziydi, faol yoshlar qator g‘oyalarni ilgari surgan holda, yangidan-yangi takliflar bildirishdi. Jumladan, Yoshlar teleradiokanalida yoshlar bilan onlayn muloqotni yo‘lga qo‘yish, OTMning kirish imtihonlaridan o‘ta olmay, tushkunlikka tushgan 60 mingdan ziyod yoshning taqdiriga befarq bo‘lmaslik, chekka qishloqlardagi yoshlarning muammolarini hal qilish uchun mahalla, tuman rahbarlarini taklif qilib, masalalarni joyida hal qilish, O‘zbekistonda suratkashlar uyushmasini tashkil qilish, bilimli, lekin muayyan sabablarga ko‘ra ishsiz yoshlarni ishga joylashtirishda ko‘mak berishga doir savol va takliflar berildi.

Foto: KUN.UZ

Ta'kidlash joizki, ikki kishining ish bilan bog‘liq muammosi Yoshlar press klubining o‘zidayoq hal qilindi, ularning biri - otasiz voyaga yetgan, ko‘p qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazgan yigitga hatto 20 million so‘m foizsiz kredit beriladigan bo‘ldi.

 

"Har bir yosh kamida ikkita chet tilini o‘rganishi kerak"

Shuningdek O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyevning aytishicha, O‘zbekistondagi 194 kollej Yoshlar ittifoqi faoliyatiga jalb qilinadi. Maktablarda ham iqtidorli yoshlar ittifoqini tashkil qilish ko‘zda tutilgan. Raisning so‘zlariga ko‘ra, Yoshlar ittifoqi "Har bir yosh kamida ikkita chet tilini o‘rganishi kerak", degan g‘oyani ilgari surmoqchi.

 

Tadbirdagi kamchiliklar

Yoshlar press klubining taqdimot marosimi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Markaziy Kengashida soat 17:30da boshlanishi kerak edi. Belgilangan vaqtda tashkilotchilar, yoshlar va jurnalistlar o‘z joyida, biroq spikerlardan birining kechikishi natijasida press-klubning ilk tadbiri 17:30 emas, 19:25da boshlandi - deyarli ikki soatga kechikdi va 22:00dan oshganda tugadi!

Foto: KUN.UZ

"Yaxshiyamki, jonli efir emas" degan gaplar chalindi quloqqa. Jonli efir emasligi uchunmi yoki hayajondanmi, xatoliklarga ko‘p yo‘l qo‘yildi - kirish qismi qolib, asosiy maqsadga o‘tib ketildi, keyin kirish qismida aytiladigan gaplarga qaytildi, texnik nosozliklar ko‘zga tashlandi - bir videolavha naq uch marta e'lon qilindi. Uyushqoqlik yetishmagandek go‘yo... Biroq yoshlarning shijoati, ularning ko‘zida o‘t chaqnab turishi, g‘oyalar bilan "yonishi"dan Yoshlar press klubining kelajagiga katta umid qilsa bo‘ladi, qolganini esa vaqt ko‘rsatadi.

Mavzuga oid