Jamiyat | 11:02 / 02.09.2017
16270
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganlik 114 yoshli onaxon «Shuhrat» medali bilan mukofotlandi

Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida istiqomat qiluvchi 114 yoshli Xadiyaxon Xoshimova O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga ko‘ra «Shuhrat» medali bilan mukofotlandi.

Onaxonni Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov taqdirladi.

Xadiyaxon Xoshimovaning umumiy mehnat staji 41 yilni tashkil etadi, 1965 yildan buyon pensiyada.

U dastlab hududda jamoa xo‘jaligi tashkil etish ishlarida faol qatnashgan. Tumanda birinchilardan bo‘lib pilla yetishtirish sir-asrorlarini o‘zlashtirgan hamda pillachilikni rivojlantirishda jonbozlik ko‘rsatgan. 

Urush yillari front ortini mustahkamlash, xalq ho‘jaligi ishlarini to‘xtatmaslik, jangchilarni qiyim-bosh va oziq-ovqat bilan ta'minlash  ishlarida barcha xotin-qizlar kabi kechayu-kunduz tinimsiz mehnat qilib, frontga har tomonlama madad ko‘rsatgan. 

Urushdan keyingi tiklanish yillarida ham xo‘jalik iqtisodiyotini mustahkamlash, mehnatkashlar turmush sharoitini yaxshilash ishlariga katta hissa qo‘shgan. Qariyb oltmish yillik mehnat faoliyati davomida tumanda paxtachilik, chorvachilik, pillachilik, poliz yetishtirish sohalarida ishlagan.

Piru-badavlat onaxon ayni damda 3 nafar farzandi, 13 nafar nabirasi, 19 nafar chevarasi davrasida umrguzaronlik qilmoqda. 

Mavzuga oid