Sport | 19:40 / 02.09.2017
54288
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston bokschilari Jahon chempionatlarida: Barcha sovrindorlarimiz

AIBA shafeligi ostida 1974 yilda Kuba poytaxti Havana shahrida ilk bor o‘tkazilgan jahon chempionati, avvaliga har to‘rt yilda — yozgi olimpiada o‘yinlaridan keyingi ikkinchi yilda tashkillashtirilgan. AQShning Reno shahrida 1986 yilda o‘tkazilgan jahon chempionatidan keyin uch yil o‘tib, 1989 yilda Moskvada tashkillashtirilgan va o‘shandan beri har toq yillarda o‘tkazib kelinmoqda.

Jahon chempionatlarida kubalik bokschilar azaldan yetakchilik qilib kelishini hammamiz bilamiz. Keyingi yillarda O‘zbekiston bokschilari ham jahon aro yetakchilar safida borayotgani kishini quvontirmasdan qolmaydi.

Jumladan Hamburgda o‘tayotgan jahon chempionatida biryo‘la to‘rt bokschimiz final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Bunaqasi hali tarixda bo‘lmagan. Agar to‘rtala bokschimiz ham g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, umumjamoa hisobida O‘zbekiston birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishi aniq. Chunki barcha bokschilarimizning raqiblari Kubadan, bu mamlakatdan jami 7 nafar bokschi finalga chiqishgan.

Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng vakillarimiz ilk bor 1993 yilda Finlyandiyaning Tampere shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatidan o‘z ishtiroklarini boshlashgan. O‘zbekiston terma jamoasi a'zosi Hikmatulla Ahmedov 51 kg.gacha vaznda finalgacha yetib borib, kubalik Valdemar Fontga boy bergan. Umumjamoa hisobida O‘zbekiston 8-o‘rinni egallagan.

1995 yili Berlin (Germaniya) da o‘tgan jahon chempionatida O‘zbekiston vakillari ikkita bronza medalni qo‘lga kiritishgan: 67 kg.gacha vaznda Narimon Otayev, 75 kg.gacha vaznda Dilshodbek Yorbekov yurtimizga medal bilan qaytishgan. Umumjamoa hisobida O‘zbekiston 13-o‘rinni egallagan.

1997 yili Budapesht (Vengriya) da tashkillashtirilgan jahon chempionatida vakillarimiz birorta medalni qo‘lga kirita olishmagan.

1999 yili AQShning Hyuston shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida yurtimiz vakillari uchun eng sermahsuli bo‘lib turibdi. 57 kg.gacha vazn toifasida To‘lqinboy Turg‘unov finalda mezbon Rikardo Xuarezga imkoniyatni boy berib kumush medal bilan taqdirlangan bo‘lsa, 63,5 kg.gacha vazn toifasida Muhammadqodir Abdullayev fransiyalik Villi Bleyn, 75 kg.gacha bo‘lgan O‘tkirbek Haydarov ruminiyalik Adrian Diakonu ustidan g‘alaba qozonib, oltin medallarga sazovor bo‘lishgan. Umumjamoa hisobida O‘zbekiston 4-o‘rindan joy olgan.

2001 yili Shimoliy Irlandiyaning Belfast shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida vakillarimiz bitta oltin, bitta kumush va bitta bronza medal bilan umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egallashgan. Finalda 91 kg.dan ortiq vaznda Ruslan Chagayev ukrainalik Aleksey Masikin ustidan g‘alaba qozongan bo‘lsa, 75 kg.gacha vazn toifasida O‘tkirbek Haydarov rossiyalik Andrey Gogloyevga imkoniyatni boy berib, kumush medalga sazovor bo‘lgan edi. 67 kg.gacha vazn toifasida Sherzod Husanov bronza medalini egallagan.

Foto: Chempionat

2003 yili Tailand poytaxti Bangkok shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 69 kg.gacha vazn toifasida Sherzod Husanov kumush medalni qo‘lga kiritgan. Finalda u kubalik Lorentso Aragonga qarshi jang o‘tkazgan. 91 kg.dan ortiq vazn toifasida Rustam Saidov va 64 kg.gacha bo‘lgan vazn toifasida Bahodirjon Sultonov bronza medalini qo‘lga kiritishgan. Umumjamoa hisobida O‘zbekiston 8-o‘rinni egallagan.

2005 yili Xitoyning Mianyang shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida ham vakillarimiz bitta kumush ikkita bronza bilan qanoatlanishgan — umumjamoa hisobida 7-o‘rin. 64 kg.gacha vazn toifasida Dilshod Mahmudov finalda qozog‘istonlik Serik Sapiyevdan yengilgan. Yarimfinalchilar — 81 kg.gacha vazn toifasida O‘tkirbek Haydarov, 91 kg.gacha vazn toifasida Jasur Matchanov bronza medal bilan taqdirlanishgan.

2007 yili AQShning Chikago shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida vakillarimiz faqat birgina oltin medalni qo‘lga kiritishgan. 81 kg.gacha vazn toifasida Abbos Atoyev finalda rossiyalik Artur Beterbiyev ustidan g‘alaba qozongan. Ushbu yagona oltin medal hisobiga O‘zbekiston umumjamoa hisobida 7-o‘rinni egallagan.

2009 yilda Italiyaning Milan shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi jahon chempionatida O‘zbekiston umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egallagan. Vakillarimiz bitta oltin, bitta kumush va ikkita bronza medalini qo‘lga kiritishgan. Abbos Atoyev o‘z vaznida armanistonlik Andranik Hakobyanni finalda mag‘lub etgan bo‘lsa, Elshod Rasulov asosiy jangda Artur Beterbiyevga yengilgan. Yarimfinalchilarimiz — Bahodirjon Sultonov va Botirjon Mahmudov bronzaga ega chiqishgan.

2011 yili Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida bor-yo‘g‘i 2ta bronza medal qo‘lga kiritilgan. Jasurbek Latipov va Elshod Rasulov yarim finaldan qaytishgan. Umumjamoa hisobida 12-o‘rin.

2013 yili Qozog‘istonning Almati shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 1ta kumush va 1ta bronza qo‘lga kiritilgan. Jasurbek Latipov finalda rossiyalik Misha Aloyanga imkoniyatni boy bergan, Oybek Mamazulunov esa yarim finaldan qaytgan. Umumjamoa hisobida 6-o‘rin.

2015 yili Qatar poytaxti Dohada bo‘lib o‘tgan avvalgi jahon chempionatida vakillarimiz 3ta kumush 3ta bronza medalni egallagan. Garchi jami 6ta medal bilan ko‘rsatkichlarimiz Kubadan so‘ng (7 ta medal) 2-o‘rinda bo‘lsa-da, ularning sifatiga ko‘ra umumjamoa hisobida 7-o‘rin egallangan. Murodjon Ahmadaliyev finalda irlandiyalik Maykl Kolanga, Fazliddin G‘oyibnazarov rossiyalik Vitaliy Dunaytsevga, Bektemir Meliqo‘ziyev kubalik Arlen Lopezga yutqazishgan. Yarim final ostonasidan qaytib, bronza medalni qo‘lga kiritgan bokschilarimiz esa Elnur Abduraimov, Elshod Rasulov va Bahodir Jalolov bo‘lgan.

Bugungi finalchilarimiz ichida Jasurbek Latipov ancha tajribali hisoblanadi. U shu paytgacha jahon chempionatlarining bronza va kumush medalini qo‘lga kiritgan. Unga va qolgan bokschilarimizga ham janglarda g‘alaba qozonib, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishni tilab qolamiz.

Sh.Shokirjonov tayyorladi.

Mavzuga oid